Abdiev Fozil Rashidovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G‘o‘zaning yangi tizma va navlarini yaratishda genetik-statistik uslublarni qo‘llash», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.DSc/Qx53.

Ilmiy maslahatchi: Saydaliev Xakimjon, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat agrar universiteti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc27.06.2017.Qx.13.01.

Rasmiy opponentlar: Narimanov Abdujalil Abdusamatovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Ibragimov Paridun Shukurovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Boboev Sayfulla G‘ofurovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.

Yetakchi tashkilot: Genomika va bioinformatika markazi.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: g‘o‘zaning geografik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan yovvoyi namunalari ishtirokida olingan yuqori avlod duragaylardan yirik ko‘sakli, tola chiqimi yuqori bo‘lgan ashyolarni ajratish va genetik-statistik usullarni qo‘llashning ahamiyatini tahlil qilish asosida genetik bir xilligi yuqori bo‘lgan nav va tizmalarni yaratishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor g‘o‘zaning geografik kelib chiqishi uzoq bo‘lgan yirik ko‘sakli, yuqori tola chiqimiga ega namunalarni duragaylash asosida olingan yuqori avlod duragay populyasiyasida qimmatli xo‘jalik belgilarining o‘zgaruvchanligi hamda ular orasidagi o‘zaro bog‘liqliklar aniqlangan;

tola chiqimi bilan tola uzunligi va 1000 dona chigit vazni orasidagi salbiy bog‘lanishlarni tanlovlar natijasida ijobiy tomonga o‘zgartirish mumkinligi isbotlangan;

g‘o‘zaning G. barbadense L. turlariga mansub o‘simliklarida bitta ko‘sakdagi paxta vaznini bitta lo‘ppakdagi paxta vazni va lo‘ppakdagi chigitlar soni bilan o‘zaro bog‘liqligi, ko‘saklarning chanoqlar soni, hosil shoxlarini joylashish balandligiga bog‘liqligi isbotlangan;

T-93 tizmasini oilalarini diallel sxema bo‘yicha chatishtirib, qimmatli xo‘jalik belgilarining irsiylanishini o‘rganish asosida ushbu tizmada seleksion ahamiyatga ega bo‘lgan oilalar borligi aniqlangan;

ijobiy natijalar ko‘rsatgan oilalar chigitlarini jamlagan holda yuqori qimmatli xo‘jalik belgilariga ega va bir xilligi yuqori bo‘lgan tizmalar yaratilgan;

tadqiqotlar asosida o‘rta tolali g‘o‘zaning ToshDAU-100 va SP-7701 navlari yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G‘o‘zaning yangi tizma va navlarini yaratishda genetik-statistik uslublarni qo‘llashni takomillashtirish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

mahalliy va xorijiy nav hamda namunalarni murakkab duragaylash orqali o‘rta tolali g‘o‘zaning «SP-7702» navi 2017 yilda Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasiyasining nav sinash stansiyasi va uchastkalarida sinalgan (Qishloq xo‘jaligi ekinlari navlarini sinash Davlat komissiyasining 2018 yil 15 yanvardagi 53-4/28-son ma’lumotnomasi). Natijada yangidan yaratilgan o‘rta tolali g‘o‘zaning «SP-7702» navi Ellikqal’a nav sinash stansiyasida gektaridan 38,0 sentner paxta hosili olingan va tola chiqimi 37,7 foizga teng bo‘lishiga erishilgan;

o‘rta tolali g‘o‘zaning «SP-7702» navini urug‘lik chigitlarini dastlabki ko‘paytirish Xorazm viloyati Xonqa tumani «Saloy Yoqubov» elita urug‘chilik xo‘jaligining 1 gektar maydonida elita va 7,7 gektarda birinchi avlod urug‘lari ekilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 29 martdagi 96-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu navni Xorazm viloyatiga rayonlashtirish uchun urug‘lik chigitlari ko‘paytirilgan;

g‘o‘zaning o‘rta tolali «ToshDAU-100» navi yaratilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 20 apreldagi 01/20-29-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida o‘rta tolali g‘o‘zaning «ToshDAU-100» navidan Qo‘rg‘ontepa nav sinash stansiyasida gektaridan 40,5 sentner paxta hosili olingan va tola chiqimi 37,6 foizga teng bo‘lishiga erishilgan;

yangidan yaratilgan «ToshDAU-100» navining urug‘larini dastlabki ko‘paytirish Qashqadaryo viloyati Kasbi tumanidagi Paxta seleksiyasi urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti Qashqadaryo ilmiy-tajriba stansiyasi elita xo‘jaligida joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 29 martdagi 96-son ma’lumotnomasi). Natijada andoza «S-6524» naviga nisbatan gektaridan 4,0 sentner qo‘shimcha paxta hosili olingan, tola chiqimi bo‘yicha 2,8 foizni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish