Qulmamatova Dilafruz Erkinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Yumshoq bug‘doyning geografik uzoq shakllari duragaylarida miqdoriy belgilarning irsiylanishi va o‘zgaruvchanligi», 03.00.09–Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.PhD/B209.
Ilmiy rahbar: Baboev Saidmurat Kimsanboevich,biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti va O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.29.08.2017.V.53.01.
Rasmiy opponentlar: Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor; Abdulov Il`dar Abdulxaevich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yumshoq bug‘doyning genotipi yuqori imkoniyatga ega bo‘lgan geografik uzoq shakllari duragaylarida miqdoriy belgilarning irsiylanish, o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini ochib berish va yangi irsiy asosga ega seleksion manbalar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor yumshoq bug‘doyning genotipi yuqori imkoniyatga ega bo‘lgan geografik uzoq shakllari hamda O‘zbekistonning (mahalliy) qadimiy va yangi bug‘doy navlarining F1 duragaylarida asosiy poya uzunligi, boshoq uzunligi, boshoqdagi boshoqchalar soni, bir boshoqdagi don soni va vazni asosan ijobiy o‘ta dominantlik xolatida, ayrim kombinatsiyalarda esa yuqori ko‘rsatkichli navning to‘liqsiz va to‘liq dominantligi hamda past ko‘rsatkichli navning to‘liqsiz dominantligi holatlarida irsiylanishi aniqlangan;
hosildorlik bilan boshoqdagi don soni va vazni o‘rtasida aniqlangan kuchli ijobiy korrelyasiya bu belgilardan genetik marker sifatida foydalanish ijobiy samara berishi ochib berilgan;
gibridologik tahlil natijalari asosida miqdoriy belgilarning poligenlar nazoratida fenotipik namoyon bo‘lishi, bu genlarning resessiv holatida ota-ona shakllarga nisbatan past ko‘rsatkichli, dominantlik holatida yuqori ko‘rsatkichli, genlarning geterozigota holatlari va additiv ta’sirida esa oraliq ko‘rsatkichli genotiplar paydo bo‘lishi aniqlangan;
geografik uzoq shakllarning F2 duragaylarida bir boshoqdagi don soni va vazni hamda 1000 dona don vazni belgilari bo‘yicha nasldan-naslga berilish koeffisientining yuqoriligi va ijobiy transgressiya asosida qimmatli genotiplarning yuzaga kelishi isbotlangan;
geografik uzoq shakllarni duragaylash va yuqori avlodlarda boshoqdagi don soni va vazni belgilari bo‘yicha tanlash asosida yumshoq bug‘doyning yangi «Oq marvarid» navi xamda jahon kolleksiyasi namunalaridan markerlar asosida tanlash yo‘li bilan yangi «Ilg‘or» navi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yumshoq bug‘doyninggeografik uzoq shakllari duragaylarida miqdoriy belgilarining irsiylanish va o‘zgaruvchanlik xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yumshoq bug‘doyning mahalliy «Oq marvarid» naviga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan o‘simlik naviga patent olingan (№NAP 20130012, 2017 y.). Natijada bu nav suv tanqisligiga va sariq zang kasalligiga chidamliligi asosida yuqori rentabellik imkonini bergan;
yumshoq bug‘doyning «Oq marvarid» navi 2018 yilda Toshkent viloyatining Bekobod tumani «Nodirjon-Xurriyatxon Agro» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 3 dekabrdagi 02/021-225-son ma’lumotnomasi). Natijada bu navdan yuqori va sifatli don mahsuloti olish hamda iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini bergan;
don hosildorligi bilan bir boshoqdagi don soni va vazni belgilarining kuchli ijobiy bog‘liqligi «O‘zbek-Xitoy ilmiy dasturi Uzbekistan-Shina 2015», «O‘zbekistonda invaziv bug‘doy zararkunandalarning xavfini tahlil qilish va ekologik boshqarish» mavzusidagi amaliy loyihada yumshoq bug‘doyning miqdoriy belgilaridan marker sifatida foydalanilgan (Xitoy Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 noyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada bug‘doy hosildorligini himoya qilishda ishlatiladigan turli kimyoviy vositalarning ta’sirini aniqlash hamda biologik kurash choralarini qo‘llashda foydalanish imkonini bergan.