Ishmuxamedova Ra’no Chorievnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Bug‘doyning tezpishar Chillaki navi hosildorligiga ekish muddatlari va oziqlantirish me’yorlarining ta’siri», 06.01.08–O‘simlikshunoslik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Qx127.
Ilmiy rahbar: Irnazarov Ismatulla, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.27.06.2017.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Ibragimov Nazirbay Madrimovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Xudoyqulov Jonibek Bozorovich, qishloq xo‘jaligi fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘simlikshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qashqadaryo viloyatining tabiiy sharoiti noqulay (shamol erroziyasiga uchragan) cho‘l hududlarining sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning «Chillaki» navini ekish muddatlari va ma’dan o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning don hosili hamda sifatiga ta’sirini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Qashqadaryo viloyatining tuproq-iqlim sharoitlari noqulay (shamol erroziyasiga uchragan) cho‘l hududlarining sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning maqbul ekish muddati aniqlangan;
kuzgi bug‘doyning tezpishar navidan salmoqli va sifatli don hosili olishni ta’minlaydigan maqbul oziqlantirish rejimi ishlab chiqilgan;
sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlar sharoitida maqbul ekish muddati va oziqlantirish me’yorining kuzgi bug‘doyning o‘sishi, rivojlanishi, hosil elementlarining shakllanishi, don hosildorligi va sifatiga ta’siri aniqlangan;
sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlar sharoitida kuzgi bug‘doyning tezpishar navlarini azotli o‘g‘itlar bilan oziqlantirishning don shakllanishiga ta’siri aniqlangan hamda eng maqbul oziqlantirish me’yor va muddatlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kuzgi bug‘doyning tezpishar «Chillaki» navi hosildorligiga ekish muddatlari va oziqlantirish me’yorlarining ta’sirini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
kuzgi bug‘doyning tezpishar «Chillaki» navining maqbul ekish muddatlari va oziqlantirish me’yorlarini qo‘llash yuzasidan «Janubiy mintaqalar sharoitida kuzgi yumshoq bug‘doyning tezpishar navlari hosildorligini oshirishda maqbul ekish muddatlari va oziqlantirish me’yorlari bo‘yicha tavsiyalar» ishlab chiqilib, fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligi tomonidan 2018 yil 14 aprelda tasdiqlangan). Buning natijasida gektaridan qo‘shimcha 111-148 ming so‘mgacha sof foyda olinib, rentabellik darajasi 16,3-26,9 foizgacha oshgan;
kuzgi bug‘doyning tezpishar navlarini maqbul muddatlarda ekish natijasida yuqori hosildorlikka erishish va don sifatini yaxshilash agrotexnologiyasi Qashqadaryo viloyatining Qarshi, G‘uzor, Koson tumanlarida 2008 yilda 188 gektar, 2009 yilda 186 gektar, 2010 yilda 213 gektar maydonga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 23 oktyabrdagi 02/21-554-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida kuzgi bug‘doyning unib chiqishi, tuplanishi, tuplash bo‘g‘inida shakar to‘plashi, o‘simliklarning qishlab chiqishi, hosilning shakllanishi, donning texnologik sifat ko‘rsatkichlari (1000 ta don massasi, natura og‘irligi, shishasimonlik darajasi, oqsil va kleykovina miqdorlari) yaxshilangan va hosildorlik gektariga 10-11 sentnergacha oshgan;
Qashqadaryo viloyatining sug‘oriladigan bo‘z-o‘tloqi tuproqlari sharoitida kuzgi bug‘doyning oziqlantirish rejimini (me’yorlari va muddatlari) maqbullashtirilgan agrotexnologiyalar g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklarida keng maydonlarga joriy etilgan (Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligining 2017 yil 23 oktyabrdagi 02/21-554-son ma’lumotnomasi). Buning natijasida bir xildagi to‘liq va bo‘liq don hosili shakllangan hamda gektaridan 165-276 ming so‘mgacha sof foyda olingan, rentabellik darajasi 39-65 foizgacha oshib borgan.