Matkarimov Farrux Ilxomovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Dukkakli ekinlar (no‘xat, mosh) ning morfofiziologik xususiyatlariga mikrobiologik o‘g‘itlarning ta’siri», 03.00.07 – O‘simliklar fiziologiyasi va biokimyosi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/B520.
Ilmiy rahbar: Baboev Saidmurat Kimsanboevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Matniyazova Hilola Xudayberganovna, biologiya fanlari doktori, professor; Xusanov Toxir Sunnatovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik. 
II. Tadqiqotning maqsadi: dukkakli ekinlar (no‘xat, mosh) ning fiziologik-biokimyoviy va hosildorlik ko‘rsatkichlari asosida mikrobiologik o‘g‘itlarning samaradorligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor no‘xat va mosh o‘simliklarida nihollarning unish kuchi indeksini baholash orqali mikrobiologik o‘g‘itlarning optimal konsentratsiyasi aniqlangan;
mikrobiologik o‘g‘itlarning ijobiy ta’siriga bog‘liq holda, no‘xat va mosh o‘simliklari barglaridagi fotosintetik pigmentlar (xlorofill “a”, xlorofill “b , umumiy xlorofill va karotinoid) miqdori, hamda dondagi umumiy oqsil miqdori nazorat namunalariga nisbatan oshganligi aniqlangan;
no‘xatga mikrobiologik o‘g‘itlardan Rhizobium 3, mosh oʼsimligiga Rhizobium 3 va Rhizobium 9 mikrobiologik o‘g‘itlari bilan ishlov berilganda barglardagi umumiy suv miqdori va suv ushlash xususiyati, no‘xat va mosh o‘simliklarida Bioazot va PlantaStim mikrobiologik o‘g‘itlari ta’sirida transpiratsiya jadalligi ortishi isbotlangan;
no‘xat va mosh o‘simligida mikrobiologik o‘g‘itlar ta’sirida katalaza va superoksiddismutaza fermentlari faolligining turlicha o‘zgarganligi, katalaza fermenti faolligining nazoratga nisbatan Rhizobium 3, Rhizobium 9 mikrobiologik o‘g‘itlari ta’sirida pasayishi, Bioazot, Zamin M, PlantaStim mikrobiologik o‘g‘itlari ta’sirida esa oshishi, superoksiddismutaza fermenti faolligining nazoratga nisbatan Bioazot, PlantaStim mikrobiologik o‘g‘itlari ta’sirida pasayishi, Rhizobium 3, Rhizobium 9, Zamin M mikrobiologik o‘g‘itlari ta’sirida esa oshishi aniqlangan;
no‘xat va mosh o‘simligida mikrobiologik o‘g‘itlar ta’sirida nazoratga nisbatan malondialdegid miqdorining keskin farqlanmasligi va erkin prolin aminokislotasi miqdorining yuqori bo‘lmaganligi o‘simliklarda stress kuzatilmaganligi bilan bog‘liqligi aniqlangan;
bir o‘simlikdagi don soni va bir o‘simlikdagi don og‘irligi ko‘rsatkichlariga bog‘liq holda, don hosildorligini yuqori bo‘lishida no‘xat o‘simligida Bioazot va Rhizobium 3 mikrobiologik o‘g‘itlari, mosh o‘simligida Rhizobium 3, Rhizobium 9 hamda Bioazot mikrobiologik o‘g‘itlarini qo‘llash hosilni oshirishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dukkakli ekinlar (no‘xat, mosh) ning morfofiziologik xususiyatlariga mikrobiologik o‘g‘itlarning ta’sirini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
dukkakli ekinlarning morfofiziologik xususiyatlariga mikrobiologik o‘g‘itlarning ta’sirini o‘rganish asosida tanlab olingan mikrobiologik o‘g‘itlar hamda olingan nazariy ma’lumotlardan IL-402104268 “Molekulyar genetik uslublar yordamida no‘xat va yasmiqning fuzariozga chidamli navlarini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihaning tadqiqot obekti sifatida qo‘llanilgan no‘xat namunalarini etishtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2024 yil 28 maydagi 4/1255-1163-son ma’lumotnomasi). Natijada, Bioazot mikrobiologik o‘g‘iti kuzgi muddatda ekilgan no‘xatning Malxotra navida qo‘llanilganda azotli o‘g‘itlar sarfi kamayib, umumiy xlorofill miqdori 13,4% ga, quruq biomassa 31,4% ga, hosildorlik 23,4% ga, dondagi umumiy oqsil 17,7% ga oshganligi kuzatilgan va amaliyotga tavsiya etish imkonini bergan;
tanlab olingan azot o‘zlashtiruvchi Azotobacter chroococcum N1 shtammi asosida olingan Bioazot mikrobiologik o‘g‘iti Toshkent viloyatining Zangiota, Bo‘ka va Qibray tumanlari ekin maydonlarida no‘xat va mosh o‘simligining o‘suv davrida qo‘llanilgan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi, Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 1 avgustdagi 05/05-02-582-son ma’lumotnomasi). Natijada, an’anaviy qo‘llanib kelinayotgan texnologiyaga nisbatan no‘xatda 2,16-1,95 s/ga, moshda esa 2,34-2,05 s/ga miqdorda qo‘shimcha hosildorlikka erishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish