Qayumov Abduvaxob Abdurashidovichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Hozirgi o‘zbek nasrida milliy xarakter va badiiy mahorat (O‘tkir Hoshimov va Nabi Jaloliddin hikoyalari misolida)», 10.00.02–O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.PhD/Fil455.

Ilmiy rahbar: Solijonov Yo‘ldoshxo‘ja, filologiya fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Farg‘ona davlat universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, DSc.27.06.2017.Fil.05.02.

Rasmiy opponentlar: Mirzaeva Salima Rayimjonovna, filologiya fanlari doktori; Umurov Hotam Ikromovich, filologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot nomi: Guliston davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqot maqsadi: hozirgi o‘zbek nasrida milliy xarakter yaratish muammolarini, usul hamda vositalarini tadqiq etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ijodkorlarning milliy xarakter yaratishdagi mahorati badiiy nutq, peyzaj, portret, psixofiziologik holat, motiv, psixologik tasvir, inter`er kabi badiiy vositalar yordamida asoslangan;

milliy xarakter ikki xil usulda, ya’ni asar voqealari rivoji bilan hamohang ravishda va yozuvchining ijodiy kamoloti bilan bog‘liq bo‘lgan holda tadrijiy o‘sib borganligi isbotlangan;

asarlarda qalamga olingan ijtimoiy, siyosiy, madaniy jarayonlar ta’sirida shakllangan milliy xarakterning milliy g‘urur, milliy ong, milliy dunyoqarash kabi belgilari hamda hududiy, etnografik xususiyatlari misollar yordamida ishonarli dalillangan;

yozuvchi dunyoqarashi hamda asar qahramonlari milliy xarakterining shakllanishida oilaviy hamjihatlik, milliy tarbiya, o‘zbekona urf-odat va an’analar, o‘zaro mehr-shafqat kabi qadriyatlar ichki omil sifatida va boshqa xalqlar ta’sirida yanada teranlashgan vatanparvarlik, umuminsoniylik, urushga nafrat kabi tuyg‘ular tashqi omil sifatida yuzaga chiqishi asoslangan;

yozuvchilar tomonidan oilaviy munosabatlar, mahalla muhiti, diniy va dunyoviy qarashlar talqini kabi an’anaviy usullardan milliy xarakter yaratishda samarali foydalanilganligi isbotlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Hozirgi o‘zbek nasrida milliy xarakter va badiiy mahorat mavzusida olib borilgan mazkur tadqiqot natijalari asosida:

dissertatsiyada milliy xarakter talqini orqali ilgari surilgan vatanparvarlik, milliy qadriyatlarga hurmat, milliy g‘urur, milliy ong kabi tushunchalarga oid tahlillardan Farg‘ona viloyati hududiy innovatsiya faoliyati va texnologiyalar transferi markazi tomonidan 2015–2016 yillarda bajarilgan “Adabiy-madaniy va ma’rifiy meros asosida yosh avlodni milliy mafkura ruhida tarbiyalashning innovatsion tamoyillari” mavzusidagi innovatsion loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 apreldagi 89-03-1290-son ma’lumotnomasi). Natijada “Farg‘ona adiblari” nomli ilmiy risola tayyorlangan va adiblar ijodi tahliliga oid o‘rinlar ilmiy-nazariy jihatdan boyigan;

dissertatsiyadagi milliy qadriyatlar talqiniga oid o‘rganishlar hamda ijodkor shaxsining tadrijiy takomili borasidagi tahlillardan OT-F1-YuO raqamli “Imkoniyati cheklangan bolalar ijtimoiy faoliyatining badiiy ijodiyot vositalari asosida nazariy va amaliy takomillashuvi” mavzusidagi loyihada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 apreldagi 89-03-1290-son ma’lumotnomasi). Natijada “Shaxs va qadriyatlar dialektikasi” nomli monografiya tayyorlangan va milliy qadriyatlarning bugungi kundagi ahamiyati, yoshlar tarbiyasidagi o‘rni kabi masalalar misollar yordamida asosli bo‘lishiga erishilgan;

milliy tarbiya, shaxs xarakterini tarbiyalash va uning xalqimiz taraqqiyotidagi hissasini ochib berishga oid takliflardan “Ishoqxon to‘ra Ibrat” nomli uslubiy ko‘rsatmada foydalanilgan (Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2018 yil 5 apreldagi 89-03-1290-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur adabiyotning ilmiy, tarbiyaviy ahamiyati ortgan;

badiiy asardagi milliy xarakterning bugungi kitobxon, xususan, yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati, badiiy asar qahramonlarining milliy qadriyatlar targ‘ibotidagi o‘rni kabi tahlillardan Farg‘ona viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 3 martda efirga uzatilgan  kitob mutolaasiga oid “Ziyo sari” nomli ko‘rsatuvda, shuningdek, Farg‘ona radiosining “Adabiy muhit” radioeshittirishlari ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining 2018 yil 10 apreldagi 02-15/1338-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuv va eshittirishlar asosli ilmiy faktlar bilan boyigan;

badiiy detallarning milliy xarakterni ochib berishdagi ahamiyati tahliliga oid takliflardan Farg‘ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida saqlanayotgan tarixiy obidalarning milliy xususiyatlari, ularning xalq hayotidagi o‘rni va ahamiyatini izohlash va tushuntirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 15 apreldagi 01-11-08-3207-son ma’lumotnomasi). Natijada tinglovchilarda tarixiy eksponatlarning milliy mazmun-mohiyati bo‘yicha dunyoqarash kengaygan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish