Xalmirzaev Dilmurad Kamilovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Intensiv bog‘lar uchun kuchsiz o‘suvchi olcha va olxo‘ri ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasini takomillashtirish», 06.01.07–Mevachilik va uzumchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.1.PhD/Qx245.
Ilmiy rahbar: Islamov Soxibjon Yaxshilikovich, qishloq xo‘jalik fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti va Andijon qishloq xo‘jaligi instituti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.
Rasmiy opponentlar: Kayimov Abduxalil Kayimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Fayziev Jamoliddin Nosirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: olcha va olxo‘ri payvandtaglari kolleksiyasidan o‘sish kuchi cheklangan, qurg‘oqchilikka chidamlisini ajratish, ular asosida intensiv tipdagi bog‘ barpo qilishga mo‘ljallangan kuchsiz o‘suvchi ko‘chat etishtirish texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor chetdan introduksiya qilingan olcha va olxo‘rining vegetativ yo‘l bilan ko‘pyuvchi payvandtaglari rivojlanishining morfo-biologik ko‘rsatkichlari o‘rganilgan va ular o‘sish kuchi bo‘yicha guruhlari aniqlangan;
ona payvandtaglarning yoshiga xos parxish mahsuldorligi aniqlangan va eng yuqori parxish mahsuldorligini ta’minlovchi maqbul ekish sxemasi ishlab chiqilgan;
olcha va olxo‘rining klon payvandtaglari kolleksiyasidan qurg‘oqchilikka chidamli shakllari aniqlangan;
maxsus inshootda olcha va olxo‘rining klon payvandtaglarini yashil qalamchasidan etishtirishning samarali texnologiyasi ishlab chiqilgan;
kurtak payvand qilish muddatining payvandust kurtaklarning tutishi va navdor ko‘chatlarning rivojlanishiga ta’siri aniqlangan;
kurtak payvand usulida etishtirishda navdor ko‘chatlar chiqishining payvandtag turiga bog‘liqligi aniqlangan;
olcha va olxo‘ri payvandtaglarning o‘sish kuchiga bog‘liq ravishda kurtak payvand qilishning mo‘’tadil muddatlari aniqlangan;
olcha va olxo‘rining intensiv bog‘ barpo qilishga mo‘ljallangan kuchsiz o‘suvchi ko‘chatlarini etishtirishda har xil o‘sish kuchiga ega payvandtaglarga payvand qilinuvchi interkalyar qo‘yilmaning uzunligi maqbullashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Intensiv bog‘lar uchun kuchsiz o‘suvchi olcha va olxo‘ri ko‘chatlarini etishtirish texnologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
vegetativ yo‘l bilan P-7 va P-3 payvandtaglarida olchaning «Shpanka chernaya» navi ko‘chatlarini ko‘paytirish texnologiyasi Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi «Ohang asl tulpori» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 noyabrdagi 02/30-210-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu ko‘chatlardan 5000 dona miqdorida ko‘paytirilganda gektaridan 296153 ming so‘m foyda olingan hamda urug‘idan ko‘paytirilgan payvandtaglardan etishtirishga nisbatan 1,6 marta yuqori ko‘rsatkichni tashkil etgan;
olchaning «Shpanka chernaya» navi ko‘chatlarini kuchsiz o‘suvchi vegetativ yo‘l bilan «VSL-2» va «SAV-6R» payvandtaglarida ko‘paytirish texnologiyasi Namangan viloyati Chortoq tumanidagi «Nurbek Komiljon» fermer xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 noyabrdagi 02/30-210-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘chatlardan 4000 dona miqdorida etishirilganda gektaridan 279315 ming so‘m foyda olingan hamda urug‘idan ko‘paytirilgan kamxastak olcha payvandtagidan etishtirishga nisbatan 1,5 marta yuqori samaradorlikka erishilgan;
olxo‘rining «Ispolinskaya» navi ko‘chatlarini vegetativ yo‘l bilan kuchsiz o‘suvchi «OD 2-3» payvandtaglarida ko‘paytirish texnologiyasi Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot instituti ekin maydonlarida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 noyabrdagi 02/30-210-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu ko‘chatlardan 3000 dona miqdorida etishtirilganda gektaridan 283152 ming so‘m foyda olingan hamda samaradorlik urug‘idan ko‘paytirilgan payvandtaglardan etishtirishga nisbatan 1,3 marta yuqori bo‘lishi aniqlangan;
olchaning «Shpanka chernaya» navi ko‘chatlarini kuchli o‘suvchi urug‘idan kamxastak olcha va vegetativ yo‘l bilan ko‘paytirilgan OVP-4 payvandtaglari Farg‘ona viloyati Quva tumanidagi akademik M.Mirzaev nomidagi Bog‘dorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy- tadqiqot institutining Farg‘ona tajriba stansiyasida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 23 noyabrdagi 02/30-210-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu ko‘chatlarning 30 sm uzunlikdagi kuchsiz o‘suvchi P-3 payvandtagini oraliq qo‘yilmasi bilan 6000 dona miqdorida etishtirishda gektaridan 177235 ming so‘m foyda olishga erishilgan.