Ikramova Malika Raximberdievnaning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tekislik daryolari oqim hajmini boshqarish va daryo o‘zanining qayta shakllanishi», 05.09.07–Gidravlika va muhandislik gidrologiyasi (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/T66.

Ilmiy maslahatchi: Muxamedov Amin Muxamedovich, texnika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, DSc.27.06.2017.T.10.02.

Rasmiy opponentlar: Maxmudov Ernazar Jumaevich, texnika fanlari doktori, professor; Xujaev Ismatilla Kushaevich, texnika fanlari doktori, professor; Xikmatov Fazliddin Xikmatovich, geografiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: tekislik daryolaridagisuv omborlari ish rejimini takomillashtirish, daryodan irrigatsiya kanallariga to‘g‘onsiz suv olish sharoitini yaxshilovchi o‘zan rostlovchi inshootlarning yangi ratsional konstruksiyalarini ishlab chiqish va ularni gidravlik hisoblash usullarini takomillashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

suv omborlari majmuasi ish rejimining gidravlik modeli va hisoblash dasturi yilning suvlilik darajasi, oqiziq va cho‘kindilar harakati hamda suv ombori sig‘imi o‘zgarishini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;

suv omborining loyqa bosishini va undagi suv balansini hisoblash usuli suv sathining o‘zgarishi va suv yo‘qotishlarni e’tiborga olgan holda ishlab chiqilgan;

rostlangan daryo o‘zanidan to‘g‘onsiz suv olishda ikki fazali turbulent oqim harakatining gidravlik modeli va hisoblash usuli Nav`e-Stoks tenglamasini uyurma va oqim funksiyasi orqali ifodalash asosida takomillashtirilgan;

daryo oqimining to‘g‘onsiz suv olish inshootlari zonasidagi oqim rejasini qurish, kinematik xarakteristikalari va o‘zan deformatsiyasini hisoblash usullari o‘zan rostlovchi inshootlarning oqim yo‘nalishiga va oqiziqlarga ta’sirini hisobga olgan holda takomillashtirilgan;

daryodan to‘g‘onsiz suv olishda oqimni irrigatsiya kanallariga yo‘naltiruvchi suv olish inshootining ratsional konstruksiyasi oqiziqlarning kanalga kirishini kamaytirish va suv sathi komanda gorizontini ko‘tarishni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan;

cuv ombori tubi va daryo o‘zanining to‘g‘onsiz suv olish inshootlari zonasidagi morfologik xarakteristikalarini aniqlash uchun 3D formatda geoinformatsion modellashtirish usuli GAT texnologiyalar asosida ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Suv omborlari ish rejimini takomillashtirish va daryodan to‘g‘onsiz suv olishda o‘zan rostlashning hisoblash usullarini takomillashtirish bo‘yicha olingan natijalar asosida:

rostlangan o‘zanidan to‘g‘onsiz suv olishda oqim harakatlanish tenglamasining sonli echimi algoritmi va hisoblash usuli, o‘zan deformatsiyasi va mahalliy yuvilish chuqurligi, o‘zan deformatsiyasining plandagi o‘lchamlarini aniqlash usuli Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Amudaryo havza suv xo‘jaligi birlashmasi tomonidan Amudaryo quyi oqimida joylashgan to‘g‘onsiz suv olish inshootlari uchun joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil  6   noyabrdagi  01/18-2159-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘orish kanallariga suv olishda oqimni yo‘naltiruvchi inshootlar yordamida suv sathini ko‘tarish orqali olinayotgan suv miqdorini 6–8 foizgacha ko‘paytirish imkoni yaratilgan;

suv omborlarining takomillashgan ish rejimi O‘zan suv omborini loyqa bosishini va gidrouzel quyi b`efida to‘g‘on oldi uchastkasida daryo profilining o‘zgarishini hisoblash usuli Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Tuyamuyun gidrouzeli ekspluatatsiyasi boshqarmasi tomonidan Tuyamuyun suv omborlari uchun joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil   6 noyabridagi 01/18-2159-son ma’lumotnomasi). Natijada takomillashgan ish rejimi suv kam yillarda suv bilan ta’minlanganlikni 2–2,3 km3 (36%)ga, o‘rtacha suvlilikda 0,5–0,67 km3 (5–6%)ga ko‘tarish, suv ko‘p yillarda suv omboridan 200–280 mln. m3 loyqa yuvilishi hamda 250-310 mln. m3 oqiziqlar tranzit bo‘lishi imkoni yaratilgan;

irrigatsiya tizimining GAT ma’lumotlar bazasi va operativ qaror qabul qilishni qo‘llovchi kompyuter dasturi Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Quyi Amudaryo Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasining Qizketken-Kegeyli irrigatsiya tizimlari boshqarmasi tomonidan joriy qilingan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 noyabrdagi  01/18-2159-son ma’lumotnomasi). Natijada irrigatsiya tizimining ekspluatatsion samaradorligini oshirish hisobiga suv yo‘qotishlar hajmini 10–15 foyizgacha kamaytirish imkoni yaratilgan;

suv omborlari va suv olish inshootlari hududida o‘zan morfologiyasining 3D formatdagi GAT modellari, daryo uchastkalari bo‘yicha suv balansini hisoblash uchun kompyuter dasturi, GAT modellari asosida ma’lumotlar bazasini yaratish yuzasidan tavsiyalar Suv xo‘jaligi vazirligi tasarrufidagi Amudaryo chap qirg‘oq Irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tomonidan Amudaryoning Tuyamuyun-Kipchoq uchastkasidagi suv olish inshootlari uchun joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 6 noyabrdagi  01/18-2159-son ma’lumotnomasi). Natijada suv resurslarini to‘g‘ri taqsimlash, balans uchaskalar doirasida suv bilan ta’minlanganlik darajasini aniqlash, suv taxchilligida suvni tezkor qayta taqsimlash hamda suv yo‘qotishlarni kamaytirish evaziga 320–400 mln. m3 suvni tejash, 35–47 ming ga maydonning suv ta’minotini yaxshilash imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish