Ibragimov Faxriddin Nusratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy qoidalar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): ““Kichik tib qonuni” asarining atribusiyasi va uning tib tarixidagi o‘rni” mavzusidagi 07.00.02 – Fan va texnologiyalar tarixi va 07.00.08 – Tarixshunoslik, manbashunoslik va tarixiy tadqiqot usullari.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:B 2025.1.PhD/Tar812
Ilmiy rahbar: Karimova Surayyo Ubaydullaevna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,
DSc.02/30.12.2019.Tar.44.01
Rasmiy opponentlar: T.f.d, Sanobar Bazarbaevna Shadmanova; t.f.n. Nuryog‘di Iskndarovich Toshev.
Yetakchi tashkilot: Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: “Kichik tib qonuni” muallifini hamda asarning tib tarixidagi o‘rnini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘rta asrlarda Ibn Sinoning “Tib qonunlari”ga o‘nta “Qisqartma” va “Qonuncha”lar yozilgani, bu turdagi asarlar “Tib qonunlari”ning barcha yoki ayrim qismlariga tuzilgani, ularning O‘zbekiston, Iroq, Turkiya, Eron, Suriya va Misr kabi mamlakatlar hududida XI–XXI asrlar oralig‘ida yozilganligi aniqlangan. Bu esa “Tib qonunlari”ning katta ilmiy va amaliy ahamiyatga ega asar bo‘lib, mazkur hududlardagi tabobat ilmining rivojiga ta’sir qilganligini ko‘rsatadi.
Tadqiqotlar natijasida mazkur “Kichik tib qonuni”asarning muallifi kunyasi Abu Ali bo‘lgan Abdurrahmon ibn Mandavayh ekanligi isbotlangan. Uning tanilgan tabib bo‘lgani 50 ga yaqin asar yozib, ulardan tabobatga oid 18 tasi etib kelgani, tabobat tarixida ko‘z tabibi va yunon tabibi Galen (vaf. 216) asarlarining sharhlovchisi sifatida o‘z o‘rniga ega bo‘lganligi manbalar asosida ochib berilgan.
“Kichik tib qonuni”ning qo‘lyozmalaridagi qayd va muhrlarni o‘rganish orqali bu asar mazmuniga ko‘ra foydalanishga qulay, amaliy qo‘llanma shaklida yozilganligi, unga qiziqish yuqori bo‘lgani, ya’ni undan nafaqat oddiy xalq, balki jamiyatning turli tabaqalari: sultonlar, mashhur kitobdorlar, falakiyot sohasi vakillari va tabiblar foydalanganligi dalillangan.
Ibn Sinoning “Tib qonunlari” va Ibn Mandavayhning “Kichik tib qonuni”ni solishtirish natijasida tomir urishi, peshobdan dalil olish kabi tashxis usullarida, shuningdek, ovqatlanish tartibi, qo‘llangan dorilar va organizmni tozalash yo‘llari kabi terapevtik vositalarda farq borligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
O‘rta asrlarda Ibn Sinoning “Tib qonunlari”ga o‘nta “Qisqartma” va “Qonuncha”lar yozilganligi, bu turdagi asarlar “Tib qonunlari”ning barcha yoki ayrim qismlariga tuzilgan bo‘lib, ularning O‘zbekiston, Iroq, Turkiya, Eron, Suriya va Misr kabi mamlakatlar hududida yaratilganligi haqidagi xulosalar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan buyurtma asosida tayyorlangan “O‘rta asr sharq allomalari va mutafakkirlari ensiklopediyasi” nomli kitob mazmuniga singdirilgan. (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2023-yil 15 dekabr №02/556 ma’lumotnomasi). Bu esa Ibn Sinoning”Tib qonunlari” mazkur hududlardagi tabobat rivojiga ta’sir qilgani va bu ta’sir asarga turli davrlarda yozilgan “Qisqartma” va “Qonuncha”larda aks etganini ko‘rsatadi.
“Kichik tib qonuni” muallifi Ibn Sino, deb ko‘rsatilgan nashr va tadqiqotlar tahlil qilinib, ularning xulosalari noto‘g‘ri ekanligi, mazkur asarning muallifi kunyasi Abu Ali bo‘lgan Abdurrahmon ibn Mandavayh ekanligi, “Kichik tib qonuni”ning qo‘lyozmalaridagi qayd va muhrlarni o‘rganish orqali bu asar mazmuniga ko‘ra foydalanishga qulay, amaliy qo‘llanma shaklida yozilganligi, unga qiziqish yuqori bo‘lgani, ya’ni undan nafaqat oddiy xalq, balki jamiyatning turli tabaqalari vakillari foydalanganligi, Ibn Sinoning “Tib qonunlari” va Ibn Mandavayhning “Kichik tib qonuni”ni solishtirish natijasida ayrim tashxis va terapevtik usullarda farq borligi haqidagi xulosalar O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Xalq mulki” ko‘rsatuvida e’lon qilingan. (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” DUKning 2021-yil 05 oktyabrdagi № 02-Yo-2444-son ma’lumotnomasi). Natijada bugunga qadar faqat Ibn Sino qalamiga mansub asarlargina emas, balki unga nisbat berilganlari ham borligi va tadqiqot natijasida ularning soni bittaga kamaygani, shu bilan birga, bu asar tibbiy manba sifatida ham ahamiyatga ega ekanligi haqida xabar berilgan.