Xudarganov Kamoladdin Omonboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kleystogamlik hamda qimmatli xo‘jalik belgilarining majmuasiga ega bo‘lgan g‘o‘za navlari seleksiyasi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Qx53.
Ilmiy maslahatchi: Namazov Shadman Ergashevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Raxmonqulov Said-Akbar, biologiya fanlari doktori, professor; Abzalov Miratxam Fuzailovich, biologiya fanlari doktori, professor; Mamaraximov Bunyod Ikromovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning G.barbadense L., G.hirsutum L. tetraploid turlari va G.stocksii Mast. turi ishtirokida olingan amfidiploidi hamda kleystogam shakldagi gulga ega bo‘lgan namunalarni chatishtirish orqali yaratilgan duragay kombinatsiyalarda qimmatli xo‘jalik belgilari va kleystogam gul shaklining irsiylanishi hamda o‘zgaruvchanligi asosida seleksion ashyolar yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G.barbadense L., G.hirsutum L. va G.stocksii Mast. turlari ishtirokida yaratilgan g‘o‘za duragaylarda kleystogam gul shakli va ayrim qimmatli xo‘jalik belgilarning irsiylanishi, o‘zgaruvchanligi hamda shakllanishi aniqlangan;
kleystogam gullar sonining irsiylanishi va o‘zgaruvchanligini o‘rganish asosida yuqori bo‘g‘in duragaylarida belgining kleystogam gulga ega tizmalarning ko‘rsatkichlariga yaqin tarzda shakllanishi aniqlangan;
G.barbadense L. turiga mansub F1-F3 duragaylarida kleystogam gullar miqdorining o‘simlikdagi ko‘saklar soniga salbiy ta’sir etmasligi aniqlangan;
G. barbadense L. turiga mansub F2 o‘simliklarida kleystogam va xazmogam gullar nisbati, shoxlanish tipi hamda bir ko‘sakdagi paxta vazni, 1000 dona chigit vazni, tola uzunligi kabi belgilari orasida o‘zaro bog‘lanishlar yo‘qligi aniqlangan;
G.barbadense L. va G.hirsutum L. turlari ishtirokida olingan duragaylarda bekkross chatishtirishlar sonining oshishi xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning yaxshilanishi bilan bir qatorda kleystogam gullar sonining kamayishiga olib kelishi aniqlangan;
ingichka tolali g‘o‘zaning kleystogam gul shakli va qimmatli xo‘jalik belgilarning ijobiy majmuasiga ega seleksion ashyolarini yaratishda TM-11 va TM-13 tizmalarining genetik imkoniyati yuqori ekanligi aniqlangan;
izlanishlar natijasida yaratilgan kleystogam gulli, ko‘sagi yirik, tola chiqimi va sifatining ijobiy majmuasiga ega yangi ingichka tolali g‘o‘za oilalari hamda tizmalaridan amaliy seleksiya jarayonida qimmatli boshlang‘ich ashyo sifatida foydalanish mumkinligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kleystogamlik hamda qimmatli xo‘jalik belgilarining majmuasiga ega g‘o‘za navlari seleksiyasi bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
G. barbadense L. turiga mansub, cheklangan shoxlanishga ega va kleystogam gullar soni 98-100 foiz, tola sifati Ia- tipga mansub, tola chiqimi 39,2-39,4 foiz bo‘lgan «SP-7701» navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 07/20-90-son ma’lumotnomasi). Ushbu ingichka tolali g‘o‘za navini janubiy mintaqalar sharoitida paxtachilik fermer xo‘jaliklarida ekish uchun zarur miqdordagi urug‘liklari ko‘paytirilgan;
ingichka tolali g‘o‘zaning cheklangan shoxlanishga ega, kleystogam gullar soni 93-96 foiz va tola chiqimi 35,0-37,4 foiz bo‘lgan «S-7721» navlari yaratilgan hamda Davlat nav sinash komissiyasiga topshirilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 07/20-90-son ma’lumotnomasi). Ushbu ingichka tolali g‘o‘za navini respublikaning janubiy viloyatlaridagi ekin maydonlarini kengaytirish maqsadida yuqori navdorlikka ega original urug‘lari tayyorlangan;
ingichka tolali g‘o‘zaning kleystogam gullar miqdori yuqori bo‘lgan «SP-7701» naviga seleksiya yutug‘iga patenti (NAP 00187) olingan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 07/20-90-son ma’lumotnomasi). Mazkur g‘o‘za navidan foydalanish natijasida navlarning biologik soflik darajasini saqlab qolish imkoniyati yaratilgan.