Xojieva Shaxlo Xazratovnaning
filologiya fanlari doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Cho‘lpon ijodida jahon estetik tafakkurining poetik sintezi”.
10.00.02. – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Fil635
Dissertatsiya bajarilgan muassasa: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/25.08.2021.Fil.01.16.
Ilmiy konsultant: Quronov Dilmurod Haydaralievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Rasmiy opponentlar: Hamdamov Ulug‘bek Abduvahobovich, filologiya fanlari doktori, professor; Afoqova Nodira Maxmudovna filologiya fanlari doktori, professor, Tojiboeva Muqaddas Abduraximovna filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Chirchiq davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jahon estetik tafakkurining Cho‘lpon ijodiy kamolotida tutgan o‘rni, shoir she’riyati va nasri takomilida dunyo va qardosh xalqlar adabiyoti yutuqlarining poetik sintezi qonuniyatlarini asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Evropa ma’rifatchiligi va Turkiston jadidchilik harakati shakllanishi va takomilidagi o‘zaro mushtarak va farqli jihatlar aniqlanib, jamiyat hayotining barcha jabhalarini ilm-ma’rifat vositasida isloh etish, ma’rifatchilikdan siyosiy mustaqillik uchun kurashishgacha bo‘lgan jarayonni bosib o‘tish bilan bog‘liq mutanosiblik va o‘ziga xoslikni belgilovchi qonuniyatlar asoslangan. Milliy estetik tafakkur takomilida yangi davrni boshlab bergan jadid adabiyoti maydonga kelishi jahon adabiy harakatchiligi kontekstida baholanib, Abdulhamid Cho‘lpon ijodining ana shu yangi adabiyotda tutgan o‘rni tayin etilgan;
jadid ijodkorlari tomonidan jahon adabiyotidan qilingan tarjimalar milliy adabiyotimiz poetik yangilanishiga kuchli ta’sir etgan muhim badiiy-estetik omil ekani yoritilib, u orqali jahon adabiyoti durdonalaridagi mazmun va shakl o‘zbek adabiyotiga transformatsiyalangani, yangi janrlar kirib kelgani ochiqlangan hamda buning isboti sifatida milliy adabiyotimizda roman, drama, sonet kabi janrlarning qaror topish yo‘llari isbotlangan;
Cho‘lponning yangi o‘zbek she’riyatiga asos solgani, uning shakl-shamoyili, mazmun-ruhi, marom-ohangini bir butunlikda – o‘zining lirik ijodida ko‘rsatib bergani, Sharq nazmiy an’analarining Cho‘lpon she’riyatidagi takomili poetik obrazlar misolida kuzatilishi, obrazlar tizimining mushtarakligi an’anaviylikni, ular ifoda etayotgan mazmun novatorlikni belgilovchi xususiyatlar ekani dalillangan. Shoir ijodiy tafakkurining yuksalishi G‘arb va rus she’riyatidan ta’sirlanishi natijasi ekani Shekspir, Gyote, Pushkin, Blok kabi shoirlar she’rlari va ularning Cho‘lpon amalga oshirgan tarjimalari bilan qiyoslash asosida ochib berilgan;
ijodining shakllanish bosqichida turk-tatar va ozarbayjon zamonaviy adabiyoti bilan yaqindan tanishuvi Cho‘lponning shoir va shaxs sifatidagi kamolotiga zamin yaratgani, ijodkor sifatidagi o‘sishi tatar ma’rifatchi-mutafakkirlari (I.Gasprali, Mullanur Vohidov, Zaki Validiy) ta’siridan boshlangani, ularning ma’rifat va ozodlik bilan bog‘liq g‘oyalari yosh shoir dunyoqarashi, Cho‘lpon bilan Abdulla To‘qay, Mag‘jon Jumaboy kabi qardosh shoirlar ijodi va qarashlaridagi uyg‘unlik yoritilgan;
Cho‘lponning nosir sifatida shakllanishi va kamolotiga ta’sir etgan omillar rus nasri hamda hind adibi Robindranat Thokur ijodi namunalaridan qilgan tarjimalari va ilmiy maqolalari misolida asoslangan. Cho‘lponning rus tilini mukammal bilgani, uning nasrdagi ijodiy yutuqlari rus prozasi, xususan, Maksim Gorkiy, Serafimovich asarlaridan amalga oshirgan tarjimalaridagi mahoratida namoyon bo‘lishi “Ona” va “Kecha va kunduz” romanlaridagi syujet o‘xshashligi, ma’naviy-ruhiy jihatdan uyg‘un obrazlar (Ona va Qurvonbibi, Pavel Vlasov va Sharafiddin Xo‘jaev, Mixail Vlasov va Razzoq so‘fi) kabilar, “Tong” hikoyasi tarjimasidagi o‘ziga xosliklar asosida dalillangan. Adibning, rus nasrini ijodiy o‘rganishdan tashqari tarjima orqali rus yozuvchilari ijodiy laboratoriyasiga chuqurroq kirib borgani, ulardan puxta ijodiy saboqlar olgani isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Cho‘lpon ijodida jahon estetik tafakkurining poetik sintezi muammosini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Evropa ma’rifatchiligi va Turkiston jadidchilik harakati shakllanishi va takomilidagi o‘zaro mushtarak va farqli jihatlar, jamiyat hayotining barcha jabhalarini ilm-ma’rifat vositasida isloh etish, ma’rifatchilikdan siyosiy mustaqillik uchun kurashishgacha bo‘lgan jarayonni bosib o‘tish bilan bog‘liq mutanosiblik va o‘ziga xoslikni belgilovchi qonuniyatlarga doir xulosalardan hamda milliy estetik tafakkur takomilida yangi davrni boshlab bergan jadid adabiyoti maydonga kelishi jahon adabiy harakatchiligi kontekstida baholangani, Abdulhamid Cho‘lpon ijodining ana shu yangi adabiyotda tutgan o‘rni tayin etilgani bilan bog‘liq xulosalardan ToshDO‘TAUda akademik Sh.S.Sirojiddinov rahbarligida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jidlik monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan. Natijada jadid ijodkorlari tomonidan jahon adabiyotidan qilingan tarjimalar milliy adabiyotimiz poetik yangilanishiga kuchli ta’sir etgan muhim badiiy-estetik omil ekani, u orqali dunyo adabiyoti durdonalaridagi mazmun va shakl o‘zbek adabiyotiga transformatsiyalangani, yangi janrlar kirib kelgani hamda buning isboti sifatida milliy adabiyotimizda roman, drama, sonet kabi janrlarning qaror topish yo‘llariga oid xulosalar loyihani yangi ilmiy-nazariy qarashlar bilan boyitgan;
Cho‘lponning yangi o‘zbek she’riyatiga asos solgani, uning shakl-shamoyili, mazmun-ruhi, marom-ohangini bir butunlikda – o‘zining lirik ijodida ko‘rsatib bergani, Sharq nazmiy an’analarining Cho‘lpon she’riyatidagi takomili poetik obrazlar misolida kuzatilishi, obrazlar tizimining mushtarakligi an’anaviylikni, ular ifoda etayotgan mazmun novatorlikni belgilovchi xususiyatlar ekaniga oid tahlillardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2018-2020 yillarda bajarilgan “IL-52 tur-21091433 raqamli "O‘zbek milliy madaniyatiga xos atamalarga oid maqolalar bazasini yaratish" (Vikipediya elektron ensiklopediyasi rnezonlari asosida)” nomli amaliy tadqiqot loyihasida foydalanilgan. Cho‘lpon ijodiy tafakkurining yuksalishi G‘arb va rus she’riyatidan ta’sirlanishi natijasi ekani Shekspir, Gyote, Pushkin, Blok kabi shoirlar she’rlari va ularning shoir amalga oshirgan tarjimalari bilan qiyoslash asosida ochib berilganiga doir ilmiy xulosalar elektron platforma materiallarining davr nuqtayi nazaridan xilma-xilligini ta’minlagan;
Cho‘lpon ijodining shakllanish bosqichida turk-tatar va ozarbayjon zamonaviy adabiyoti bilan yaqindan tanishuvi shoir va shaxs sifatidagi kamolotiga zamin yaratgani, ijodkor sifatidagi o‘sishi Ismoilbek Gasprali, Mullanur Vohidov, Zaki Validiy kabi tatar va qrim-tatar ma’rifatchi-mutafakkirlari ta’siridan boshlangani, ularning ma’rifat va ozodlik bilan bog‘liq g‘oyalari yosh shoir dunyoqarashini o‘zgartirgani, Cho‘lpon bilan Abdulla To‘qay, Mag‘jon Jumaboy singari qardosh shoirlar ijodi va qarashlaridagi uyg‘unlik bilan bog‘liq qarashlardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023 yillarda bajarilgan “PF-201912258 – “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” amaliy loyihasida foydalanilgan. Cho‘lpon estetik tafakkurining takomili jahon va qardosh turkiy xalqlar adabiyoti yutuqlarining poetik sintezi samarasi ekanligiga oid ilmiy-nazariy qarashlar elektron platforma materiallarining yangi adabiy fakt va materiallar bilan boyitilishini ta’minlagan;
“O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu”, “Tarixiy savol”, “Javohir” va “Taqdimot” nomli ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda Sh.Xojievaning Evropa ma’rifatchiligi va Turkiston jadidchilik harakati shakllanishi va takomilidagi o‘zaro mushtarak va farqli jihatlar, Cho‘lponning nosir sifatida shakllanishi va kamolotiga ta’sir etgan omillar, rus nasri hamda hind adibi Robindranat Thokur ijodi namunalaridan qilgan tarjimalari va ilmiy maqolalari, uning nasrdagi ijodiy yutuqlari rus prozasi, xususan, Maksim Gorkiy, Serafimovich asarlaridan amalga oshirgan tarjimalaridagi mahoratida namoyon bo‘lishi bilan bog‘liq xulosalardan foydalanilgan. Natijada Cho‘lponning “Kecha va kunduz” va Maksim Gorkiyning “Ona” romanlaridagi syujet o‘xshashligi, ma’naviy-ruhiy jihatdan uyg‘un obrazlar (Ona va Qurvonbibi, Pavel Vlasov va Sharafiddin Xo‘jaev, Mixail Vlasov va Razzoq so‘fi kabilar), “Tong” hikoyasi tarjimasidagi o‘ziga xosliklar haqidagi qarashlar ko‘rsatuvlar saviyasini oshirishga xizmat qilgan.
Ilmiy ishlar va innovatsiyalar
bo‘yicha prorektor: Y.Ergashov
Ilmiy Kengash raisi: N.A.Rahmanov
Ilmiy Kengash kotibi: M.B.Xujamkulova
Ilmiy konsultant: D.H.Quronov
Talabgor: Sh.X.Xojieva