Rajabov Dilshod Zaripovichning

filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbek xalq qo‘shiqlari tuzilishi: kompozisiya va obrazlilik», 10.00.08–Fol`klorshunoslik (filologiya fanlari ).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2014.3-4.Fil164.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro davlat universiteti.

Ilmiy maslahatchi: O‘raeva Darmonoy Saidaxmedovna, filologiya fanlari doktori, professor.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.30.08.2018.Fil.46.02.

Rasmiy opponentlar: Eshonqulov Jabbor, filologiya fanlari doktori; Yormatov  Isomiddin, filologiya fanlari doktori; Yoqubbekova Munavvara, filologiya fanlari doktori.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi:o‘zbek xalq qo‘shiqlarining badiiy-mavzuiy, ritmik-sintaktik, strukturaviy va ijro kompozisiyasini hamda kompozision komponentlarini, vaznini oydinlashtirishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘ziga xos she’riy tuzilishi, ijro usuli, ijrochilar tarkibi, hayotiy-maishiy vazifasiga ko‘ra xalq nasri janrlaridan farqlanib turuvchi qo‘shiqlarning kompozisiyasiga aloqador spesifik jihatlar aniqlanib, qo‘shiq ijrochiligining shakllanish asoslari va an’anaviylashuvi dalillangan;

turkiy xalqlar fol`kloridagi qo‘shiqlarning kompozisiyasi va obrazliligiga aloqador tipologik mushtarakliklar aniqlangan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlarida dispozisiya va kompozisiyani belgilash tamoyillari, ularda kompozisiyani shakllantiruvchi peyzaj, portret, monolog, dialog singari komponentlarning o‘rni va vazifalari asoslangan;

barmoq va aruz vaznidagi o‘zbek xalq qo‘shiqlarida strofik butunlikni yuzaga keltiruvchi badiiy vositalarga xos band qurilishi ko‘rinishlari hamda ijro tartibiga ko‘ra turlari belgilangan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlari kompozisiyasini tashkil etuvchi radif va hojib, naqarot va refren, alliteratsiya, anafora, anadiplosis, parallelizm hamda poetik sintaksisning badiiy matndagi vazifalari aniqshtirilgan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlarining ijro kompozisiyasi va obrazli strukturasi tekshirilib, tipologik jihatdan tasniflangan obraz va poetik so‘zning badiiy  matn strukturasidagi o‘rni ko‘rsatilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:

o‘zbek xalq qo‘shiqlarining badiiy-mavzuiy, ritmik-sintaktik, strukturaviy va ijro kompozisiyasini hamda kompozision komponentlarini, vaznini oydinlashtirish bo‘yicha olingan natijalari asosida:

xalq qo‘shiqlarida dispozisiya va kompozisiyani belgilash tamoyillari  va kompozisiyaning muhim komponentlari hisoblangan peyzaj, portret, monolog hamda  dialogning badiiy matnda tutgan o‘rniga doir xulosalardan   Samarqand davlat universitetida bajarilgan OT-F8-027 raqamli “Qo‘lyozma manbalarining milliy ma’naviy va adabiy meros targ‘ibotidagi ahamiyati” fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 15 noyabrdagi 4478-10-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek xalq qo‘shiqlarining kelib chiqish tarixi, tadrijiy rivoji va ijro jarayonida hududiy-lokal xususiyatlar kasb etishini asoslashga erishilgan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlarida barmoq va aruz vazni, band, poetik takrorning ko‘rinishlari, qofiya, radif va hojib, naqarot va refren, alliteratsiya, anafora hamda anadiplisosning vazifalariga oid nazariy qarashlardan  F-1-06 raqamli “Istiqlol davri o‘zbek adabiyotida Sharqu G‘arb adabiy an’analari sintezi” fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 6 sentyabrdagi 434-04-01-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq qo‘shiqlarining janriy-poetik, kompozision xususiyatlari, milliy so‘z san’atida qo‘shiqlarni yuzaga keltirgan ijtimoiy-psixologik, madaniy-ma’rifiy, badiiy-estetik omillar haqida ilmiy-nazariy xulosalar chiqarishga xizmat qilgan;

xalq qo‘shiqlarining ijro kompozisiyasi va strukturasida obrazlar o‘rni, parallelizm va poetik sintaksisga oid ilmiy-nazariy xulosalardan F1 XT-0-19919 raqamli “O‘zbek mifologiyasi va uning badiiy tafakkur taraqqiyotida tutgan o‘rni” fundamental loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 88-87-2458/04-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar o‘zbek xalq qo‘shiqlarida dispozisiya va kompozisiya butunligini asoslash orqali obrazlilik, poetik struktura, qo‘shiq matni semantik maydonida badiiy so‘zning o‘rni va rolini ko‘rsatish orqali mifologik tasavvurlarning badiiy tafakkur tadriji takomilini aniqlashga imkon yaratgan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlarida dispozisiya va kompozisiyani belgilash tamoyillari, ularda kompozisiyani shakllantiruvchi peyzaj, portret, monolog, dialog singari komponentlarning umumlashma fikrlardan Turkiya jumhuriyati Karabuk universitetining turkiy xalqlar fol`klori materiallari asosidagi ilmiy tadqiqot ishlarini bajarishda foydalanilgan (Karabuk universitetining 2018 yil 13 noyabrdagi 009/13-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotchilarga o‘zbek xalq qo‘shiqlarining turkiy xalqlar qo‘shiqlari tuzilishidagi o‘xshash va farqli jihatlari, tarixiy-genetik ildizlari mushtarakligi haqida ma’lumotlar berishga erishilgan;

o‘zbek xalq qo‘shiqlaridagi poetik obrazlar va ularning badiiy estetik xususiyatlariga doir ilmiy qarashlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining “Dolzarb mavzu”, “Qadriyat, urf-odat va an’ana”, “Navro‘z udumlari”, “Alla”  teleko‘rsatuv va radioeshittirishlarida xulosalardan foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “Buxoro” telekanalining 2018 yil 13 noyabrdagi 1/512-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq qo‘shiqlarining ma’rifiy-estetik ahamiyati, yosh avlod tafakkuri rivoji, dunyoqarashining takomilidagi o‘rni, yuksak etnopedagogik tarbiyaviy ahamiyati, ularning so‘z san’atidagi alohida o‘rni xususidagi xulosaviy fikr-qarashlar yanada kengroq ommalashgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish