Rustamov Davron Rustamovichning

fan doktori (DSs) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash yo‘nalishlari», 08.00.07–Moliya, pul muomalasi va kredit (iqtisodiyot fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.2.DSc/Iqt119.

Ilmiy maslahatchi: Xaydarov Nizomiddin Xamraevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent moliya instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti,  DSc.27.06.2017. I.17.01.

Rasmiy opponentlar: Olimjonov Odiljon Olimovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Umurzakov Baxodir Xamidovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raxmonov Dilshodjon Alidjonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.

Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: uzoq muddatli davrda pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash va samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli taklif va amaliy tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

pensiya jamg‘armasi daromadlari manbalari o‘rtasidagi nisbatni qisqartirish asosida pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlashda byudjet tashkilotlari va davlat korxonalari, ustav jamg‘armasi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ko‘proq miqdorda bo‘lgan yuridik shaxslar uchun yagona ijtimoiy to‘lovni 25 foiz miqdorida belgilash, shuningdek, boshqa yuridik shaxslar uchun ushbu to‘lov stavkasini 15 foizdan 12 foizgacha pasaytirish taklifi ishlab chiqilgan;

pensiya jamg‘armasi daromadlari barqarorligini ta’minlashda fuqarolarning jinsi va alohida kasbiy faoliyatlaridan qat’i nazar pensiya jamg‘armalari daromadlarini shakllantirish va foydalanishda teng ishtirokini ta’minlash taklif etilgan;

pensiya miqdori bilan xodimning mehnat staji davomiyligi o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni ta’minlash maqsadida yoshga doir pensiya tayinlash uchun talab etiladigan minimal mehnat staji davomiyligini Halqaro mehnat tashkiloti talablariga muvofiq 5 yildan 7 yilga oshirish taklif etilgan;

pensiyani imtiyozli shartlarda olish va pensiya olishga da’vogarlik qilish jarayonida mehnat stajini hisoblashda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini mehnat shartnomasi bo‘yicha xorijda to‘plagan mehnat stajini hisobga olish mexanizmini yo‘lga qo‘yish orqali pensiyalarni tayinlash va to‘lash amaliyoti takomillashtirilgan;

xorijiy mamlakatlarning ijtimoiy sug‘urta tizimida fuqarolarning ixtiyoriy pensiya tizimidagi ishtirokini rag‘batlantirish choralarini qo‘llash va avlodlar moliyaviy ishtiroki ekvivalentligini ta’minlash amaliyotini O‘zbekiston pensiya tizimini isloh etish jarayonida qo‘llash asoslangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:

O‘zbekiston Respublikasi Pensiya jamg‘armasining daromadlarini oqilona shakllantirish va xarajatlarini samarali sarflashga qaratilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining 2018 yil 27 iyundagi ShD/30-01-32-671-son ma’lumotnomasi). Natijada byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi daromadlari va xarajatlarining muvozanatini ta’minlash, tarkiblarini optimallashtirish orqali moliyaviy barqarorligini ta’minlash imkoniyatini bergan;

Pensiya jamg‘armasi daromadlari barqarorligini ta’minlash maqsadida fuqarolarning jinsi va alohida kasbiy faoliyatlaridan qat’i nazar pensiya jamg‘armalari daromadlarini shakllantirish va foydalanishda teng ishtirokini ta’minlash zarurligi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi  tomonidan amaliyotga tatbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparatining 2018 yil 27 iyundagi ShD/30-01-32-671-son ma’lumotnomasi) Natijada pensiya jamg‘armasining yillik xarajatlari qiymati qariyb 15,0 mlrd. so‘mga qisqargan;

Pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida yoshga doir pensiyalarni hisoblashda kamida 7 yillik mehnat stajiga ega bo‘lgan holatda pensiyani hisoblash tartibiga o‘tish maqsadga muvofiqligi to‘g‘risidagi taklifi O‘zbekiston Respublikasining 2016 yil 25 apreldagi O‘RQ-405-sonli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonunida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 26 sentyabrdagi DS/22-02-188-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida 1993 yil 3 sentyabrda qabul qilingan 938-XII-son “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 8-moddasiga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi pensiya ta’minotini amalga oshirish jarayonida byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasining moliyaviy barqarorligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash imkonini bergan;

 imtiyozli shartlarda pensiya olish va pensiya olishga da’vogarlik qilishda mehnat stajini hisoblash talablarini qayta ko‘rib chiqish, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining yollanish mehnat shartnomasi bo‘yicha xorijdagi mehnat stajini hisobga olish mexanizmiga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2016 yil 22 fevraldagi 46-sonli “Chet elda ishlayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari hamda ish vaqtini hisobga olib bo‘lmaydigan shaxslarning ayrim toifalari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga sug‘urta badallari to‘lash tartibini, shuningdek ularning pensiyani hisoblash uchun olinadigan ish stajini va ish haqi miqdorini hisobga olish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qarorida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 26 sentyabrdagi DS/22-02-188-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 8 sentyabrdagi 252-sonli “Davlat pensiyalarini tayinlash va to‘lash tartibini yanada takomillashtirishga yo‘naltirilgan normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgan va pensiya jamg‘armasi xarajatlarida kutilmagan xarajatlarning oldini olish imkoniyati yaratilgan;

pensiya jamg‘armasi moliyaviy barqarorligini ta’minlash maqsadida pensiya tizimini isloh etishning ilg‘or xorijiy tajribalarini qiyosiy tahlil etish asosida O‘zbekistonda pensiya ta’minotini moliyaviy barqarorligini ta’minlash va samaradorligini oshirish yuzasidan takliflari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2018 yil 26 sentyabrdagi DS/22-02-188-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflarning amaliyotda qo‘llanilishi o‘rta muddatli istiqbolda pensiya jamg‘armasi moliyaviy barqarorligini ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlari va istiqbol ko‘rsatkichlarini prognoz qilish imkoniyatini yaratgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish