Sultanova Gavxar Karimovnaning
iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): «Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishning nazariy va uslubiy jihatlari», 08.00.09 – Jahon iqtisodiyoti (iqtisodiyot fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Iqt604
Ilmiy rahbar: Sirajiddinov Nishanbay, iqtisodiyot fanlari doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, DSc.11/25.08.2022.I.24.03
Rasmiy opponentlar: Bekmurodov Adham Sharipovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, Alimov Ravshan Arifovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor, A’zam Sardor Erkin o‘g‘li, iqtisodiyot fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Ilg‘or xalqaro tajribaning fundamental va amaliy akademik tadqiqotlari asosida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Eksportni diversifikatsiya qilishning zamonaviy konsepsiyalarini chuqur tahlil qilish asosida AKT indeksining rivojlanayotgan mamlakatlarni eksport tovar konsentratsiyasi va eksport diversifikatsiyasi indekslariga ta’siri ekonometrik baholangan. Boshqa shartlar teng bo‘lganida, AKT indeksining bir qiymatga oshishi eksport konsentratsiyasi indeksining 0,0339 qiymatga va eksport diversifikatsiyasi indeksining 0,0968 qiymatga pasayishiga olib kelishi aniqlangan.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda AKT indeksi va eksport tovar konsentratsiyasi indeksi o‘rtasidagi munosabatlarga inson kapitalining sezilarli ta’siri tizimli GMM baholash modelidan foydalanish asosida aniqlangan va isbotlangan. Inson kapitali sifati yuqori bo‘lsa, AKT indeksining o‘sishi eksport konsentratsiyasi indeksining pasayishiga yordam beradi, bu esa rivojlanayotgan mamlakatlarda eksport diversifikatsiyasini jadallashtirishda inson kapitali sifati va AKT rivojlanishining muhimligini asoslab beradi.
Kuznes ekologik egri chizig‘i gipotezasini hisobga olgan va panel avtoregressiyasi va taqsimlangan lag usulidan foydalangan holda, global miqyosda, shuningdek, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar kontekstida, umumiy Theil indeksi va uning tarkibiy qismlarining ekologik izga ta’siri empirik baholangan. Umumiy Theil indeksi va intensiv marja komponentining bir qiymatga oshishi rivojlangan mamlakatlar guruhida ekologik izning 3,65% va 3,86% kamayishiga va rivojlanayotgan mamlakatlar guruhida ekologik izning, mos ravishda, 4,8% va 5,12% oshishiga olib kelishi isbotlangan. O‘zbekistonda eksport tovar konsentratsiyasi indeksining 1% ga ko‘tarilishi qisqa muddatda ekologik izning 0,2% ga, uzoq muddatda esa 0,19% oshishiga olib kelishi birinchi marta hisoblangan.
Qisqa va uzoq muddatli istiqbolda O‘zbekiston eksportining tovar tarkibi va geografik yo‘nalishini diversifikatsiya qilish imkoniyatlari “Mahsulot maydoni” (Product Space) usuli va ITC eksport salohiyati xaritasi (ITC Export Potential Map) metodologiyasidan foydalanish asosida aniqlangan.
UNCTAD ishlab chiqarish salohiyati indeksi tarkibiy qismlarini tahlil qilish asosida eksportni diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish maqsadida O‘zbekistonning ishlab chiqarish imkoniyatlarini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilab berilgan. Qisqa va uzoq muddatga mo‘ljallangan aniq chora-tadbirlarni ko‘rsatuvchi, aniqlangan muammolar, ularni hal etish bo‘yicha takliflar va amalga oshirishdan kutilayotgan natijalarni o‘z ichiga olgan, eksportni diversifikatsiya qilishni jadallashtirish bo‘yicha kompleks mexanizm ishlab chiqilgan.
O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish va eksport tarkibida yuqori qo‘shilgan qiymatga ega bo‘lgan tovarlar ulushini oshirish maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida eksportni moliyalashtirishning zamonaviy mexanizmlari, jumladan, eksport faktoringi va ta’minot zanjirini moliyalashtirish taklif etilgan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish sharoitida O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishning nazariy va uslubiy jihatlarini tadqiq qilish boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Dissertatsiya ishining birinchi ilmiy yangiligi, rivojlanayotgan mamlakatlar eksportining konsentratsiya va diversifikatsiya indekslariga AKT indeksining ta’sirini ekonometrik baholash natijalaridan O‘zbekistonda eksport diversifikatsiyasini chuqurlashtirishning asosiy yo‘nalishlarini aniqlash va eksport salohiyatini oshirish chora-tadbirlarini ishlab chiqishda hamda ilmiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda foydalanilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 28 fevraldagi 03-21-00207-sonli ma’lumotnomasi; JIDU “JST kafedrasi” loyihasining 2024-yil 14-noyabrdagi № 128/24-sonli ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining ikkinchi ilmiy yangiligi, rivojlanayotgan mamlakatlarda AKT indeksi va eksportning tovar konsentratsiyasi indeksi o‘rtasidagi munosabatlarga inson kapitalining sezilarli ta’siri mavjudligi xulosadan JSTga a’zo bo‘lish jarayonida O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishni chuqurlashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqish hamda ilmiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda foydalanilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 28 fevraldagi 03-21-00207-sonli ma’lumotnomasi; JIDU “JST kafedrasi” loyihasining 2024-yil 14-noyabrdagi № 128/24-sonli ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining uchinchi ilmiy yangiligidan, xususan, eksportni diversifikatsiya qilish jarayonida ekologik barqarorlikni ta’minlash maqsadida O‘zbekistonning ekologik siyosatini takomillashtirish bo‘yicha takliflaridan “JST kafedrasi” loyihasi doirasida tashkillashtirilgan xorijiy va respublika ilmiy amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari materiallari hamda ilmiy-tahliliy materiallarni tayyorlashda foydalanilgan (JIDU “JST kafedrasi” loyihasining 2024-yil 14-noyabrdagi № 128/24-sonli ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining to‘rtinchi ilmiy yangiligi, O‘zbekiston eksportining tovar tarkibi va geografik yo‘nalishini diversifikatsiya qilish imkoniyatlarini belgilab beruvchi tahlil natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentyabrdagi ““O‘zbekiston - 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-son Farmonining kichik va o‘rta biznesning xalqaro bozorlarga chiqishiga imkoniyatlarni kengaytirish, mikro moliyalashtirishni rivojlantirish, innovatsiyalar va startaplarni qo‘llab-quvvatlash hamda yirik biznes bilan kooperatsiyani rivojlantirishning yangi instrumentlarini amaliyotga joriy etish bo‘yicha samaradorlik ko‘rsatkichlarida o‘z aksini topgan (Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 28 fevraldagi 03-21-00207-sonli ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining beshinchi ilmiy yangiligidan, xususan, Markaziy Osiyo davlatlarining chegaradosh hududlarida erkin savdo zonalari, transchegaraviy iqtisodiy hamkorlik zonalari, transchegaraviy erkin iqtisodiy zonalar va o‘sish uchburchagi kabi xalqaro iqtisodiy hamkorlik zonalari va qo‘shma klasterlarni yaratish orqali eksportni diversifikatsiya qilish maqsadida O‘zbekiston korxonalarining global va mintaqaviy qo‘shilgan qiymat zanjirlariga integratsiyalashuvini chuqurlashtirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 6-avgustdagi ““Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi” erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-283-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-maydagi ““Termiz xalqaro savdo markazi” erkin savdo zonasi faoliyatini yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-176-sonli qarori va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 28-fevraldagi ““Ozbekiston – Turkmaniston” erkin savdo zonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-90-sonli qarorida ushbu taklif o‘z aksini to‘pgan. Mazkur ilmiy taklifning amaliyotga joriy etilishi natijasida, O‘zbekiston Respublikasida xo‘jalik yurituvchi subektlarning mintaqaviy va xalqaro qo‘shilgan qiymat zanjirlariga ulanish, hamda respublikada ishlab chiqarilayotgan tovarlarining eksport bozorini diversifikatsiya qilish imkoni yaratilgan (Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 28 fevraldagi 03-21-00207-sonli ma’lumotnomasi).
Dissertatsiya ishining oltinchi ilmiy yangiligidan, xususan, eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmini takomillashtirish bo‘yicha takliflari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 14-yanvardagi “2021-yilda O‘zbekiston Respublikasi eksport salohiyatini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4949-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 21-oktyabrdagi “Eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-6091-sonli farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 24-maydagi “Eksport faoliyatini moliyalashtirish va sug‘urta himoyasi mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi PQ-4337-sonli qarorida o‘z aksini topgan. Mazkur ilmiy takliflarning amaliyotga joriy etilishi natijasida, eksport faoliyatini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash mexanizmi takomillashtirishtirilib, respublika eksport salohiyatini oshirish imkoni yaratilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 13-fevraldagi 08-06/70-sonli ma’lumotnomasi; Oʻzbekiston Respublikasi Investisiyalar, sanoat va savdo vazirligining 2025-yil 28 fevraldagi 03-21-00207-sonli ma’lumotnomasi).
O‘zbekistonda eksportni moliyalashtirish hajmini oshirish maqsadida faktoring operatsiyalarini tartibga soluvchi milliy qonunchilikni xalqaro standartlar va me’yorlarga muvofiqlashtirish, faktoring xizmatlarini ko‘rsatuvchi kredit tashkilotlari xodimlarini o‘qitish va malakasini oshirish, faktoringdan foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risida tadbirkorlarning bilim va xabardorlik darajasini oshirish, ixtisoslashgan faktoring tashkilotlari tomonidan faktoring xizmatlarini ko‘rsatish amaliyotini joriy qilish orqali eksport faktoringini kengroq qo‘llash taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 12-avgustdagi “Faktoring xizmatlari bozorini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-109-sonli farmonida o‘z aksini topgan. Mazkur ilmiy takliflarning amaliyotga joriy qilinishi natijasida, O‘zbekiston Respublikasi tadbirkorlik subektlari uchun tashqi savdo operatsiyalarida faktoring operatsiyalarini keng qo‘llash imkoni yaratilgan (O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining 2025-yil 13-fevraldagi 08-06/70-sonli ma’lumotnomasi).