Xudoyqulov Zarif To‘raqulovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Camarali kriptografik kalitlarni generatsiyalash usullari va algoritmlari», 05.01.05–Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.PhD/T353.
Ilmiy rahbar: Ganiev Salim Karimovich, texnika fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.27.06.2017.T.07.01.
Rasmiy opponentlar: Aloev Raxmatillo Juraevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Tuychiev G‘ulom Numonovich, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: «UNICON.UZ» – fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tasodifiylik darajasi yuqori aniqlikka ega samarali kriptografik kalitlarni generatsiyalash imkoniyatini beruvchi hamda ularni esda saqlashni va olib yurishni talab etmaydigan usul va algoritmlarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tahdid modeli va uning asosida tasodifiy sonlar generatori tomonidan generatsiyalangan ketma-ketliklar entropiyasini aniq hisoblovchi usul ishlab chiqilgan;
hodisalar manbalarini mantiqiy guruhlarga ajratish asosida tasodifiy sonlar generatoridan kelayotgan qiymatlarni «pul»larda to‘plash usuli takomillashtirilgan;
simmetrik blokli shifrlash va kalitli xesh-funksiya algoritmlarini sanagich rejimida foydalanish orqali psevdotasodifiy sonlarni generatsiyalash usuli va algoritmi ishlab chiqilgan;
barmoq izi tasviridagi muhim nuqtalar orasidan qalbakilarini aniqlash orqali kriptografik kalit uchun kerakli axborotni ajratish usuli takomillashtirilgan;
barmoq izi yordamida kalitlarni esda saqlashni va xavfsiz olib yurishni talab etmaydigan samarali kriptografik kalitlarni generatsiyalash usuli va algoritmi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ishlab chiqilgan tahdid modeli va unga asoslangan entropiyani hisoblash usuli orqali samarali kriptografik kalitlarni generatsiyalash usullari, algoritmlari hamda dasturiy vositalari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
samarali kriptografik kalitlarni generatsiyalash bo‘yicha «BIO KEY BINDING SYSTEM», «Trusted (Pseudo) random number generators» va «WIN RNG» dasturiy vositalariga «UNICON.UZ» DUK tomonidan foydalanish mumkinligi to‘g‘risida xulosa berilgan («UNICON.UZ» DUKning 2018 yil 7 noyabrdagi xulosasi). Natijada mavjud hodisalar manbalaridan hosil bo‘lgan qiymatlar entropiyasini o‘lchash asosida tasodifiy kalitlarni, ular asosida bardoshli psevdotasodifiy kalitlarni generatsiyalash va kalitlarni samarali boshqarish imkoniyatlari yaratilgan;
hodisalar manbaidan kelayotgan axborot entropiyasini aniq hisoblash asosida mantiqiy ajratilgan «pul»larda saqlash orqali shakllantirilgan tasodifiy qiymatga ko‘ra kalitlarni generatsiyalash imkoniyatini beruvchi dasturiy vosita «UNICON.UZ» DUKning amaliy faoliyatiga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 5 oktyabrdagi 33-8/7438-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida ma’lumotlarni to‘plovchi maxsus qurilma ma’lumotlarni shifrlashda zarur ishonchli tasodifiy kalitlar bilan ta’minlanib, ularni doimiy yangilash imkonini bergan;
simmetrik blokli shifrlardan va kalitli xesh-funksiyalardan sanagich rejimida foydalanish asosida kriptografik infratuzilmalar, simmetrik, ochiq kalitli va autentifikatsiya tizimlari uchun turli tasodifiy qiymatlarni va kalitlarni generatsiyalash imkonini beruvchi dasturiy vosita «AlpCrypto» MChJga joriy qilingan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 5 oktyabrdagi 33-8/7438-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan dasturiy vosita NIST Special Publication 800-22 testlar to‘plami doirasida 95,3% tasodifiylik darajasiga ega ketma-ketliklarni generatsiyalash imkonini bergan;
barmoq izi asosida kalitlarni saqlashni va olib yurishni talab etmaydigan kriptografik kalitlarni generatsiyalash usulining dasturiy vositasi «MironSoft» korxonasiga joriy etilgan (Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligining 2018 yil 5 oktyabrdagi 33-8/7438-son ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijasida barmoq izi asosida 128 va 256 bitli kalitlarni generatsiyalovchi dasturiy vosita kalitlarni generatsiyalash samaradorligini 78%gacha oshirish imkonini bergan.