Tojiboeva Ozoda Tohirovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Navoiy “Xamsa”sining nasriy bayonlari (prinsiplari, mezonlari, usullari)”. 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Fil37.
Ilmiy rahbar: Hamidov Hamidjon, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbek tili, adabiyot va fol`klori instituti, DSc.27.06.2017.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar:Salohiy Dilorom Isomiddin qizi, filologiya fanlari doktori, professor; Ergashev Qodirjon Otajonovich, filologiya fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Xamsa” dostonlarini nasriylashtirish qonuniyatlariga tayangan holda o‘zbek adabiyotidagi ilk nasriy bayon “Nasri Xamsai benazir”ning nasriy bayonchilik tarixida tutgan o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
nasriy bayonchilik tarixi, mumtoz matn zamiridagi ma’no ko‘lamdorligi va ularni anglab etish ehtiyoji, nasriy bayonlarning yaratilish zarurati, uning sharh, izoh, talqin, tabdil tushunchalaridan farqi va mushtarak jihatlari, ifoda usuli sifatidagi imkoniyat va noqisliklari dalillangan;
o‘zbek adabiyoti tarixidagi dastlabki nisbatan to‘liq nasriy bayon – “Nasri Xamsai benazir”ning manbalari aniqlanib, tavsiflangan, nasriy bayon muallifi Mir Maxdum ibn Shohyunusning ijodiy faoliyati o‘zi va zamondoshlari qayd etgan o‘n beshga yaqin toshbosma kitoblardagi ma’lumotlar asosida tiklangan;
“Nasri Xamsai benazir”da “Xamsa”dagi butunlik va boblar kompozision yaxlitligi, asar semantik strukturasida yetakchi vazifa bajaradigan qismlar saqlanishi hamda asliyat ma’nosi nasriy matnda tiklanishi masalalari “Saddi Iskandariy” va “Sab’ai sayyor” dostonlari misolida qiyosiy tekshirilib, nasriy bayondagi o‘zgarishlar sabablariga aniqlik kiritilgan;
nasriy bayon qilishdagi ifoda usullari va muallifning doston matnini qayta tiklash jarayonida kitobxonni ko‘zlab qo‘llagan usullari, o‘ziga xos badiiy mahorati, uning o‘z davrida “Xamsa” dostonlarini xalq orasida ommalashtirishdagi xizmati kabi masalalar yoritilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Navoiy “Xamsa”si nasriy bayonlarining yaratilish tarixini qo‘lyozma va toshbosma manbalar misolida qiyosiy o‘rganish natijalari asosida:
dostonlarning o‘zbek adabiyotidagi ilk nasriy bayonlari manbalari bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori institutida bajarilgan FA–F1–G039 raqamli “Alisher Navoiy (2 jildlik) va Abdulla Qodiriy qomuslarini yaratish” fundamental loyihasida foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2812-son ma’lumotnomasi). Qomusning “Navoiy va fol`klor” bo‘limiga “Zachin”; “Problematik maqolalar” bo‘limiga “Nasriy bayon”, “Nasri Xamsai benazir”; shuningdek, so‘zlik tarkibiga kiritilmagan “Xamsa”ning ayrim dostonlari nasriy bayonlarini yaratgan Umar Boqiy, Nosirxoja valadi Mansurxoja, Mahzun, Mir Maxdum; Navoiy asarlarini ko‘chirgan xattot va musavvirlar Muhammad Amin Kosoniy, Rahmatulloh o‘g‘li Abdushukur hayoti va faoliyatiga doir maqolalar qomusga kiritilgan. Natijada qomus tarkiban Navoiy ijodining o‘rganilishi bo‘yicha yangi maqolalar bilan boyigan;
nasriy bayonlar manbalarini o‘rganish va tabdil qilish kabi amaliy natijalardan O‘zR FA davlat Adabiyot muzeyida bajarilgan FA – F1-055746 raqamli “Markaziy Osiyo xalqlari qo‘lyozma yodgorliklarini tadqiq etish. O‘zbekiston shoir va yozuvchilari arxivini ilmiy tavsifi va nashr qilish” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2018 yil 24 oktyabrdagi 3/1255-2812-son ma’lumotnomasi). Muzey qo‘lyozmalar fondidan tabdil qilingan “Nasri Xamsai benazir” nashri muzeyning Navoiy zali bo‘limini toshbosma manba (№31) va uning nashri misolidagi yangi manbalar bilan boyishiga hissa qo‘shgan.