Ortikova Safie Saidmambievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Birlamchi fosforli va kompleks o‘g‘itlar texnologiyasiga Markaziy Qizilqum chiqindi fosforit rudalarini jalb qilish», 02.00.13–Noorganik moddalar va ular asosidagi materiallar texnologiyasi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T332.
Ilmiy rahbar: Namazov Shafaat Sattarovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, Toshkent kimyo-texnologiya instituti, DSc.27.06.2017.K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Erkaev Aktam Ulashevich, texnika fanlari doktori, professor; Isabaev Zikirilla, kimyo fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Namangan muhandislik-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: ishlab chiqarishga fosforit rudasi chiqindisi - minerallashgan massani jalb qilish bilan keng assortimentdagi fosforli o‘g‘itlar olish texnologiyasini yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
birlamchi fosforli o‘g‘itlar yuqori konsentratsiyadagi R2O5ning umumiy va o‘zlashuvchan shakllarini tutgan fosfat xomashyosini fosfor kislotasining kamaytirilgan me’yoridagi sharoitlarida faollashtirishning maqbul rejimi aniqlangan;
fosfat mineralini sul`fat kislotasi qo‘shish orqali fosforkislotali faollashtirish jarayoni jadallashtirilgan;
bir vaqtda kuzgi shudgorga solish uchun samarali bo‘lgan birlamchi fosforli o‘g‘it va sifati bo‘yicha ammofosdan ustun turadigan konsentrlangan ammofosfat olishga imkon beruvchi fosforkislotali parchalash mahsulotlarini qattiq va suyuq fazalarga ajratishning sharoitlari asoslangan;
fosfat xomashyosini qisman ammoniylashtirilgan sul`fat va fosfor kislotalari aralashmasi bilan ishlov berishda uning faollashishi, ya’ni unda o‘zlashmaydigan R2O5 o‘zlashuvchan shaklga o‘tishi aniqlangan;
o‘g‘itning o‘zi ham, uning suvda erimaydigan qismining o‘simliklarga ozuqa moddalarini bir me’yorda o‘zlashtirish imkonini beruvchi uzoq muddatli ta’sirga ega ekanligi isbotlangan;
fosforkislotali qayta ishlashga minerallashgan massani jalb qilish yo‘li bilan birlamchi fosforli va konsentrlangan ammofosfatli o‘g‘itlar olish texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Minerallashgan massani jalb qilish orqali birlamchi fosforli va kompleks o‘g‘itlar olish texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
minerallashgan massani fosforkislotali faollashtirish yo‘li bilan birlamchi fosforli o‘g‘itlar texnologiyasi «Ammofos-Maxam» AJda istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2018 yil 23 noyabrdagi 03-604/A-son ma’lumotnomasi). Natijada ishlab chiqarishga yirik tonnajli chiqindi - minerallashgan massa jalb qilinib, qishloq xo‘jaligi kuzgi shudgorda solish uchun zarur bo‘lgan birlamchi fosforli o‘g‘itlar olish imkoniyati yaratiladi;
minerallashgan massani fosforkislotali qayta ishlash asosida ammofosfatli o‘g‘it olish texnologiyasi «Ammofos-Maxam» AJda istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga kiritilgan («O‘zkimyosanoat» AJning 2018 yil 23 noyabrdagi 03-604/A-son ma’lumotnomasi). Natijada agrokimyoviy samaradorligi bo‘yicha an’anaviy o‘g‘itlardan past kelmagan fosfor tutuvchi o‘g‘itlar assortimentini kengaytirish imkonini bergan;
Qizilqum fosforit majmuasining minerallashgan massasi samarali foydalanish orqali qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha X-Respublika innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yarmarkasida Navoiy kon-metallurgiya kombinati DK bilan xo‘jalik shartnomasi tuzilgan (2017 yil 11 mayda 16/17 raqam bilan ro‘yxatga olingan). Natijada fosforitli chiqindini qayta ishlash imkonini bergan.