Ismatov Normamat Beknazarovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Radiatsiyaviy texnologik kompleksi bazasida tibbiyot, polimer mahsulotlari va farmatsevtika preparatlari xom-ashyolariga ishlov berish texnologiyalarini yaratish», 01.04.01Eksperimental fizikaning asboblari va usullari (texnika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T967.

Ilmiy rahbar: Tashmetov Mannab Yusupovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Yadro fizikasi instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01 raqamli Ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash

Rasmiy opponetlar: Raxmatov Axmad Zaynidinovich, texnika fanlari doktori, professor; Abdullaeva Gayana Artoevna, texnika fanlari nomzodi.

Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: “Elektronika U003” elektronlar tezlatgichi bazasida radiatsiyaviy texnologik majmua yaratish va tibbiyot buyumlarini hamda farmatsevtika preparatlari xom-ashyolarini radiatsiyaviy zararsizlantirishning, shuningdek, polimer buyumlarini choklashning radiatsiyaviy usullarini ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

“Elektronika U-003” rusumli elektron tezlatgichi bazasida mahsulotlarni 1.2 gacha notekislik koeffisienti bilan bir jinsli nurlantirishni ta’minlovchi ko‘p funksiyali karusel` moslamasi  va polimer naylariga radiatsiyaviy ishlov beruvchi osma konveyer liniyasi mavjud bo‘lgan radiatsiyaviy texnologik majmua ishlab chiqilgan;

ketgut va ipak tolali jarrohlik tikish iplarini energiyasi 3¸7 MeV va dasta tokining zichligi 50 nA/sm2 dan 160 nA/sm2 gacha bo‘lgan tezlashtirilgan elektronlar bilan radiatsiyaviy zararsizlantirishning ishlab chiqarishi yuqori bo‘lgan yangi usuli ishlab chiqilgan; 

farmatsevtika preparatlari xom-ashyosi hisoblangan kraxmalni dasta tokining zichligi 80 nA/sm2  gacha bo‘lgan va sedativ vosita sedonikni dasta tokining zichligi 50 nA/sm2 gacha bo‘lgan  3÷5 MeV energiyali tezlashtirilgan elektronlar bilan radiatsiyaviy zararsizlantirish usuli ishlab chiqilgan;

tezlashtirilgan elektronlar bilan 30÷50 kGr yutilgan dozada nurlantirilgan izolyasiyalovchi polivinilxlorid naychalarning mexanik mustahkamligini oshishiga (~17 % ga) olib keluvchi polimerlarini radiatsiyaviy choklash usuli ishlab chiqilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

“Elektronika U003” elektronlar tezlatgichi bazasida radiatsiyaviy texnologik majmua yaratish asosida:

“Elektronika U-003” rusumli elektron tezlatgichi asosida ishlab chiqilgan ko‘p vazifali radiatsiyaviy texnologik majmua dasta tokining zichligini, elektronlar energiyasini va transporter tizimning hamda osma konveyer liniyasining tezligini hisobga olgan holda sanoat miqiyosida buyum va materiallarni zararsizlantirish (ishlov berish) usullarini ishlab chiqishga qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 noyabrdagi 2/1255-2952-son ma’lumotnomasi). Radiatsiyaviy texnologik majmuaning qo‘llanishi turli tashkilotlar bilan Yadro fizikasi instituti o‘rtasida tibbiyot mahsulotlari va farmatsevtika preparatlari xom-ashyolarini zararsizlantirish hamda polimer buyumlariga radiatsiyaviy ishlov berish bo‘yicha bajarilayotgan xo‘jalik shartnomalari doirasidagi xizmat turlarining oshishiga olib kelgan;

tibbiyot buyumlarini (jarrohlik tikish iplari, tibbiyot qo‘lqoplari, noto‘qima materialdan tayyorlangan jarrohlik to‘plamlari) radiatsiaviy zararsizlantirishning ishlab chiqilgan usullari Yadro fizikasi institutida bir martalik tibbiyot buyumlarini zararsizlantirishda qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 noyabrdagi 2/1255-2952-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan usullarning qo‘llanilishi mikrobiologik tozalikni me’yoriy hujjatlarda ko‘rsatilgan darajaga etkazish va “Elektronika U003” elektronlar tezlatgichida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish hamda xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha bajariladigan ishlar hajmini oshirish imkonini bergan;

farmatsevtika preparatlari xom-ashyolarini radiatsiaviy zararsizlantirishning ishlab chiqilgan usullari Yadro fizikasi institutida qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 noyabrdagi 2/1255-2952-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan usullarning qo‘llanilishi farmatsevtika preparatlari xom-ashyolarini dorivorlik xossalarini saqlagan holda zararsizlantirish va xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha bajariladigan ishlar hajmini oshirish imkonini bergan;

polimer materiallarni radiatsiyaviy choklash bo‘yicha yaratilgan usul Yadro fizikasi institutida polimer buyumlariga va materiallariga yangi sifat hamda foydalanish xossalarini berish uchun qo‘llanildi (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 8 noyabrdagi 2/1255-2952-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan usul “Elektronika U003” elektronlar tezlatgichida ko‘rsatilayotgan xizmatlar turini kengaytirish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish