Yuldasheva Dildora Dalikuzievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tajribaviy tireotoksikozda qon xususiyati hamda jigar va buyrak mikrotsirkulyasiyasi», 14.00.16–Normal va patologik fiziologiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.3.PhD/Tib744.
Ilmiy rahbar: Iriskulov Baxtiyor Uktyamovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent tibbiyot akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06. 2017.Tib.30.03.
Rasmiy opponentlar: Yuldashev Nosir Muxamedjonovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Urmanova Yulduz Maxkamovna, tibbiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tajribaviy tireotoksikoz sharoitida qon reologik xususiyatlari, jigar va buyrakdagi mikrotsirkulyator o‘zan holati o‘zgarishlarini baholashni takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tajribaviy tireotoksikozda eritrotsitlarning elektroforetik potensiali va eritrotsitlar “ζ”-potensiali tireotoksikoz muddati ortishiga bog‘liq ravishda pasayib borishi asoslangan;
qon reologik ko‘rsatkichlarining yaqqol namoyon bo‘lgan o‘zgarishlari qon oqimiga past bosim ta’sir etuvchi hududlarda kuzatilgan, almashinuv va olib ketuvchi tomirlar darajasida qon oqish tezligining keskin pasayishi va dinamik qovushqoqligining sezilarli ortishi aniqlangan;
jigar va buyrak mahalliy qon aylanish tizimlaridagi o‘zgarishlar periferik qondagi tiroksin konsentratsiyasi ortishiga mos ravishda rivojlanishi isbotlangan;
mahalliy qon aylanish tizimidagi o‘zgarishlar hududiy xosligi gidrodinamik bosim past bo‘lgan jigar parenximasida keskin namoyon bo‘lishi, tireotoksikoz rivojlanish muddati ortib borgan sari chuqurlashishi, tajribaning so‘nggi muddatlarida qayta tiklanmas strukturaviy buzilishlarga olib kelishi bilan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Tajribaviy tireotoksikozda qon xususiyati hamda jigar va buyraklar mikrotsirkulyasiyasi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
«Yuqori konsentratsiyali tiroksinning mikrotsirkulyasiya tizimiga ta’siri» uslubiy qo‘llanmasi tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 9 oktyabrdagi 8n-d/202-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma yuqori konsentratsiyadagi tiroksin ta’sirida yuzaga keluvchi mikrotsirkulyasiyaning o‘zgarishi, parenximatoz a’zolar faoliyatining buzilishi va qonning reologik ko‘rsatkichlari o‘zgarishining oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar ishlab chiqish imkonini yaratgan;
tajribaviy tireotoksikozda qon xususiyati hamda jigar va buyraklar mikrotsirkulyasiyasiga ta’siri bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash amaliyoti, jumladan, Toshkent davlat stomatologiya institutining ilmiy-amaliy markazi, Toshkent farmatsevtika instituti qoshidagi koordinatsion birikmalar sintezi va farmakologik-toksikologik tadqiqotlar laboratoriyasi amaliyotiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2019 yil 14 yanvardagi 8n-z/5-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalarning amaliyotga joriy qilinishi jigar va buyraklarda mikrotsirkulyasiya va qonning reologik xususiyatlari buzilishi, tireotoksikozda parenximatoz organlarda rivojlanishi mumkin bo‘lgan asoratlarning oldini olish va bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga xizmat qilgan.