Raxmonova Madinaxon Kimsanboevnaning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Olma mevaxo‘ri (Carpocapsa pomonella L.) bioekologiyasi va uning miqdorini boshqarishda uyg‘unlashgan kurash tizimini ishlab chiqish», 06.01.09–O‘simliklarni himoya qilish (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Qx356.

Ilmiy rahbar: Sulaymonov Botirjon Abdushukirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, prof., akademik.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti Andijon filiali.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Amanov Shuxrat Baxtiyorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Dusmanov Samiddin Eshmatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘rmonchilik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Andijon viloyati sharoitida olma mevaxo‘rining tarqalishi, populyasiyasining rivojlanish dinamikasi va xo‘jayin-entomofag munosabatlarining shakllanishi, samarali entomofag tur tarkibi, ularning miqdorini boshqarishda uyg‘unlashgan kurash chora-tadbirlarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor olma mevaxo‘rining (Carpocapsa pomonella L.) Andijon viloyati sharoitida biologik xususiyatlari, fenologik rivojlanish muddatlari, hududlar bo‘yicha populyasiyalarining tarqalishi va zichligi aniqlangan;

ilk bor olma mevaxo‘rining Andijon viloyati sharoitida ikki tur parazitlari Elasmus albipennis va Dibrachys cavus turlari aniqlangan va sistematik tahlil qilingan;

bog‘ agrobiotsenozida entomofag-xo‘jayin munosabatlarining shakllanishi, ular nisbatlarining o‘zgarishida turli omillarning ta’siri isbotlangan;

olma mevaxo‘rining rivojlanish dinamikasi, zararkunanda miqdorini boshqarishda turli feromon tutqichlardan foydalanish samaradorligi aniqlangan;

olma mevaxo‘ri miqdorini boshqarishda parazit entomofaglarni ko‘paytirish, qo‘llashning samarali muddat va me’yorlari ishlab chiqilgan;

yangi turdagi insektisidlarni olma mevaxo‘riga qarshi qo‘llash muddatlari va biologik samaradorligi hamda olma mevaxo‘rining pestisidlarga nisbatan chidamlilik darajasi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Olma mevaxo‘ri (Carpocapsa Pomonella L.) bioekologiyasi va uning miqdorini boshqarishda uyg‘unlashgan kurash usullarini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:

olma mevaxo‘rining samarali entomofaglarini ko‘paytirish va qo‘llash texnologiyasi Andijon viloyati Andijon tumanidagi «Biokimyo intensiv» mas’uliyati cheklangan jamiyati, Izboskan tumanidagi Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI Andijon ilmiy-tajriba stansiyasi va «G‘.Qambarov bog‘i» fermer xo‘jaligidagi olma bog‘larida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/030-300-son ma’lumotnomasi). Natijada urug‘mevali bog‘larda olma mevaxo‘ri miqdori 65,0 foizga kamayishiga erishilgan;

urug‘ mevali bog‘larda olma mevaxo‘ri miqdori ortganda ular miqdorini boshqarishda samarali kimyoviy vositalar va ularni qo‘llashning maqbul me’yori va muddatlari Andijon, Izboskan tumanlari bog‘dorchilik xo‘jaliklarida jami 69,8 gektar maydonda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/030-300-son ma’lumotnomasi). Natijada olma hosildorligi gektariga 60,2 sentnergacha oshgan va qo‘shimcha 12–13 sentner hosil zararkunandadan saqlab qolingan;

urug‘ mevali bog‘larda olma mevaxo‘ri miqdorini boshqarishda uyg‘unlashgan kurash choralari Andijon viloyati «G‘.Qambarov bog‘i» fermer xo‘jaligida 8 gektar, Akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ITI Andijon ilmiy-tajriba stansiyasida 45 gektar olma bog‘larida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 17 noyabrdagi 02/030-300-son ma’lumotnomasi). Natijada har bir gektar olma bog‘idan 25–30 foizgacha sof daromad olish imkoniyati yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish