Xabibullaev Bexzod Baxodirjanovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Ikkilamchi immuntanqislik holatlarida mahalliy xomashyolar asosida o‘simlik va sintetik moddalardan olingan yangi vositalarning immunotrop faolligi mexanizmi», 14.00.36–Allergologiya va immunologiya (tibbiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib210.

Ilmiy maslahatchi: Batirbekov Akram Anvarovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Immunologiya va inson genomikasi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Immunologiya va inson genomikasi instituti, DSc.30.08.2018.Tib.50.01.

Rasmiy opponentlar: Irsalieva Fatima Xusnutdinovna, tibbiyot fanlari doktori; Sirov Vladimir Nikolaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Shaxmurova Gul`nara Abdullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Rossiya Fanlar akademiyasi Ural bo‘limi Immunologiya va fiziologiya instituti Federal davlat ilmiy muassasasi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ikkilamchi immuntanqisliklarda mahalliy xomashyolar asosida o‘simlik va sintetik moddalardan olingan yangi vositalarning immunotrop faolligi mexanizmini aniqlashdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

o‘simlikdan olingan (sukromed, provid, biomayrin, bioftizoetam, kaspiy karelinasi, garmala) va sintetik (rux glyukonati) vositalarning immunmodullovchi ta’sir mexanizmi aniqlangan;

o‘simlikdan olingan va sintetik vositalar turli korpuskulyar antigenlarga (qo‘y, echki eritrotsitlari) antitana hosil bo‘lish jarayonini tezlashtirishi isbotlangan;

tadqiqotda qo‘llangan vositalar intakt sichqonlar va ikkilamchi immuntanqisligi (o‘tkir toksik gepatit, gemolitik anemiya, nur kasalligi) bo‘lgan jonivorlar qoratalog‘ida antitana hosil qiluvchi hujayralar sonini in vivo va in vitro tizimida oshirishi aniqlangan;

o‘simlikdan olingan va sintetik vositalar immunitetning markaziy (timus, ilik) va periferik (qorataloq, limfa tugunlari) a’zolarida hujayralar miqdorining ortishiga ta’siri isbotlangan;

o‘simlikdan olingan vositalar intakt va immuntanqisligi bo‘lgan jonivorlar qonida eritrotsitlar va leykotsitlar sonini ko‘paytirishi aniqlangan;

yallig‘lanishga qarshi va gipoglikemik vositalar immunologik va gematologik ko‘rsatkichlarini mutanosib ravishda me’yorlashtirishi aniqlangan;

o‘simlikdan olingan vositalar o‘tkir toksik gepatitda immunitet ko‘rsatkichlari o‘zgarishlariga immunmodullovchi ta’siri aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ikkilamchi immuntanqisliklarda mahalliy xomashyo asosida o‘simlik va sintetik olingan yangi vositalarning immunotrop faolligi mexanizmini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:

«Garmala va kaspiy karelinasi immunomodulyator sifatida qo‘llanilishining tajribaviy asoslanishi» mavzusidagi uslubiy qo‘llanma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 24 avgustdagi 8n-d/173-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma ikkilamchi immuntanqislik jarayonlarida immun tizimi holatini me’yorlashtirish uchun xizmat qilgan;

«Sukromed, provid, biomayrin va bioftizioetamlarning immunomodullovchi vositalar sifatida qo‘llash istiqbollari» mavzusidagi uslubiy qo‘llanma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 24 avgustdagi 8n-d/173-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma immunmodullovchi faollikka ega, mahalliy xomashyodan olinadigan zararsiz arzon dori vositalari bilan mamlakatimiz bozorini boyitishga imkon yaratgan;

«Rux glyukonatini immunomodullovchi vosita sifatida qo‘llash istiqbollari» mavzusidagi uslubiy qo‘llanma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 24 avgustdagi 8n-d/173-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy qo‘llanma ikkilamchi immuntanqislik jarayonlarida, o‘tkir toksik gepatit, gemolitik anemiya  va nurlanish jarayonlarida immunologik va gematologik ko‘rsatkichlar holatini me’yorlash uchun xizmat qilgan;

mahalliy xom ashyo asosida olingan yangi o‘simlik va sintetik vositalarning immunotrop faolligini baholash bo‘yicha olingan natijalar sog‘liqni saqlash tizimiga, jumladan Toshkent farmatsevtika institutining dori vositalarini tajriba laboratoriyasi va Toshkent tibbiyot akademiyasining oliy ta’lim muassasalari ilmiy tadqiqot laboratoriyasi  faoliyatiga tatbiq etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 21 noyabrdagi 8n-z/202-son ma’lumotnomasi). Tatbiq etilgan natijalar mahalliy xom ashyodan olingan, immunomodullovchi faollikka ega bo‘lgan o‘simlik dori vositalarini ishlab chiqarishga asos bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish