Xaydarov Artur Mixaylovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan  tarmog‘i nomi): “Bolalar stomatologik salomatlik holatiga ekologik va ijtimoiy-gigienik omillarning ta’siri va profilaktik dasturlarni ishlab chiqish”, 14.00.21–Stomatologiya.

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Tib236.

Ilmiy maslahatchi: Rizaev Jasur Alimdjanovich,tibbiyot fanlari doktori.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat stomatologiya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat stomatologiya instituti , DSc.27.12.2017.Tib.59.01.

Rasmiy opponentlar: Dem`yanenko Svetlana Aleksandrovna, tibbiyot fanlari doktori, professor (Rossiya); Ricardas Kubilius, tibbiyot fanlari doktori, professor (Litva); Xabilov Nugmon Lukmanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Uppsala University (Shvesiya).

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekistonda bolalar o‘rtasida stomatologik salomatlikni shakllantirishda ekologik va ijtimoiy-gigienik omillarning ahamiyatini aniqlash hamda stomatologik yordam ko‘rsatish sifatini boshqarish va kompleks dastur ishlab chiqish orqali stomatologik kasalliklar profilaktikasi samaradorligini oshirishni asoslashdan iborat.

III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

atrof-muhit antropometrik zararlangan hududlarda sog‘lom bolalarda nospesifik rezistentlikning pasayishi, adaptatsion zo‘riqish va premorbid fon holatining rivojlanishini yuzaga keltiruvchi ko‘p omilli negativ ta’sirot aniqlangan;

umumiy kasallanish va shaharlarda ifloslantiruvchi moddalarning chiqish hajmiga bog‘liq bo‘lib, bolalar ekopatologiyasiga taalluqli bo‘lgan alohida sinf kasalliklari bilan kasallanish dinamikasi orasidagi korrelyasion bog‘liqlik isbotlangan;

ekologik zo‘riqish hududlarida yashovchi bolalarda rivojlanadigan metabolik o‘zgarishlarning tavsifiy xususiyati bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘i shilliq qavatining himoya mexanizmlari ko‘p darajali kompleksining sustlashishi ekanligi isbotlangan;

organizmning va og‘iz bo‘shlig‘ining immun holatini o‘rganish asosida ekologik nomaqbul sharoitli tumanlarda bolalarning sIgA, lizotsim, ishqorli fosfataza kabi salomatlik markerlari ishlab chiqilgan;

yashash sharoitlarida mavjud omillarning kompleks ta’siriga bola organizmi javob reaksiyasining tibbiy-biologik mezonlari: antioksidant himoyaning pasayishi, endotoksemiyaning rivojlanishi, o‘rta molekulyar massali peptidlarning ortishi, membranalitik fermentlar labilizatsiyasi asoslangan;

bolalarning to‘laqonli intellektual  rivojlanish imkoniyatlari va adaptatsion zaxiralarining takomillashtirishga qaratilgan, o‘z ichiga og‘iz bo‘shlig‘i gigienasi, PTYoK va probiotiklarni qo‘llashni olgan chora-tadbirlar tizimi takomillashtirilgan;

atrof-muhitni kimyoviy zaharlovchilarining tish qattiq to‘qimasi rezistentligi, emalning remineralizatsiya qobiliyati, gigienik indeks kabi ko‘rsatkichlarga ta’siri isbotlangan;

ekotizimning o‘zgarish tendensiyalariga bog‘liq ravishda bolalar aholisi orasida stomatologik kasalliklarni erta (klinik oldi) yuzaga kelishini prognozlashlash va ularning oldini olish tamoyillari asoslab berilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

6–15 yoshdagi bolalarda tish kariesining profilaktikasi va davolanishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:

“Erta yoshdagi bolalarda tish kariesi” mavzusidagi uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 21 maydagi 8n-r/131-son ma’lumotnomasi). Mazkur uslubiy tavsiyanoma tish kariesi bilan shikastlangan erta yoshdagi bolalarda kasallikning klinik kechishi, tashxisi va davolash xususiyatlarini tanlash imkonini yaratgan;

“Bolalarda tish kariesi hosil bo‘lish xavfining omillari” uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 5 iyundagi 8n-r/156-son ma’lumotnomasi). Bu tavsiyanoma tish kariesiga tashxis qo‘yish, diagnostika va davolash uchun aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishga xizmat qilgan;

“Bolalarda tish kariesi hosil bo‘lishiga ekologik va gigienik omillarning ta’siri” uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 11 iyuldagi 8n-r/183-son ma’lumotnomasi). Bu tavsiyanoma bolalarda tish kariesi kasalligi intensivligini kamaytirish uchun aniq harakatlar rejasini ishlab chiqishga xizmat qilgan;

Bolalar stomatologik salomatlik holatiga ekologik va ijtimoiy-gigienik omillarning ta’siri va profilaktik choralar ko‘rish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar Chirchiq shahar bolalar stomatologiyasi poliklinikasi, Toshkent shahar 3-son shahar bolalar stomatologiya poliklinikasi, Samarqand viloyat bolalar stomatologik poliklinikasi, Qashqadaryo viloyat bolalar stomatologik poliklinikasi, Surxondaryo viloyati Sariosiyo tuman tibbiyot bo‘limi 68-qishloq oilaviy poliklinikasida (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2018 yil 16 iyuldagi 8n-d/162-son ma’lumotnomasi) sog‘liqni saqlash amaliyotiga tatbiq qilingan. O‘tkazilgan klinik tadqiqotlarning asosiy natijalarini tatbiq qilish antropogen ifloslanish bo‘lgan mintaqalarda bolalarda tish kariesining profilaktikasi dasturining ishlab chiqilishiga olib kelgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish