Abdusalomov Akmalbek Bobomirzaevichning
dissertatsiya himoyasisiz fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun taqdimnoma himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “Sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rishi yondoshuvlaridan foydalangan holda turli xil muhitlarda yong‘inni aniqlash usullari va algoritmlari”, 05.01.11-“Raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/T870.
Ilmiy maslahatchi: Maxkamov Baxtiyor Shuxratovich, iqtisod fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
Imiy kengash (IK) faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami:
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/05.05.2023.T.07.03.
Rasmiy opponentlar: Igamberdiev Xusan Zakirovich, texnika fanlari doktori, professor, O‘zR FA akademigi; Muxamedieva Dildora Kabilovna, texnika fanlari doktori, dotsent; Atadjanov Ibragim Ravshanbekovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rishi yondoshuvlaridan foydalanib, turli xil muhitlarda yong‘inni aniqlash usullari va algoritmlarini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tasvirlarga ishlov berish usullari asosida turli muhitlarda va yong‘inning turli bosqichlarida olingan yong‘in hamda tutun tasvirlarini o‘z ichiga olgan yangi, keng qamrovli va annotatsiyalangan ma’lumotlar to‘plami yaratilgan;
yong‘in tasvirlarining sifatini yaxshilash maqsadida, gistogrammani tenglashtirish, moslashuvchan gistogrammani tenglashtirish hamda kontrast cheklangan adaptiv gistogrammani tenglashtirish modellari lokal kontrastni oshirish va shovqinni kamaytirish orqali takomillashtirilgan;
sun’iy intellekt modellari asosida kamera va uchuvchisiz uchish apparatlaridan olingan tasvirlar yordamida yong‘inning turli bosqichlarini real vaqt rejimida tahlil qilib, yong‘inni aniqlash jarayonini tezlashtiruvchi algoritmlar ishlab chiqilgan;
YoLOv tarmoqlarining dastlabki qatlamlariga maxsus xususiyatlarni ajratib olish uchun kengaytirilgan konvolyusion bloklar qo‘shilishi natijasida, yong‘inning rangi, o‘lchami va shakliga bog‘liq bo‘lmagan, mavjud usullarga nisbatan yorug‘lik sharoitlarining keskin o‘zgarishlariga chidamli va yuqori aniqlikdagi yong‘inni aniqlash usullari ishlab chiqilgan;
kichik va to‘silgan yong‘inlarni yuqori hisoblash samaradorligi bilan aniqlash imkonini beruvchi, yong‘in xususiyatlarini ajratib olishda transformerlarga asoslangan MITI-DETR, DETR va AMSO-SFS algoritmlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sun’iy intellekt va kompyuter ko‘rishi yondoshuvlaridan foydalangan holda turli xil muhitlarda yong‘inni aniqlash usullari va algoritmlari asosida:
Tadqiqot natijalari sifatida ishlab chiqilgan ilmiy taklif va amaliy tavsiyalar amaliyotga joriy etilganligi toʻgʻrisida Janubiy Koreyaning Xalqaro Patent va Advokatlik Byurosining patent, foydali model, savdo belgisi, dizayn va lisenziyalash bo‘yicha bosh nazorat idorasidan “Chuqur o‘rganishga asoslangan yong‘in nazorati (Deep learning-based fire monitoring system)” (patent ariza raqami: 10-2022-0141048, patent raqami: 10-2624333, ro‘yxatdan o‘tgan sana: 2024-yil 19-yanvar) nomli yong‘in nazorati tizimlari uchun patent olingan. Ushbu ixtiro sun’iy intellekt va chuqur o‘rganishga asoslangan yong‘in monitoringi tizimini taklif etadi, u real vaqt rejimida muayyan hududning ko‘rinadigan spektrdagi tasvirlarini tahlil qilishga qaratilgan. Tizim kamida bitta yong‘in detektori yordamida tasvirlarni qayta ishlaydi hamda boshqariladigan sensorlar orqali yong‘in mavjudligini aniqlaydi. Ushbu yondashuv yong‘in xavfsizligini oshirish maqsadida yuqori aniqlik va samaradorlikka ega ilg‘or texnologiya sifatida ishlab chiqilgan (http://www.kipris.or.kr/khome/main.jsp).
Ishlab chiqilgan usul va algoritmlar asosida “Ko‘zi ojizlar uchun aqlli ko‘zoynaklar yordamida yong‘inni aniqlash usuli va qurilmasi (Method and apparatus for detecting fire by using smart glasses for blind)” nomli Janubiy Koreyaning Xalqaro Patent va Advokatlik Byurosining patent, foydali model, savdo belgisi, dizayn va lisenziyalash bo‘yicha bosh nazorat idorasidan yong‘in nazorati tizimlari uchun patent olingan (patent ariza raqami: 10-2022-0141048, patent raqami: 10-2024-0063219, ro‘yxatdan o‘tgan sana: 2024-yil 10-may). Ushbu ixtiroda ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi shaxslar uchun maxsus ishlab chiqilgan yong‘inni aniqlash va xabar berish tizimi ishlab chiqilgan. Tizim YoLOv4 modeliga asoslangan konvolyusion neyron tarmog‘idan (CNN) foydalanib, aqlli ko‘zoynaklar bilan integratsiyalangan bo‘lib, real vaqt rejimida yong‘inni aniqlash va ogohlantirish imkonini yaratgan (http://www.kipris.or.kr/khome/main.jsp).