Ochilov Akram Odilovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish», 08.00.13–Menejment (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Igt32.
Ilmiy maslahatchi: Zaynutdinov Shavkat Nuritdinovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, DSc.27.06.2017.I.16.01.
Rasmiy opponentlar: Abduraxmanov Qalandar Xodjaevich, akademik, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raximova Dilfuza Nigmatovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Saidov Muxammadali Xakimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent moliya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha ilmiy-nazariy, ilmiy-uslubiy va ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
zamonaviy innovatsion iqtisodiyotda natijalarga yo‘naltirilgan kontrolling menejment tamoyiliga muvofiq «butun umr davomida ta’lim» («life-learning») konsepsiyasiga o‘tish zarurati yuzasidan oliy ta’lim tizimida fanlar sonini optimallashtirish va OTMlarida o‘qish muddatini bir yilga qisqartirish asosida bakalavrlar va magistrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan;
oliy ta’lim sifatini oshirishni boshqarishning ko‘p bosqichli modeli taklif etilgan hamda OTMlarida shaklan milliy va mazmunan global ta’lim strategiyalari (ta’lim jarayonida «ustoz-shogird», innovatsion boshqaruv, OTM faoliyatining komponentlari bo‘yicha qiyosiy tahlil etish («benchmarking»), umumkasbiy va mutaxassislik kompetensiyalariga asoslangan ta’lim berish («tuning»), antiplagiat («TURNITIN») va ichki boshqaruv tizimlari (INTRANET)ni qo‘llash zarurati asoslab berilgan;
kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirishda o‘quv rejalari, dasturlari va yo‘nalish (mutaxassislik) fanlarini oddiylikdan murakkablikka yo‘naltirgan holda «kirish»–«oraliq»–«yakuniy» («Itroductory–intermediate–advanced») bosqichlar asosida o‘qitishni tashkil etish takliflari asoslab berilgan;
ta’lim standartlarini o‘zlashtirish darajasiga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga yangi shakldagi tabaqalashtirilgan-toifali diplomlar va “Bakalavrning sifat ko‘rsatkichlari” (intellektual, ma’naviy va boshqaruvchilik qobiliyatlari reytingi) ilovasini berish asosida talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirish mexanizmi taklif etilgan;
mehnat va ta’lim xizmatlari bozorining talablari, takliflari va OTMlarining mos yo‘nalish(mutaxassislik)lari asosida bitiruvchilarni korxonalarning bo‘sh o‘rinlariga taqsimlash modeli hamda «Korxona va tashkilotlarda ishlayotgan OTMlari bitiruvchilari faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini aniqlash metodologiyasi» orqali bakalavrlar va magistrlarni ishga joylashtirish samaradorligini oshirish mexanizmi ishlab chiqilgan;
globallashuv jarayonlarida raqobat muhitining keskinlashuvi sharoitida OTMlarining reytingi, raqobatbardoshligi va faoliyat ko‘rsatish samaradorligini oshirishda SWOT-tahlili va marketing-menejmentning yangi elementi (8R–professional bilimlar(professional knowledge))ni qo‘llash hamda oliy ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi natijalarini prognozlashtirish mexanizmi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yukori malakali kadrlar tayyorlashni boshkarish samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
zamonaviy innovatsion iqtisodiyotda natijalarga yo‘naltirilgan kontrolling menejment tamoyiliga muvofiq «butun umr davomida ta’lim» («life-learning» konsepsiyasiga o‘tish zarurati yuzasidan oliy ta’lim tizimida fanlar sonini kamaytirish va OTMlarida o‘qish muddatini bir yilga qisqartirish orqali bakalavrlar va magistrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 13 noyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi natijasida jamiyatda 10000 nafar aholiga to‘g‘ri keluvchi yuqori malakali kadrlar soni, OTMlari talabalari bilim va malakalarining mukammallashuv darajasi, jamiyat a’zolarining intellektual potensiali va mamlakatning inson taraqqiyoti indeksi ko‘rsatkichlari oshiriladi;
oliy ta’lim sifatini oshirishni boshqarishning ko‘p bosqichli modeli hamda OTMlarida shaklan milliy va mazmunan global ta’lim strategiyalari (ta’lim jarayonida «ustoz-shogird», innovatsion boshqaruv, OTM faoliyatining komponentlari bo‘yicha qiyosiy tahlil etish («benchmarking»), umumkasbiy va mutaxassislik kompetensiyalariga asoslangan ta’lim berish («tuning»), antiplagiat («TURNITIN») va INTRANET ichki boshqaruv tizimlari)ni qo‘llash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2017 yil 16 dekabrdagi 89-03-3310-son va 2018 yil 13 noyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomalari). Mazkur ilmiy yangilikning amaliyotga joriy etilishi har bir bosqichda ta’lim ishtirokchilarining vazifalari mazmuni va mas’uliyatlilik darajasini oshirib, boshqarish samaradorligini o‘rtacha 9,0 foizga va OTMlari bitiruvchilarining umumiy reytingini 0,1 ballga oshirilishiga, bir o‘quv yilida bir nafar talabaga sarflangan xarajatlarning 6,5 ming so‘m(0,79$)ga kamaytirilishiga olib kelgan; OTMlari bitiruvchilari reytingini 0,1 ballga oshirilishi natijasida 2017 yilda 10,5 mlrd.so‘m iqtisodiy samara olingan;
oliy ta’lim muassasalarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirishda o‘quv rejalari va dasturlarini oddiylikdan murakkablikka bosqichma-bosqich yo‘naltirilgan holda «kirish – «oraliq» – «yakuniy» («Itroductory-intermediate-advanced») tarzida o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 13 noyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Mazkur ilmiy yangilik orqali o‘quv rejalari va dasturlarining ketma-ketlikda tuzilishiga, talabalarning fanlarni oddiylikdan murakkablik darajasiga yo‘naltirilgan holda bosqichma-bosqich o‘rganishlari asosida OTMlarida kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirishga erishilgan;
ta’lim standartlarini o‘zlashtirish darajasiga muvofiq bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bitiruvchilariga yangi shakldagi tabaqalashtirilgan-toifali diplomlar va («Bakalavrning sifat ko‘rsatkichlari (intellektual, ma’naviy va boshqaruvchilik qobiliyatlari reytingi)» ilovasini berish asosida talabalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni vujudga keltirish mexanizmi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi amaliyotiga joriy etish uchun qabul qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 13 noyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Natijada davlat ta’lim standartlari talablarini talabalar tomonidan o‘zlashtirish darajasiga ko‘ra o‘quv jarayonida talabalarning sog‘lom raqobatlashuviga olib keladi, ish beruvchilarga bakalavrni uning diplomi hamda diplomning asosiy (DTS bo‘yicha baholari va reytingi) va ikkinchi (sifat ko‘rsatkichlari) ilovasiga asosan baholash va ishga olish bo‘yicha qaror qilishlariga imkoniyat yaratadi;
mehnat va ta’lim xizmatlari bozorining talablari, takliflari va OTMlarining mos yo‘nalish(mutaxassislik)lari asosida bitiruvchilarni korxonalarning bo‘sh o‘rinlariga taqsimlash modeli hamda «Korxona va tashkilotlarda ishlayotgan OTMlari bitiruvchilari faoliyatining ijtimoiy-iqtisodiy samaradorligini aniqlash metodologiyasi» orqali bakalavrlar va magistrlarni ishga joylashtirish samaradorligini oshirish mexanizmi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi «Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasi amaliyotiga joriy etilgan («Davsuvxo‘jaliknazorat» davlat inspeksiyasining 2017 yil 7 apreldagi 107-son ma’lumotnomasi). Taklif etilgan modelning amaliyotga joriy qilinishi natijasida bitiruvchilar ishga joylashuvining tezlashishi korxona va tashkilotlarning oliy ma’lumotli kadrlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish va yuqori malakali kadrlarning jamiyatga xizmat qilish darajasini oshirgan;
globallashuv jarayonlarida raqobat muhitining keskinlashuvi sharoitida OTMlarining reytingi, raqobatbardoshligi va faoliyat ko‘rsatish samaradorligini oshirishda SWOT-tahlili va marketing menejmentning yangi elementi(8R–professional bilimlar(professional knowledge))ni qo‘llash hamda oliy ta’lim-fan-ishlab chiqarish integratsiyasi natijalarini prognozlashtirish mexanizmi 5A230108 – «Monopoliyaga qarshi boshqaruv va raqobatni rivojlantirish» mutaxassisligi talabalariga «Korxona raqobatbardoshligini baholash» fanini o‘qitishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 13 noyabrdagi 89-03-3873-son ma’lumotnomasi). Natijada talabalarning nazariy va amaliy bilimlarini oshirgan va OTMlarida kadrlar tayyorlashni boshqarishda raqobat bozorini rivojlantirish uchun xizmat qilgan;
yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish samaradorligini oshirish bo‘yicha olingan ilmiy takliflar va tavsiyalar «Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining «Yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari» nomli
5-moddasining 10,12 va 14-bandlari; «Mahalliy davlat hokimiyati organlarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari» nomli 8-moddasining 2, 4, 6 va 7-bandlari; «Ta’limni davlat tomonidan boshqarish organlarining va ta’lim muassasalarining yoshlarga oid davlat siyosati sohasidagi vakolatlari» nomli 10-moddasining 4-6 va 8-bandlari; «Iqtidorli va iste’dodli yoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash» nomli 25-moddasining 2,5-8-bandlarida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasining 2017 yil 28 apreldagi 04/5-06-086-son ma’lumotnomasi). Qonunchilik hujjatlarining tayyorlanishida ilmiy tadqiqot ishining ilmiy takliflari va tavsiyalaridan maqsadli foydalanilgan.