Qaxxorov Izzatulla Tilavovichning

dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «G.hirsutum L. turining geografik uzoq duragaylari asosida g‘o‘zaning yangi navlarining olinishi va ishlab chiqarishga joriy etilishi», 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2018.4.DSc/Qx102.

Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.

Ilmiy maslahatchi: Abdullaev Abdumavlyan Abdullaevich, biologiya fanlari doktori, akademik.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc.27.06.2017.Qx.13.01.

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti olingan: «Kelajak» g‘o‘za navi (NAR 00135); «AN-419» g‘o‘za navi (NAR 00139) va «AN-514» g‘o‘za navi (NAR 00109).

O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining 2018 yil 28 iyuldagi 02-11/1965, 02-11/1967 va 02-11/1059-son xulosalari.

II. Tadqiqotning maqsadi: G.hirsutum L. turining geografik uzoq va navlararo duragay populyasiyalari asosida g‘o‘zaning yangi navlarining olinishi, sara urug‘lik chigitini etishtirish va ishlab chiqarishga joriy etishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

ilk bor O‘zbekiston Respublikasi sharoitida g‘o‘zaning meksika ruderal shakllarining turli mamlakatlar  madaniy   navlari bilan olingan  duragay populyasiyalarining qimmatli-xo‘jalik belgilari ilmiy asoslangan;

yangi duragay ashyolarda morfo-biologik belgilarning irsiylanish, o‘zgaruvchanlik va irsiyatni ta’minlovchi genetik qonuniyatlar aniqlangan;

gibridologik tahlil uslubi orqali nazariy va amaliy seleksion jarayonlarda foydalanish uchun donor tizmalar ajratib olingan;

o‘rta tolali g‘o‘zada jug‘rofiy uzoq navlararo va meksika shakllari bilan duragaylash asosida irsiy jihatdan boyitilgan genotipli L-2689, L-2777 tizmalari olingan;

turlararo (G. hirsutum x G. barbadense)  L-6161 tizmasini Bolgariyaning 146  g‘o‘za navi bilan duragaylashdan olingan L-38 tizmasining populyasiyasi asosida g‘o‘zaning yangi “Kelajak” navi yaratilgan;

 g‘o‘zaning madaniy AN-415 va  Qirg‘iziston-3  navlarining  duragaylaridan olingan L-12 tizmasining populyasiyasi asosida “AN-419”  g‘o‘za navi yaratilgan;

g‘o‘zaning madaniy  AN-510 va Qirg‘iziston-3  navlarining duragaylaridan  olingan L-4 tizmasining populyasiyasi asosida “AN-514”  g‘o‘za navi yaratilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

G.hirsutum L. turining geografik uzoq va navlararo duragay populyasiyalari asosida g‘o‘zaning yangi navlarining olinishi, sara urug‘lik chigitini etishtirish va ishlab chiqarishga joriy etish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:

qimmatli-xo‘jalik belgilariga ega bo‘lgan ertapishar, serhosil, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamli, tola sifati va chiqimi yuqori bo‘lgan “Kelajak”, “AN-419” va “AN-514” navlari yaratilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga patentlari olingan (NAR 00135, NAR 00139, NAR 00109). Natijada mazkur g‘o‘za navlari respublikaning paxtachilik fermer xo‘jaliklarida katta paxta maydonlariga ekish uchun tavsiya etilgan;

g‘o‘zaning o‘rta tolali “Kelajak” navi 2012 yildan Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent viloyati va 2013 yildan Andijon viloyati uchun istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan, 2016 yildan Toshkent viloyati uchun rayonlashtirilgan hamda 3200 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-268-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu g‘o‘za navi o‘zining ertapisharligi, serhosilligi, kasallik va qurg‘oqchilikka chidamliligi, tola sifati va chiqimi yuqoriligini namoyon etgan;

g‘o‘zaning “AN-419” navi 2011 yildan Surxondaryo viloyati uchun istiqbolli navlar ro‘yxatiga kiritilgan va oxirgi yillarda Qashqadaryo viloyati paxtachilik fermer xo‘jaliklarida 480 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-268-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida ushbu g‘o‘za navidan yuqori paxta hosili olingan, tolaning texnologik sifat ko‘rsatkichi va iqtisodiy samaradorlik oshganligi aniqlangan;

g‘o‘zaning “AN-514” navi 2009 yildan Farg‘ona viloyati,  2011 yildan Navoiy viloyatiga  qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish uchun davlat reestriga kiritilgan va yillar bo‘yicha Farg‘ona va Navoiy viloyatlarida 1100 gektar paxta maydoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2018 yil 2 oktyabrdagi 02/020-268-son ma’lumotnomasi). Natijada ushbu g‘o‘za navidan andoza navlarga nisbatan mo‘l va tola sifati yuqori paxta hosili olishga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish