Yuldashov Mansur Arzikulovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonning turli tipdagi suv havzalarida baliq mahsuldorligini oshirishning biologik asoslari», 03.00.15–Ixtiologiya (biologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/V35.

Ilmiy maslahatchi: Karimov Baxtiyor Kuramboevich, biologiya fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Baliqchilik ilmiy-tadqiqot  instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Zoologiya instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.52.01 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.

Rasmiy opponentlar: Xolboev Faxriddin Raxmonkulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Boymuradov Xusniddin Toshboltaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Dadaev Saydulla, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot nomi: Buxoro davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonning turli tipdagi suv havzalari baliq mahsuldorligini oshirish hisobiga baliq etishtirish hajmini ko‘p marta oshirishning biologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

tekislik qismdagi asosiy baliqchilik havzalari tabiiy ozuqa bazasining sifat va miqdor ko‘rsatkichlari aniqlangan;

baliqchilikning asosiy ko‘rsatkichlari va baliq o‘stirish jadalligining turli darajalari bilan bog‘liq holda turli suv tipdagi havzalarda baliqchilik tizimini tashkil qilishning samaradorligi ochib berilgan;

baliqchilik omillarining jadalligini o‘zgartirish orqali karpsimon baliqlar hovuz polikul`tura texnologiyasining mahsuldorligini oshirish yo‘llari aniqlangan;

suv zahiralari xarakteriga bog‘liq holda intensiv akvakul`tura uchun eng istiqbolli yo‘nalishi sifatida qafas akvakul`turasi tizimi isbotlangan va sun’iy beriladigan ozuqa, ular sifatining hamda oziqlantirish usullarining boqish intensivligidagi ahamiyati asoslangan;

tog‘ oldi zonalari keng miqyosda oqar suv basseynlarida qafaslarda sovuq suv baliqchiligini rivojlantirish va mahsuldorligini oshirish yo‘llari isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

O‘zbekistonning turli tipdagi suv havzalarida baliq mahsuldorligini oshirishning biologik asoslari bo‘yicha olingan natijalar asosida:

baliqchilik xo‘jaliklarida suv havzalariga muntazam ravishda o‘tkazib turilishi lozim bo‘lgan baliqlarning turlar bo‘yicha ishlab chiqilgan me’yorlari Navoiy viloyati «Akva-To‘dako‘l» qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/026-59-son ma’lumotnomasi). Natijada suv omborida o‘rtacha baliq mahsuldorligini gektariga 40 kg gacha oshirish imkonini bergan;

sanoat akvakul`turasi asosida baliq o‘stirishning tayanch texnologiyasi Jizzax viloyati «Abduxalil ota» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/026-59-son ma’lumotnomasi). Natijada sanoat akvakul`turasi asosida 1 m3 hajmdagi joydan 92 kg afrika laqqa balig‘i va 50 kg karp balig‘i etishtirish imkonini bergan;

akvakul`turaning resirkulyasion tizimida baliqlarni sanoat baliqchiligi sharoitida o‘stirishning biologik asoslari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Navoiy viloyati «Akva-To‘dako‘l» qo‘shma korxonasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/026-59-son ma’lumotnomasi). Natijada, tovar baliqlarni o‘stirishda foydalanilmasdan, ota-ona baliqlar to‘dasining qishlashini tashkil qilish va ulardan erta bahorda sun’iy urchitish yo‘li orqali nasl olish hamda olingan baliq chavoqlarini vegetatsiya davri boshlanganiga qadar parvarishlash uchun foydalanish asosida suv havzalari mahsuldorligini oshirish imkonini bergan;

qafas akvakul`turasi uchun ishlab chiqilgan tayanch texnologiya Buxoro viloyati «Muborak Buxoriy» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 30 apreldagi 01/026-59-son ma’lumotnomasi). Natijada, baliqlarni tayanch texnologiyalar asosida tayyorlangan granulalangan em bilan boqib 75 m3 suv havzasidan 1800 kg yoki 24 kg/1m3 baliq mahsuldorligiga erishish imkonini bergan;

sovuq suv baliqchiligida kamalak rang forel etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyati «Xonbaliq» MChJda amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi «O‘zbekbaliqsanoat» uyushmasining 2018 yil 17 apreldagi 07/562-son ma’lumotnomasi). Natijada sovuq suv baliqchiligida forel` mahsuldorligini 0,2 kg/m3 dan 20–40 kg/m3 ga oshirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish