Xudoyqulov Sadirdin Karimovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Soliq tushumlarini prognoz qilish metodologiyasini takomillashtirish», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.1.DSc/Iqt168.
Ilmiy maslahatchi: Alimardanov Muxamadjon Ibragimovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Bank-moliya akademiyasi va Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc27.06.2017.I.15.01.
Rasmiy opponentlar: Toshmatov Shuxrat Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Po‘latov Dilshod Xakberdievich, iqtisodiyot fanlari doktori; Xotamov Komil Rabbimovich, iqtisodiyot fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston Respublikasi davlat byudjetiga soliq tushumlarini prognoz qilishning metodologik muammolarini tadqiq qilish va ilmiy-uslubiy asoslarini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
soliqlarni prognoz qilishning tashkiliy-uslubiy modeli prognoz jarayonining izchilligi va tizimliligini ta’minlovchi «maqsad – maqsadga muvofiq jarayon – optimal natija» triadasiga asoslangan tarkibni kiritish orqali takomillashtirilgan;
soliq salohiyati va byudjet tizimining o‘zaro aloqadorligini soliq siyosatining adolatlilik tamoyilini muvozanat sifatida o‘rnatilishini ta’minlash talablari asosida milliy iqtisodiyot va hududlar bo‘yicha soliq salohiyatini baholash uslubi ishlab chiqilgan;
byudjet tizimiga kiruvchi byudjetlarning daromadlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi soliq turlari bo‘yicha, ularning fiskal xususiyatlarini e’tiborga olgan holda soliq tushumlarini prognoz qilish modeli ishlab chiqilgan;
korxonalarning soliq to‘lovlarini to‘lash imkoniyatini baholashning o‘zaro bog‘liq tashkiliy-amaliy komponentlarini qamrab olgan soliq majburiyatini bajarish modeli ishlab chiqilgan;
muayyan soliq turlari kesimida turli omillar ta’sirchanligi darajasining muhimligi koeffisientlari asosida korrelyasion bog‘liqlik jadvali ishlab chiqilib, uning vositasida davlat byudjeti jami daromadlarining 2018-2023 yillarga mo‘ljallangan prognoz ko‘rsatkichlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Soliq tushumlarini prognoz qilish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
soliqlarni prognoz qilishning tashkiliy bosqich, tahliliy bosqich, amalga oshirish bosqichi va yakuniy bosqichdan iborat tashkiliy-uslubiy modeli byudjet-soliq tizimida soliqlarni prognoz qilish jarayoniga amaliyotda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2018 yil 12 iyundagi 16/2-13262-son, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi DS/03-04-08/4188-son ma’lumotnomalari). Natijada soliq tushumlarini prognoz qilish jarayonini amalga oshirishdan ko‘zlangan maqsad – soliq tushumlari bo‘yicha prognoz ko‘rsatkichlarining ob’ektivligi va to‘g‘riligini ta’minlashga olib kelgan;
milliy iqtisodiyot va hududlar bo‘yicha soliq salohiyatini aniqlash uslubi byudjet-soliq tizimida soliqlarni prognoz qilish jarayonidagi eng muhim bo‘g‘inlardan biri bo‘lgan soliq salohiyatini baholash amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2018 yil 12 iyundagi 16/2-13262-son, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi DS/03-04-08/4188-son ma’lumotnomalari). Mazkur uslubni amaliyotga joriy qilinishi natijasida respublika va hududlar miqyosida soliq salohiyatini aniq baholash imkoniyatini bergan va unga asoslangan holda turli darajadagi soliq salohiyatini baholash orqali soliq tushumlarini to‘g‘ri prognozlashtirishga erishilgan;
soliq turlari bo‘yicha soliq tushumlari prognozini amalga oshirish modeli byudjetning daromadlar qismini shakllantirishda tushumlarning prognoz ko‘rsatkichlarini aniqlashda byudjet tizimida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi DS/03-04-08/4188-son ma’lumotnomasi). Mazkur modelning amaliyotga joriy qilinishi natijasida byudjet tizimiga kiruvchi byudjetlarning daromadlarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etuvchi soliq turlari bo‘yicha ularning fiskal xususiyatlarini e’tiborga olgan holda soliq tushumlarini prognoz qilishning uslubiy asoslari takomillashgan;
korxonalarda soliq majburiyatini bajarish modeli respublikadagi soliq to‘lovchi korxonalar amaliyotida foydalanishga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko‘maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasining 2018 yil 15 maydagi 1443/04-16-1-son ma’lumotnomasi). Mazkur modelning amaliyotga joriy qilinishi natijasida korxonalarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan debitorlik va kreditorlik to‘lovlarining o‘z vaqtida bartaraf etilishi, moliyaviy mablag‘lar harakatining to‘g‘ri boshqarilishi, korxonalar moliyaviy boshqaruv jarayoni samaradorligining oshishi, soliq majburiyatlarini bajarmaganlik uchun moliyaviy javobgarlikning oldini olinishi hamda davlat byudjetiga soliq tushumlarining o‘z vaqtida kelib tushishi ta’minlangan;
«Soliq tushumlarini prognoz qilishda omilar ta’sirining korrelyasion bog‘liqlik jadvali»ga asoslanish borasidagi taklif byudjet-soliq tizimida soliqlarni prognoz qilish jarayoniga amaliyotda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasining 2018 yil 12 iyundagi 16/2-13262-son, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 12 oktyabrdagi DS/03-04-08/4188-son ma’lumotnomalari). Mazkur taklifni amaliyotga joriy qilish orqali soliq tushumlarini prognoz qilishda eng muhim bosqichlardan hisoblangan prognoz ko‘rsatkichlarga ta’sir etuvchi omillarning darajasini aniqlashga, pirovardida esa, soliq tushumlarini prognoz qilishdagi yakuniy natijalarning ishonchiligini ta’minlashga erishilgan.