Tajibaeva Dilfuza Erkinovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «XX asrning so‘nggi choragi o‘zbek she’riyatida poetik uslub muammolari», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fil.260.
Ilmiy rahbar: Boltaboev Hamidulla, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Namangan davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.05.02.
Rasmiy opponentlar: Karimov Naim Fotihovich akademik, filologiya fanlari doktori, professor; Sabirdinov Akbarali G‘ofurovich filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Alisher Navoiy nomidagi O‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: XX asrning so‘nggi choragi o‘zbek she’riyatidagi poetik uslub muammosini Xurshid Davron, Shavkat Rahmon va Usmon Azim ijodi misolida o‘rganish, ularning idrok va ifoda etish uslublarini eng sara asarlari orqali tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Xurshid Davron ijodidagi tarixiy timsol yaratishning o‘ziga xosligi, Shavkat Rahmon she’riyatidagi falsafiy-ijtimoiy uslub, Usmon Azim ijodidagi isyonkorlik poetik timsollar ifodasi orqali aniqlangan;
ijodkor individualligi va badiiy asar uslubi o‘rtasidagi bog‘liqlik XX asrning so‘nggi choragi o‘zbek she’riyati vakillari ijodi misolida ochib berilgan;
Xurshid Davron, Shavkat Rahmon, Usmon Azim she’riyatida an’anaviy ramziy ranglarning o‘zgacha ma’nolari, ramziy-majoziy timsollar qo‘llanilishda uslub va janr munosabati aniqlangan;
ijodkor uslubi uning chizgilari, ya’ni mazmun va mohiyat birligi, badiiy san’atlar, poetik figuralar va ko‘chimlar ifodasida yuzaga chiqishi isbotlangan;
shakl va mazmun, mavzu va g‘oya birligida o‘zbek xalqining milliy tafakkur tarzi va badiiy-estetik idealining namoyon bo‘lishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XX asrning so‘nggi choragi o‘zbek she’riyatida poetik uslub muammolari bo‘yicha olingan natijalar asosida:
Xurshid Davron she’riyatida rang bilan bog‘liq ramziy-majoziy timsollarning turli xil ko‘rinishlari mavjudligi, oq rang – poklik, beg‘uborlik, yashil rang – yangilanish, jonlanish, moviy rang – musaffolik, cheksizlik, qora rang – zulmat, sariq rang – tushkunlik, unutish ma’nolarini ifodalab kelishi, Shavkat Rahmon uslubida falsafiy-ijtimoiy ruhdagi she’rlar o‘ziga xos o‘rin egallashi, shoirni ijtimoiy hayotda bo‘lib o‘tayotgan voqea-hodisalar, insoniy munosabatlardagi ziddiyatlarning o‘ylantirishi, fuqarolik burchi, shoirlik mas’uliyati, ruhiy barqarorlik shoir uslubining olmos qirralarini bezab turishi, Usmon Azim she’rlarida isyonkorlikning ramziy va majoziy ko‘rinishlarining ifodalanishi, uning qahramoni haqiqat va ezgulik yo‘lida o‘zini qurbon qilishga, xalq manfaatlarini himoya qilishga, adolatsizlik va har qanday razilliklarga qarshi kurashishga tayyor isyonkor xarakterning majoziy ko‘rinishi ekanligi to‘g‘risidagi xulosalardan Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetidagi F1-02 raqamli “Adabiyotshunoslik tarixining fundamental tadqiqi” fundamental loyihani bajarishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 27 avgustdagi 89-03-3054-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqorida ko‘rsatilgan fundamental loyihaning “Zamonaviy o‘zbek she’riyatida badiiy uslub”, “Poetik uslub va shakl hamda janr munosabatlari” kabi bo‘limlari boyitilgan va “badiiy asar uslubi”, “ijodiy o‘ziga xoslik” kabi ilmiy istilohlar izohlari mukammallashtirilgan;
Xurshid Davron, Shavkat Rahmon va Usmon Azimlar ijodiy o‘ziga xosligiga oid xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi Namangan viloyati teleradiokompaniyasining “Gul diyorim, Namangan” badiiy musiqali ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (Namangan viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 15 oktyabrdagi 08-02-817-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan;
Xurshid Davron hayoti va ijodiga bag‘ishlangan va shoirning “Bahordan bir kun oldin” she’riy kitobining taqdimotida, uyushma qoshidagi “Muzaffar so‘z” to‘garagi a’zolariga Shavkat Rahmon she’riyatiga bag‘ishlangan mahorat darslarini o‘tkazishda, Usmon Azimning “Dars”, “Baxshiyona”, “Ikkinchi aprel`” kitoblariga kiritilgan asarlarini tahliliga bag‘ishlangan yosh shoirlarga davra suhbatlari o‘tkazishda D.Tajibaevaning dissertatsiya materiallaridan foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Namangan viloyati bo‘limining 2018 yil 12 oktyabrdagi 121/01-son ma’lumotnomasi). Natijada, mahorat darslarida yosh avlod qalbida milliy adabiyotimizga bo‘lgan ehtiromni shakllantirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish, ijodkorlardagi poetik usullarning o‘ziga xosligiga alohida urg‘u berilgan. Ishtirokchilarda o‘zbek she’riyatiga nisbatan qiziqishni mustahkamlagan.