Otajonov Shuxrat Ibrayimjonovichning
fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “Innovatsiya faoliyati infratuzilmasini boshqarishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari samaradorligini oshirish”, 08.00.13–“Menejment” (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Iqt36.
Ilmiy maslahatchi: Nurimbetov Ravshan Ibragimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent arxitektura-qurilish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ulomov Saidaxror Saidaxmedovich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Nuriddin Qurbonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Xonkeldieva Guzal Sherovna, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: innovatsiya faoliyati infratuzilmasini boshqarish samaradorligini oshirishning tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha nazariy-uslubiy hamda amaliy yo‘nalishdagi taklif va tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
innovatsion faoliyat infratuzilmasi sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalar bozorini maqsadli rivojlantirish va tartibga solish asosida innovatsiyalarni samarali boshqarishni tashkil etish modeli ishlab chiqilgan;
innovatsion faoliyat infratuzilmasini maqsadli shakllantirishga innovatsion klasterni tashkil etgan holda hudud iqtisodiyoti, sanoat korxonalari va boshqa ishtirokchilar uchun afzalliklarni defferensial aniqlash imkonini beruvchi uslubiy yondashuv ishlab chiqilgan;
innovatsion faoliyat infratuzilmasi rivojlanishini boshqarishning ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish xususiyatlariga ega bo‘lgan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi ishlab chiqilgan;
innovatsion klasterni tashkil etishning intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirishga qaratilgan konsession mexanizmi va algoritmi taklif etilgan;
innovatsion faoliyat sub’ektlarining start-ap loyihalarini investisiya bilan ta’minlashning moliyaviy resurslardan samarali foydalanish xususiyatlariga ega bo‘lgan mexanizmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Innovatsiya faoliyati infratuzilmasini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
innovatsion faoliyat infratuzilmasi sub’ektlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, innovatsiyalar bozorini maqsadli rivojlantirish va tartibga solish asosida innovatsiyalarni samarali boshqarishni tashkil etish modelida tavsiya etilgan ishlanmalardan 2019-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqishda hamda O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlarini hisoblash metodologiyasini shakllantirishda foydalanilgan. O‘zbekiston Respublikasini 2030 yilgacha innovatsion rivojlantirishning maqsadli ko‘rsatkichlari – “Government effectiveness”, “Regulatory quality”, “Government expenditure on education (% of GDP)”, “School life expectancy”, “Tertiary enrolment”, “Graduates in science and engineering”, “Gross expenditure on R&D (GERD)”, “University/industry research so11aboration” va “Scientific and technical publications”ning hisoblash tartibini ishlab chiqishga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 oktyabrdagi 24/1-220-son ma’lumotnomasi). Mazkur ishlanmani joriy etilishi natijasida ishlab chiqarishga joriy etishga tayyor start-ap loyihalarni amalga oshirilishi hisobiga 129,0 mlrd. so‘mlik innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan;
innovatsion faoliyat infratuzilmasini maqsadli shakllantirishga innovatsion klasterni tashkil etgan holda hudud iqtisodiyoti, sanoat korxonalari va boshqa ishtirokchilar uchun afzalliklarni defferensial aniqlash imkonini beruvchi uslubiy yondashuv Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Ilg‘or texnologiyalar markazi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2018 yil 23 fevraldagi №01-01/503-son ma’lumotnomasi). Tavsiya etilgan uslubiy yondoshuvlar asosida Ilg‘or texnologiyalar markazida startap-akselerator va biznes-inkubator faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va joriy etishga tayyor innovatsion ishlanmalar soni 17,2 foizga oshgan.
innovatsion faoliyat infratuzilmasi rivojlanishini boshqarishning ilmiy-texnik va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirish samaradorligini oshirish xususiyatlariga ega bo‘lgan tashkiliy-iqtisodiy mexanizmi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion ishlanmalarni joriy etish ilmiy-amaliy markazi faoliyatiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2018 yil 23 fevraldagi №01-01/503-son ma’lumotnomasi). Mazkur mexanizmdan maqsadli innovatsion dasturlarni ekspertizadan o‘tkazish, loyihalarni joriy etilishini qo‘llab-quvvatlash va turli manbalar (davlat tomonidan moliyalashtirish, tijorat banklari, innovatsion jamg‘armalar, xususiy mablag‘lar) hisobiga moliyaviy mablag‘larni jalb etishda foydalanilmoqda.
innovatsion klasterni tashkil etishning intellektual mulk ob’ektlarini tijoratlashtirishga qaratilgan konsession mexanizmi hamda fan-texnologiyalar va innovatsiya salohiyatidan samarali foydalanish asosida innovatsiya faoliyati rivojlanishini boshqarish uslubiyatini joriy etish bo‘yicha berilgan ilmiy taklif va xulosalardan A2-FA-1028-raqamli “Ilmiy muassasalarning ilmiy tadqiqot va innovatsiya faoliyatini iqtisodiy tahlil qilish usullarini takomillashtirish va innovatsiyadan keyingi jarayonlarni baholash mezonlarini ishlab chiqish” mavzusidagi amaliy tadqiqotlar loyihasida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 5 maydagi № 5/1256-168-son ma’lumotnomasi). Mazkur tavsiyaning amaliyotga tatbiq qilish natijasida Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalarining davlat ilmiy-texnika dasturlari doirasida amaliy tadqiqotlar va innovatsiya ishlarini bajarishga yo‘naltirilgan mablag‘lari 23,0 mlrd. so‘mga oshgan;
innovatsion faoliyat sub’ektlarining start-ap loyihalarini investisiya bilan ta’minlashning moliyaviy resurslardan samarali foydalanish xususiyatlariga ega bo‘lgan mexanizmidan (O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining 2018 yil 23 fevraldagi №01-01/503-son ma’lumotnomasi) Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan innovatsion loyihalarni moliyalashtirishni tashkil etishda foydalanilmoqda.