Saydazimova Umida Turaxanovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XVII–XVIIIasrlar koreys nasrining ma’naviy-estetik konsepsiyalari», 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.DSc/Fil91.
Ilmiy maslahatchi: Mannanov Abduraxim Mutalovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O‘zbekiston milliy universiteti, DSc. 27.06.2017.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Muxibova Ulpatxon Uchqunovna filologiya fanlari doktori, dotsent; Karimov Baxodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor, Kim Phil Kangnam universiteti professori.
Yetakchi tashkilot: Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XVII – XVIII asrlar koreys nasrida inson e’tiqodi, diniy dunyoqarashining aks ettirilishi masalalari, sosol (소설) misolida koreys nasriga xos milliy mentalitet fenomeni, g‘oyaviy – estetik qarashlar, umuminsoniy qadriyatlar, asarlar poetikasini yoritib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XVII–XVIII asrlar koreys adabiyotiga ta’sir ko‘rsatgan konfusiychilik, daosizm, buddizm kabi diniy qarash va ta’limotlarga asoslanib koreys nasrida milliy g‘oyani ifodalanishi isbotlangan;
koreys nasrida milliy mentallik fenomeni bo‘lgan: hurmat kategoriyasi xyo (효), itoatkorlik, ko‘ngli ochiqlik, nekbinlik sifatlarini ko‘rsatuvchi xan (한), yaxshilik va yomonlik, muhabbat va sadoqat, yuksaklik va tubanlik kabi ma’naviy-estetik kategoriyalar, ozodlik konsepti, ideal hayot va ideal qahramonlar haqidagi tasavvurlarning mohiyati asoslangan;
sosol (소설) nasriy asarlar turkumiga kiruvchi asarlarning pxesol (패설) kichik nasriy asarlar asosida yuzaga kelganligi aniqlangan;
Pak Chi Von asarlarida sirxak harakatining vatanparvarlik g‘oyalari, ma’naviy qadriyatlar, olijanoblik, insoniylik fazilatlari ustunlik qilishi dalillangan;
Kim Manjunning «Sa xonimning janub bo‘ylab sargardonliklari» va «To‘qqiz kishining bulutli tushi» romanlarida koreys xalqiga xos dunyoqarashning ikki tendensiyasi – odillik va shaxsning ichki uyg‘unligi namoyon bo‘lishi hamda davlat ahamiyatiga molik muammolar shaxsiy muammolardan ustunligi asoslangan;
XVII–XVIII asrlar koreys nasri poetikasi va unga xos «shartli go‘zallik» o‘rniga moddiylashgan tabiat tasviri, obrazlarni tavsiflash va tasvirlashda tabiat manzaralaridan keng foydalanish, insonning tabiatdagi o‘rnini aniqlash, qahramonlar tasavvurida olamning makonlarga bo‘linishi kabi adabiy an’analar yangilangan badiiy vositalar orqali aks ettirilishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: XVII–XVIII asrlar koreys nasri ma’naviy-estetik konsepsiyalarining tadqiqi bo‘yicha ishlab chiqilgan uslubiy va amaliy takliflar asosida:
sosol (소설) nasriy asarlar va pxesol (패설) kichik nasriy asarlar tahlili natijasida olingan ilmiy-nazariy qarashlardan F-1-139 raqamli «Sharq xalqlari adabiyoti tarixi va janrlar tipologiyasi» mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida foydalanilgan (Fan va texnologiyalarni rivojlantirish va muvofiqlashtirish qo‘mitasining 2017 yil 15 fevraldagi 0313/158-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi koreys adabiyoti tarixida sosol (소설) nasriy asarlar turkumining rivojlanishi va milliy adabiyotga moslashishi, koreys adabiyotshunosligini zamonaviy terminlar bilan ta’minlashga xizmat qilgan;
koreys nasrida milliy mentallik fenomeni bo‘lgan hurmat kategoriyasi xyo (효) ma’naviy-estetik konsepsiyasini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy xulosalardan O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyati tomonidan o‘tkazilgan ilmiy seminarlarda foydalanilgan (O‘zbekiston-Koreya do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatining 2018 yil 24 sentyabrdagi 17-18-son ma’lumotnomasi). Natijada koreys klassik adabiyotida yuz bergan jarayonlar, uning rivojlanish dinamikasi, o‘rta asrlar voqeligining o‘ziga xos jihatlarini o‘zida aks ettirgan «Sim Chxon haqida qissa»ning yaratilish tarixi, uning hanuz xalq e’tiborini qozonib kelayotganligi sabablarini ochib berishga xizmat qilgan;
«Chxunxyan haqida qissa» asarining syujet va kompozision qurilishi tahlili jarayonida olingan ilmiy natijalardan O‘zbekiston koreys madaniy markazlari ilmiy faoliyatida foydalanilgan (O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasining 2018 yil 25 sentyabrdagi 219-son ma’lumotnomasi). Natijada «Chxunxyan haqida qissa»dagi realistik tendensiyalar, koreys nasridagi muhabbat va sadoqat kategoriyalari O‘zbekiston koreys madaniy markazlari uyushmasi a’zolarida koreys qissalaridagi g‘oyalarni to‘g‘ri talqin etish imkoniyatini yaratgan;
koreys nasrining XVII–XVIII asrlarda yuz bergan tarixiy-madaniy jarayonlar bilan o‘zaro aloqasi, badiiy asarlarda madaniy hodisalarning aks ettirilishi masalasi Sejong instituti ilmiy faoliyatiga singdirilgan (Koreya Respublikasining Toshkentdagi Sejong instituti 2018 yil 25 sentyabrdagi ma’lumotnomasi). Natijada koreys xalqining mentalitetini belgilaydigan tamoyillar haqidagi an’anaviy tasavvurlar, o‘rta asrlarda Koreyada yuz bergan murakkab adabiy-madaniy va ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni o‘rganishga asos bo‘lgan;
XVII–XVIII asrlar koreys nasrining badiiy-estetik xususiyatlari tahlili va asarlar tarjimalari O‘zbekiston Milliy teleradio-kompaniyasining «Mahalla» teleradiokanalida turkum eshittirishlar tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Mahalla» teleradiokanali davlat unitar korxonasi, 2018 yil 24 sentyabrdagi 04-87-son ma’lumotnomasi). Tadqiqotga tortilgan sosol nasriy asarlar turkumiga mansub qissalar eshittirishlarning mazmunini boyitishga xizmat qilgan;
koreys romani poetik xususiyatlari tahlilidan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo adabiyoti» turkum ko‘rsatuvlarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Madaniyat va ma’rifat» davlat unitar korxonasi 2018 yil 9 oktyabrdagi 02-16/472-son ma’lumotnomasi). Natijada XVII asr koreys adabiyotida roman janrining asoschisi, yirik syujetli asarlar muallifi Kim Manjun ijodi bo‘yicha ko‘rsatuvlar tayyorlashga asos bo‘lgan.