Abdullaev Muzrobjon Gulamovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘rta Osiyodagi maxsus posyolkalar tizimi va surgun qilingan quloqlar taqdiri (1930–1954 yillar)», 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.DSc/Tar100.

Ilmiy maslahatchi: Shamsutdinov Rustambek Temirovich, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Andijon davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, Qoraqalpoq ijtimoiy fanlar ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Tar.01.04.

Rasmiy opponentlar: Xasanov Baxtiyor Vaxapovich, tarix fanlari doktori, professor; Xaitov Shadmon Axmadovich, tarix fanlari doktori; Kenensariev Tashmanbet, tarix fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: 1930–1954 yillar davriy chegarasida O‘rta Osiyoda quloq oilalari surgun qilingan maxsus posyolkalarning tizim sifatida qaror topishi va faoliyatini, “maxsus ko‘chirilganlar”ning surgundagi fojiali qismatini ochib berishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

O‘rta Osiyoga surgun qilinganlar majburiy mehnatidan paxtachilik, bog‘dorchilik, sabzavotchilik (O‘zbekiston), chorvachilik (Qirg‘iziston), cho‘l-dasht hududlarini o‘zlashtirish va irrigatsiya inshootlari qurilishi (Tojikiston, Qirg‘iziston)da foydalanilgani qiyosiy uslubda ochib berilgan;

mintaqada maxsus posyolkalar tizimi shakllanishining to‘rtta asosiy bosqichi ko‘rsatilgan: birinchi bosqich (1930 yil) – quloqlarni joylashtirish va mehnatini tashkil etishning aniq mexanizmlari yo‘qligi bois surgun joylarida og‘ir vaziyat yuzaga kelgani, ikkinchi bosqich (1931 yil may-avgust) – maxsus posyolkalar boshqaruvi OGPU organlari zimmasiga o‘tkazilib, surgun qilinganlar ustidan komendatura nazorati o‘rnatilgani, uchinchi bosqich (1932 yil) – yangi tashkil etilgan paxtachilik sovxozlarini arzon ishchi kuchi bilan ta’minlash maqsadida surgun oqimining O‘rta Osiyoga yo‘naltirilgani, to‘rtinchi bosqich (1933-1936 yillar) – Qirg‘iziston va Tojikistonda yangi erlarni o‘zlashtirish bilan bog‘liq holda amalga oshirilgani asoslangan;

dislokatsiya va milliy tarkibiga ko‘ra, O‘rta Osiyodagi 56 ta maxsus posyolkaning O‘zbekiston SSRdagi 17 tasida surgun qilinganlarning katta qismi o‘zbek, turkman, kabardin, osetin, qorachoy, tojik, rus, ukrain, qirg‘izlardan iboratligi, Qirg‘iziston ASSRdagi 19 tasi rus, ukrain, nemis, o‘zbek, darg‘in, lezgin, chuvashlardan, Tojikiston ASSRdagi 20 ta posyolka tarkibi Volgabo‘yi ruslari, nemis, ukrain, fin, eston, turk va moldovanlardan tashkil topganligi asoslangan;

maxsus posyolkalardagi madaniy-ma’rifiy muassasalar (klublar, kutubxonalar, qizil burchaklar, qizil choyxonalar) faoliyati surgundagilarni “kommunistik ruhda” tarbiyalashga yo‘naltirilgani, ta’lim muassasalari (savodsizlikni tugatish kurslari, mahalliy, rus, ukrain, qozoq, turkman, osetin, kabardin, qorachoy tillaridagi maktablar) faoliyatidagi moddiy-texnik qiyinchiliklar, milliy tillardagi darslik va o‘qituvchilar etishmovchiligi, tibbiy muassasalarining (ambulatoriya, kasalxona, sanizolyatorlar) kadrlar, jihozlar va dori-darmon ta’minotidagi og‘ir ahvoli aniqlangan;

maxsus ko‘chirilganlarning surgundan ozod qilinishi va maxsus posyolkalar tizimining 1954 yilda barham topishiga ta’sir ko‘rsatgan omillar (“sobiq quloqlar”ning Ikkinchi jahon urushi frontlaridagi ishtiroki va fidokorona mehnati) aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

 1930-1954 yillar davriy chegarasida O‘rta Osiyodagi maxsus posyolkalar tizimi tarixini tadqiq etish bo‘yicha ishlab chiqilgan ilmiy xulosa va takliflar asosida:

O‘zbekistonning chekka hududlaridagi quloq posyolkalari dislokatsiyasi va xaritasi, maxsus ko‘chirilganlarning hayot tarzi, mehnat faoliyatini aks ettiruvchi materiallar, maxsus posyolkalarda 1937–1938 yillarda qayta qatag‘on qilingan sobiq quloqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlardan Markaziy va hududiy Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeylari ekspozisiyalarida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyining 2018 yil 12 noyabrdagi 224-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar muzey bo‘limini yangi ma’lumotlar bilan boyitib, sovet tuzumining qishloq aholisiga nisbatan olib borgan qatag‘on siyosati va amaliyotining asl mohiyatini yoritishga xizmat qilgan;

quloq qilish dinamikasi, maxsus posyolkalarga surgun qilingan dehqonlar miqdori va milliy tarkibiga oid statistik ma’lumotlardan, maxsus posyolkalardagi hayot tarzini yorituvchi materiallardan Andijon viloyat tarixi va madaniyati davlat muzeyi Tarix bo‘limining o‘zbek qishloqlari tarixi ekspozisiyasini boyitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 4 dekabrdagi 01-11-08-8355-son ma’lumotnomasi). Bu materiallar sovetlarning O‘zbekistondagi quloq qilish siyosati va uning oqibatlarini to‘laqonli yoritishga xizmat qilgan;

O‘rta Osiyo respublikalaridagi quloqlar surguni, maxsus posyolkalar dislokatsiyasi, maxsus ko‘chirilganlar tarkibiga oid tadqiqot natijalari, arxiv hujjatlari va materiallari namunalaridan Andijon viloyat davlat arxivi tegishli fondlarini to‘ldirish va takomillashtirishda foydalanilgan (Andijon viloyat davlat arxivining 2018 yil  14 dekabrdagi 01-19/135-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning joriy etilishi arxiv fondlarini yangi statistik ma’lumotlar bilan boyitishga, quloq qilish va uning oqibatlarini o‘rganish va tadqiq etish imkonini yaratgan;

quloqlar surguni, maxsus posyolkalardagi ijtimoiy-iqtisodiy hayot masalalari bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy maqolalardan, tadqiqot materiallari va ilmiy xulosalaridan “Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspedisiya jamoat fondi nashrlarida foydalanilgan (“Meros” ilmiy-amaliy xalqaro ekspedisiya jamoat fondining 2018 yil 23 iyundagi 0/48-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotning ilmiy natijalari sovet hokimiyati yillarida O‘zbekiston xalqlari hayoti, taqdirida yuz bergan o‘zgarishlar haqida yangicha tarixiy tafakkurni shakllantirishga xizmat qilgan;

begona yurtlarga surgun qilingan yurtdoshlarimiz taqdirini yorituvchi materiallardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining Andijon viloyat teleradiokanalida 2017 yil 31 avgustda efirga uzatilgan “Qiyratilgan qismatlar”, 2018 yil 9 mayda namoyish etilgan “Xotira ardog‘i” ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (Andijon viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 17 dekabrdagi 20-24/470-son ma’lumotnomasi). Bu materiallar ko‘rsatuvlarni mazmunan boyitishga, sovet tuzumi davrida qishloq aholisiga nisbatan zo‘ravonlik qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilganini teletomoshabinlarga ta’sirchan qilib etkazishga hamda yurtdoshlarimizda bugungi farovon hayotga shukronalik tuyg‘ularini o‘stirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish