Nadjiev Juraxon Narsaydovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Pomidor va baqlajonning transportbop, bo‘rtma nematodalariga chidamli nav va G‘1 duragaylar seleksiyasi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.DSc/Qx17.

Ilmiy maslahatchi: Aramov Muzaffar Xoshimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Ergashev Ibragim Tashkentovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Rizaeva Safiya Mamedovna, biologiya fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: pomidor va baqlajonning serhosil, ertapishar, transportbop, bo‘rtma nematodasi hamda bo‘rtma nematodasi va kladosporiozga guruhli chidamli nav va G‘1 duragaylarini yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor pomidor va baqlajonning patogenlarga chidamli yuqori va barqaror hosil beradigan nav va F1 duragaylari seleksiyasining uslublari ishlab chiqilgan va ilmiy asoslangan;

O‘zbekistonning quruq subtropik iqlimi sharoitida pomidorning transportbop, bo‘rtma nematodasi va kladosporiozga kompleks chidamli, baqlajonning ertapishar va bo‘rtma nematodasiga chidamli nav va duragaylar seleksiyasi uchun boshlang‘ich manba yaratilgan;

pomidor va baqlajonning F1 duragaylari yaratilgan va istiqbollilari belgilangan;

O‘zbekiston janubi sharoiti pomidor va baqlajon genotiplarining patogenlarga chidamliligini, adaptiv va kombinatsion qobiliyatini aniqlashda fon sifatida baholangan va shu asosda yangi genetik manbalar ajratilgan va yaratilgan;

pomidorning transportbop, bo‘rtma nematodasi va kladosporiozga, baqlajonning ertapishar va bo‘rtma nematodasiga chidamli yangi nav va duragaylari yaratilgan;

baqlajonning birinchi avlod duragaylarida bo‘rtma nematodasiga chidamlilikning nasldan-naslga to‘liq dominant belgi sifatida o‘tishi aniqlangan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Pomidor va baqlajonning transportbop, bo‘rtma nematodasiga chidamli nav va G‘1 duragaylar seleksiyasi bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

pomidorning bo‘rtma nematodasiga chidamli yaratilgan «Surxan 142», transportbop, bo‘rtma nematodasiga chidamli «Zakovat», baqlajonning ertapishar «Surxon» go‘zali navlari Davlat reestriga kiritilgan (Qishloq xo‘jalik ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 30 maydagi 53/4–313-son va Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 maydagi 02/029–85-son ma’lumotnomalari). Natijada ushbu navlar Surxondaryo viloyati dehqon va fermer xo‘jaliklarida jami 136 gektar maydonga joriy etilgan;

erta bahorgi muddatdapomidorning «Surxon 142» va «Zakovat» navlari Termiz tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 25,5 gektar, Qumqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 13,0 gektar, Jarqo‘rg‘on va Angor tumanidagi fermer xo‘jaliklarida 15,0 gektar va  baqlajonning «Surxon go‘zali» navi jami 63,5 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 maydagi 02/029-85-son ma’lumotnomasi). Natijada rayonlashgan navlardan muvofiq ravishda gektaridan 3,5–4,8 va 2,8–3,0 tonna yuqori hosil olishga erishilgan,  rentabellik darajasi pomidorda 32,3 foiz, baqlajonda 27,5 foizni tashkil etgan;

g‘alladan bo‘shagan maydonlarda takroriy ekin sifatida pomidorning «Surxan 142» va «Zakovat» navlari 2016-2017 yillarda Termiz tumanidagi  fermer xo‘jaliklarida 12,0 gektar, baqlajonning «Surxon go‘zali» navi 13,0 gektar, Qumqo‘rg‘on tumanidagi fermer xo‘jaliklarida mos holda 10,0 va 9,0 gektar, Jarqo‘rg‘on tumanidagi  fermer xo‘jaliklarida 14,0 va 14,5 gektar maydonlarda joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 25 maydagi 02/029–85-son ma’lumotnomasi). Natijada rayonlashgan navlardan muvofiq ravishda gektaridan 3,0–4,3 va 2,0–2,5 tonna yuqori hosil olishga erishilgan, rentabellik darajasi pomidorda 29,3 foiz, baqlajonda 24,5 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish