Madiev Ruslan Xaitkulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi polietilen chiqindisini kompleks qayta ishlash texnologiyasi», 02.00.06–Yuqori molekulyar birikmalar (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/T966.
Ilmiy rahbar: Kudishkin Valentin Olegovich, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti, DSc.27.06.2017.K/FM/T.36.01.
Rasmiy opponentlar: Negmatov Sayibjon Sodiqovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik; Sodiqov Shuxrat G‘ofurovich, kimyo fanlari nomzodi.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasida chiziqli polietilen olish jarayonida hosil bo‘ladigan tarkibida quyi molekulyar polietilen tutgan suyuq chiqindini kompleks qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor uchta yangi mahsulot – quyi molekulyar polietilen, uglevodorodlarning past 130–2100S haroratda qaynovchi fraksiyasi va kub qoldig‘ini olgan holda polietilen ishlab chiqarish chiqindisini qayta ishlashning samarali texnologiyasi ishlab chiqilgan;
texnologik jarayonlarning modellarini shakllantirish orqali polietilen chiqindisini qayta ishlashning asosiy bosqichlari aniqlangan va komponentlarni ajratish texnologiyasi optimallashtirilgan;
chiqindi va uni qayta ishlash mahsulotlarining ekspluatatsion tavsiflarini belgilash imkoniyatini beruvchi fizik-kimyoviy xossalari aniqlangan;
bitum gidroizolyasiya materiallari va lok-bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarishda qo‘llaniladigan yordamchi plastifikator va erituvchi olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Polietilen ishlab chiqarish sanoat chiqindilarini qayta ishlashning chiqindisiz kompleks texnologiyasini joriy etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
organik erituvchilardagi quyi molekulyar polietilen suspenziyasidan komponentlarni ajratib olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan (№IAP 04947, 2011 y.). Natijada polietilen ishlab chiqarish sanoat chiqindisini utilizatsiya qilish hamda import o‘rnini qoplovchi va eksporga yo‘naltirilgan mahalliy mahsulotlar assortimentini kengaytirish imkonini bergan;
uchta yangi turdagi mahsulot quyi molekulyar polietilen, past haroratda qaynovchi fraksiya va kub qoldig‘ini olgan holda polietilen chiqindisini qayta ishlash texnologiyasi «Wide Steel Round» MChJda amaliyotga joriy etilgan («Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasi» MChJning 2018 yil 17 oktyabrdagi 030/6188-son ma’lumotnomasi). Natijada bitum gidroizolyasiya materiallari olish va texnik tavsiflari bilan NEFRAS S4-130/210 erituvchisiga qo‘yiladigan talablarga to‘liq muvofiq bo‘lgan past haroratda qaynovchi fraksiyani olish imkonini bergan.