Xajimuratov Nizomjon Shukurullaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobot auditini takomillashtirish», 08.00.08–Buxgalteriya hisobi, iqtisodiy tahlil va audit (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B2017.2.PhD/Iqt163.
Ilmiy rahbar: [Mamatov Zaynitdin Tulaboevich] iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent moliya instituti, DSc.27.06.2017.I.17.01.
Rasmiy opponentlar: Qo‘ziev Islomjon Ne’matovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent; Aliqulov Abdimo‘min Ismatovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobot auditini takomillashtirish yuzasidan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobot auditi bo‘yicha jiddiy xatolarga yo‘l qo‘yishni minimum darajaga keltirishda auditorlik fikrini shakllantirishning uch bosqichli tizimi ishlab chiqilgan;
aksiyadorlik jamiyatlari auditorlik tekshiruvlarida audit amallarini tizimli qo‘llashda moliyaviy hisobotning beshta bazaviy elementlarini aniqlash taklifi ishlab chiqilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida auditorlik tekshiruvi sifatini oshirishda auditorlik dalillarini olish amallari tarkibiga “tashqi tasdiqnoma” va “qayta tekshirish” amallarini qo‘shish taklifi ishlab chiqilgan;
aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga transformatsiyalashning beshta bosqichi takomillashtirilgan va bu jarayonda qo‘llaniladigan maxsus ishchi schyotlar rejasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aksiyadorlik jamiyatlarida moliyaviy hisobot auditini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar asosida:
moliyaviy hisobot auditi bo‘yicha auditorlik fikrining shakllantirish bosqichlarini belgilash yuzasidan takliflar O‘zbekiston Respublikasi Auditorlar palatasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Auditorlar palatasining 2018 yil 17 fevraldagi 20/01-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida auditorlar tomonidan tekshiruv o‘tkazish jarayonida o‘z fikrini tizimli tarzda shakllantirish imkonini berib, sifatli auditorlik xulosasini tuzish imkoniyatini yaratgan;
auditorlik tekshiruvlarida moliyaviy hisobot elementlarini aniqlash bo‘yicha ilmiy tavsiyasi “MEXMOST” AJ tomonidan amaliyotga joriy qilingan (“MEXMOST”) AJning 2018 yil 29 martdagi 82-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif amaliyotga joriy etilishi natijasida moliyaviy hisobotda aktivlar, kapital, majburiyatlar, daromad va xarajatlarni tarkiblashtirilgan shaklda bir-biriga nisbatan joylashtirilgan holda ko‘rib chiqish auditorlik tekshiruvlarida moliyaviy hisobot elementlarini uning bazaviy tarkib birligi sifatida baholash imkonini bergan;
auditorlik dalillarini olish amallari tarkibini kengaytirish bo‘yicha takliflar O‘zbekiston Respublikasi Auditorlar palatasi tomonidan amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Auditorlar palatasining 2018 yil 17 fevraldagi 20/01-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi auditorlik dalillarini olish imkoniyatini kengaytirishga, auditorlik dalillarining mosligi va etarliligini ta’minlashga, auditorlik xulosasining ob’ektivligi va sifatining oshishiga xizmat qilgan;
moliyaviy hisobotni xalqaro standartlarga transformatsiyalash bosqichlarini belgilash hamda ushbu jarayonda maxsus schyotlar rejasini qo‘llash bo‘yicha ilmiy tavsiya “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Ichki audit xizmati (“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ Ichki audit xizmatining 2018 yil 4 maydagi 28-son ma’lumotnomasi) hamda “Toshkent mexanika zavodi” AJ tomonidan (“Toshkent mexanika zavodi” AJning 2018 yil 4 apreldagi DF-58-son ma’lumotnomasi) amaliyotda qo‘llanilgan. Mazkur taklifni amaliyotga joriy etilishi moliyaviy hisobotlarning shaffofligi va ulardagi ko‘rsatkichlarning aniqligini ta’minlanish va moliyaviy hisobotlarni xalqaro standartlarga transformatsiya qilishda vaqtni tejash va mehnat resurslaridan samarali foydalanish imkonini bergan.