Jabbarov Zokirjon Qodirjonovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi  haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar etkazishga oid jinoyat-huquqiy normalarni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish (Ichki ishlar organlari faoliyati misolida)», 12.00.08–Jinoyat huquqi. Huquqbuzarliklarning oldini olish. Kriminologiya. Jinoyat-ijroiya huquqi (yuridik fanlar).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.PhD/Yu33.

Ilmiy rahbar: Otajonov Abrorjon Anvarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi,  DSc.27.06.2017.Yu.25.01.

Rasmiy opponentlar: Mirzaev Aziz Alisherovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Xoliqulov Umid Shodievich, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Harbiy-texnik instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar etkazishga oid jinoyat-huquqiy normalarni takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurolning qo‘llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxs xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi zarurligi asoslantirilgan;

jinoyat yoki ma’muriy huquqbuzarliklarga chek qo‘yish, xodimning qonuniy talablariga qarshilik ko‘rsatilishini bartaraf etish va boshqa usullar xodimning zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning bajarilishini ta’minlamasa, shaxsan o‘zi yoki bo‘linma (guruh) tarkibida jismoniy kuch ishlatish, shu jumladan kurashning jang usullarini qo‘llash huquqiga ega ekanligi asoslantirilgan;

ichki ishlar organi xodimi o‘zi yoki fuqarolar  hayotiga bevosita tahdid solayotgan xavf mavjud  bo‘lganida yoxud terrorchilik harakatlarini sodir etmoqchi bo‘lgan shaxslarni zararsizlantirishda o‘qotar qurolini ogohlantirishsiz qo‘llashi asoslantirilgan;

jismoniy kuch ishlatilganligi, maxsus vositalar va o‘qotar qurol qo‘llanilganligi natijasida fuqaroning hayoti, sog‘lig‘iga yoki jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkiga zarar etkazilgan bo‘lsa, xodim hodisa joyini o‘zgarishsiz saqlashi, holat to‘g‘risida ichki ishlar organlari rahbari tomonidan darhol hududiy prokurorga xabar berilishi va vakolatli rahbar tomonidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilishi  lozimligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar etkazishga oid jinoyat-huquqiy normalarni, ularni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

ichki ishlar organlari xodimlarining ijtimoiy xavfli qilmish sodir etgan shaxsni ushlash vaqtida zarar etkazishiga oid normalarni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha takliflardan 2016 yil 16 sentyabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi Qonunining 22, 23 va 24-moddalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 13 iyuldagi 1835/04-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vosita va o‘qotar qurolni qo‘llash tartibini belgilash hamda ushbu moddalarni qo‘llash amaliyotidagi kuch va zarar etkazib ushlash bilan bog‘liq muammolarni bartaraf etish imkonini bergan;

ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vositalar va o‘qotar qurolni to‘g‘ri qo‘llashga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 15 martdagi 55-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vosita va o‘qotar qurollarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ni tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2018 yil 28 iyuldagi 33/05-07-2235-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi jismoniy kuch ishlatilishi, maxsus vositalar yoki o‘qotar qurolning qo‘llanilishi yuzaga kelgan vaziyatga, shaxs xatti-harakatlarining xususiyatiga va xavflilik darajasiga muvofiq bo‘lishi zarurligining mustahkamlanishiga xizmat qilgan;

ichki ishlar organlari xodimlariga o‘zi yoki boshqa fuqarolarning hayotiga bevosita tahdid solayotgan xavf mavjud bo‘lganida yoxud terrorchilik harakatlarini sodir etmoqchi bo‘lgan shaxslarni zararsizlantirishda o‘qotar qurolini ogohlantirishsiz qo‘llash huquqini berishga doir takliflar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining 2017 yil 15 martdagi 55-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan «Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan jismoniy kuch ishlatish, maxsus vosita va o‘qotar qurollarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnoma»ning 31-32-bandlarini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2018 yil 1 iyundagi 17/2-83-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ichki ishlar organlari xodimlariga o‘zi yoki fuqarolarning hayotiga bevosita tahdid solayotgan xavf mavjud bo‘lganida yoxud terrorchilik harakatlarini sodir etmoqchi bo‘lgan shaxslarni zararsizlantirishda o‘qotar qurolini ogohlantirishsiz qo‘llash huquqini berishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish