Gazieva Maftuna Muhammadovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Muloqot jarayonida prosodik vositalarning lingvopragmatik xususiyatlari», 10.00.01–O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/Fil321.
Ilmiy rahbar: Nabieva Dilora Abduxamidovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Lutfullaeva Durdona Esonovna, filologiya fanlari doktori, professor; Yuldashev Ma’rufjon Muhammadjonovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va fol`klori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqot maqsadi: muloqot jarayonida prosodik vositalar muammosini Uyg‘unning “Parvona” hamda Sh.Boshbekovning “Temir xotin” dramalari asosida sahnalashtirilgan asar qahramonlari nutqini eksperimental-fonetik usul bilan tadqiq etib, intonatsiyaning lingvopragmatik xususiyatlari mohiyatini oydinlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
intonatsiyaning amaliy ehtiyojlar maktabi davri, pnevmatik, intonografik metodga asoslangan eksperimental davr hamda zamonaviy kompyuter dasturlari asosida eksperimentlar o‘tkazish kabi uch ta xronologik davri ajratib ko‘rsatilgan;
intonatsion birliklar sifatida melodika, urg‘u, pauza, temp va tembr kabilarning funksiyalari hamda chegaralari aniqlangan;
prosodik vositalarning gapning kommunikativ tiplarini shakllantirish, nutqiy aktlar hosil qilish, gapning aktual bo‘linishidagi tema va remani ajratish, nutqda turli bo‘yoqlarni ifodalash kabi pragmatik funksiyalari asoslangan;
intonatsiyaning nutqdagi melodik va intensiv cho‘qqi miqdorlariga ko‘ra sekin, normal va me’yordan ortiq kabi nutq tiplari ajratilgan;
gapning aktual bo‘linishida tema va remani ajratish urg‘uning intensiv harakati va nutqning melodik harakati orqali amalga oshirilishi eksperimental-fonetik tahlil xulosalari bilan isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Muloqot jarayonida prosodik vositalarning lingvopragmatik xususiyatlari tadqiqi yuzasidan olingan ilmiy natijalar asosida:
tadqiqotda qo‘llangan matnlar prosodik qurilishining psixolingvistik tavsifi, matn yaratilishida nutq xususiyatlarining rolini belgilash borasidagi xulosalardan A-1-39 raqamli “O‘zbek amaliy psixolingvistikasini yaratish dasturini ishlab chiqish” amaliy ilmiy-texnik loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 23 martdagi 89-03-1095-son ma’lumotnomasi). Natijada matn yaratilishida so‘zlovchi va tinglovchining ruhiy holati, o‘zaro muloqotga kirishishda ishtirokchilar shaxs xususiyatlarining yorqin ochib berilishi masalalari ilmiy dalillar bilan boyishiga erishilgan;
prosodikaga oid frazaviy urg‘u, melodiya, ritm, intensivlik, temp, tembr kabi intonatsiyaning struktur birliklari haqidagi tushunchalar A-1-61 raqamli “Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun tilshunoslik fanlari bo‘yicha audiokitob ta’minotini yaratish” amaliy loyihasida foydalanilgan (Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 3 apreldagi 89-03-1233-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘quv qo‘llanma, uslubiy ko‘rsatmalar va ularning audiokitob shaklidagi nusxalarida qo‘llangan terminlar izohining mukammallashuviga erishilgan;
dissertatsiyada keltirilgan o‘zbek tilining o‘ziga xos intonatsiyasi, intonatsiyaning uslubiy jihatdan farqlanishi hamda vizual intonatsiya kabi ma’lumotlardan Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining “Farg‘ona yakshanbasi”, “Orzular fasli”, “Zamondosh” ko‘rsatuvlarini tayyorlash jarayonida foydalanilgan (Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 5 apreldagi 117-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu teleko‘rsatuvlar uchun tayyorlangan materiallarning mazmuni mukammallashgan, ilmiy dalillarga boy bo‘lishi ta’minlangan.