Soy Aleksey Olegovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qizilo‘ngach plastikasidan keyingi qizilo‘ngach choklarini chandiqli torayishining oldini olish va xirurgik davolash yo‘llari», 14.00.27–Xirurgiya (tibbiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Tib118.
Ilmiy rahbar: Nizamxodjaev Zayniddin Maxamatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Toshkent tibbiyot akademiyasi, DSc.27.06.2017.Tib.49.01.
Rasmiy opponentlar: Xakimov Murod Shavkatovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Ergashev Baxtier Berdalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: «A.N. Sizganov nomidagi Milliy xirurgiya ilmiy markazi (Qozog‘iston Respublikasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: kaminvaziv va jarrohlik davolash usullarini takomillashtirish hamda yangilarini ishlab chiqish orqali qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari bo‘lgan bemorlarni jarrohlik usulida davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
operatsiyadan keyingi asoratlar, jumladan, uzoq muddatlarda chandiqli torayishlar xavfi miqdorini kamaytirish imkonini beradigan qizilo‘ngach anastomozlarini shakllantirish usuli ishlab chiqilgan;
qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari bo‘lgan bemorlarni davolashning yangi rekonstruktiv operatsiya usuli ishlab chiqilgan;
faqat endoskopik nazorat bilan rentgenologik monitoringsiz bujlashni o‘tkazish uchun qizilo‘ngach buji takomillashtirilgan;
ezofagoplastika turi va qizilo‘ngach anastomozi variantiga qarab qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli torayishlari rivojlanishi xususiyatlari ochib berilgan;
qizilo‘ngach anastomozlari etishmovchiligi rivojlanishi chastotasi va uzoq muddatlardagi chandiqli torayishlari shakllanishi o‘rtasidagi patogenetik aloqa isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari bo‘lgan bemorlarni jarrohlik usulida davolashni yaxshilash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
«Qizilo‘ngach anastomozini qo‘yish usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 03944). Taklif etilgan usul operatsiyadan keyingi yaqin muddatlarda o‘ziga xos asoratlar miqdorini kamaytirish va uzoq natijalarni yaxshilash imkonini bergan;
«Qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalarini jarrohlik bilan davolash usuli» uchun Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 04834). Ishlab chiqilgan usul qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari sababli operatsiya qilingan bemorlardagi bevosita va uzoq natijalarni yaxshilash imkonini bergan;
«Qizilo‘ngach buji» uchun Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (№FAP 01130). Qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari bo‘lgan bemorlarda almashadigan zaytunlar bilan endoskopik bujlash bo‘yicha takomillashtirilgan metodika kam invaziv davolash natijalarini yaxshilash imkonini bergan;
qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli torayishlari bo‘lgan bemorlarni jarrohlik usulida davolash natijalarini yaxshilash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliy faoliyati, xususan, Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan jarrohlik ilmiy-amaliy tibbiyot markazining qizilo‘ngach va oshqozon bo‘limi, Andijon davlat tibbiyot institutining 3-sonli jarrohlik bo‘limiga joriy etilgan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 8 noyabrdagi 8n-d/239-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar ezofagogastroanastomozlar noqobilligi chastotasini 22,4%dan 8,5%gacha va ezofagokoloanastomozlarni 10,4%dan 2,3%gacha, shuningdek, qizilo‘ngach anastomozlari chandiqli strikturalari rivojlanishini 42,3%dan 19,8%gacha kamaytirish imkonini bergan.