Berdinazarov Zafar Ulashovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston Respublikasi valyuta siyosati metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit, 08.00.02–Makroiqtisodiyot (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.1.DSc.Iqt9.
Ilmiy maslahatchi: Olimjonov Odil Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti va Bank-moliya akademiyasi, DSc.27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Jumaev Nodir Xosiyatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Sirojiddinov Nishonboy, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Sattarov Odiljon Berdimuratovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: valyuta siyosati metodologiyasini takomillashtirishga qaratilgan ilmiy-uslubiy va amaliy takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
valyuta siyosati, valyuta kursi kanali hamda pul-kredit rejimi transmissiya mexanizmlarini erkin valyuta kursi sharoitiga o‘tkazish asosida metodologik yondashuvlar takomillashtirilgan;
valyuta kursini shakllantirishning o‘rta va uzoq muddatli prognoz ko‘rsatkichlarini aniqlashda tashqi savdo balansining real effektiv ayirboshlash kursiga nisbatan elastiklik ko‘rsatkichlaridan foydalanish metodologiyasi ishlab chiqilgan;
ARCH oilasi modeli orqali valyuta kursi tebranishini 2019-2021 yillar uchun prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan;
pul-kredit va valyuta siyosatining moliya va fond bozori faoliyatiga, tijorat banklari likvidligiga hamda iqtisodiyot real sektoriga ta’siri samaradorligini yanada oshirish maqsadida Markaziy bankning foiz siyosati instrumentlari turini, xususan, diskont, hisob, samarali fond bozori, overnayt, repo kabi stavkalarini joriy qilish yo‘llari asoslangan;
inflyasion targetlash rejimiga o‘tish uchun zaruriy shart-sharoitlarni, xususan, regulyatorning institusional mustaqilligini, iqtisodiy, moliyaviy va texnik infratuzilmalar yaratishga tizimli yondashuv ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘zbekiston Respublikasi valyuta siyosati metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
valyuta siyosatini xalqaro standartlar darajasida takomillashtirishning yangi konseptual asoslarini ishlab chiqish; valyuta kursini shakllantirishning o‘rta va uzoq muddatli prognoz ko‘rsatkichlarini aniqlashda tashqi savdo balansining real effektiv ayirboshlash kursiga nisbatan elastiklik ko‘rsatkichlaridan foydalanish; pul-kredit va valyuta siyosatining moliya bozoriga ta’siri samaradorligini yanada oshirish maqsadida bank tizimi amaliyotiga hisob stavkasi, samarali fond bozori operatsiyalari stavkasi, repo va boshqa foiz stavkalarini joriy qilish hamda valyuta siyosatidagi qonunchilik munosabatlarini yanada takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflardan Markaziy bankning valyuta siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2018 yil 29 maydagi 11-03/167-son, 2018 yil 10 avgustdagi 11-09/231-son ma’lumotnomalari). Mazkur takliflar valyuta siyosatini liberallashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini belgilash, valyuta kursini erkinlashtirish, valyuta operatsiyalariga xizmat ko‘rsatish sifatini yanada oshirish imkonini bergan.
jismoniy shaxslar tomonidan chet el valyutasini sotish va sotib olish mexanizmlarini takomillashtirish, jismoniy shaxslarning Visa Card, Master Card, Union Pay va boshqa nomdagi chet el valyutasi plastik kartalaridagi mablag‘larini mamlakat ichki pul aylanmasiga faol jalb qilish va undan samarali foydalanish maqsadida ushbu turdagi kartalar mablag‘larini onlayn konvertatsiya qilish orqali respublikamizdagi mavjud yirik savdo va xizmat ko‘rsatish markazlarida («Korzinka», «Makro», «Poytaxt» va h.k.) xaridlarni amalga oshirish shart-sharoitlarini yaratish taklifi «O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki» aksiyadorlik tijorat banki faoliyatida foydalanilgan («O‘zbekiston Sanoat-qurilish banki» aksiyadorlik tijorat bankining 2018 yil 30 iyuldagi 04-27-666/6326-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifning amaliyotga tatbiq etilishi tijorat banklariga valyuta operatsiyalariga samarali xizmat ko‘rsatish va ularning sifatini oshirish imkoniyatini yaratgan;
chakana savdo va pullik xizmatlar ko‘rsatish tizimida qulay to‘lov xizmatlarini yanada takomillashtirish va rivojlantirish, jumladan, naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini maqbullashtirish, ular o‘rtasidagi tafovutlarga barham berish, plastik kartalar muomalasi bilan bog‘liq hisob-kitoblar mexanizmida to‘lovlar uzluksizligini ta’minlash; bank xizmatlari ommabopligi va shaffofligini yanada oshirish va rivojlantirish, shu jumladan, iste’molchilarga ko‘rsatiladigan bank xizmatlarining xolisligi, turfaligi, qulay va tezkorligi, kamxarjligi hamda xatarga tortilish darajasining pastligini rag‘batlantiruvchi mexanizmlarni takomillashtirish taklifi «Hamkorbank» chet el kapitali ishtirokidagi aksiyadorlik tijorat banki faoliyatida foydalanilgan («Hamkorbank» chet el kapitali ishtirokidagi aksiyadorlik tijorat bankining 2018 yil 1 avgustdagi 931/15-0202-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning joriy qilinishi muomaladagi naqd pul muammosining bartaraf etilishiga, naqd va naqd pulsiz hisob-kitoblar o‘rtasidagi tafovutlarning barham topishiga xizmat qilib, buning natijasida naqd pul muomalasi bilan bog‘liq operatsiyalar hajmi ikki barobardan ziyod miqdorga oshgan;
xalqaro hisob-kitoblar tizimida risklarni kamaytirish va samarali raqobatlashish maqsadida tijorat banklari operatsiyalarining barcha yo‘nalishlarida xalqaro hisob-kitoblar platformasiga turdosh hisoblangan milliy to‘lov tizimi platformasini joriy qilish taklifi «Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat banki faoliyatida («Kapitalbank» aksiyadorlik tijorat bankining 2018 yil 8 avgustdagi 12/00677-P-son ma’lumotnomasi) hamda yuridik va jismoniy shaxslar uchun chet el valyutasidagi singari korporativ xalqaro plastik to‘lov kartalari o‘rnini bosa oladigan raqobatbardosh milliy valyutadagi xalqaro to‘lov kartalarini joriy qilish to‘g‘risidagi taklifi «Turonbank» aksiyadorlik tijorat banki faoliyatida foydalanilgan («Turonbank» aksiyadorlik tijorat bankining 2018 yil 9 avgustdagi 11/04-410-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflar tijorat banklarining xalqaro to‘lov tizimlaridagi risklarini kamaytirish, ularga bog‘liqlik darajasini optimallashtirish, raqobatbardoshligini oshirish va xavfsizligini ta’minlashga xizmat qilishi inobatga olingan.