Aytenov Ilham Sarsenbay ulining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Orol bo‘yi tuproq va o‘simliklar mikrobiotasidan patogen zamburug‘larga qarshi antagonist bakteriyalarining genetik xilma-xilligi va ularning biokimyoviy xususiyatlari», 03.00.09 – Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/V1048.
Ilmiy rahbar: Bozorov Tohir Ahmadovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Adilov Baxtiyor Shuxratovich, biologiya fanlari doktori, katta ilmiy xodim; Xo‘jamshukurov Nortoji Abduxalikovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Bioorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Orolbo‘yi tuproqlari va o‘simliklaridan patogen zamburug‘larga qarshi bionazorat potensialga, fermentativ faolligiga ega va sho‘rlanishga chidamli bakteriya izolyatlarni ajratib olish hamda uning genetik xilma-xilligini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor respublikamizda tuproqning xloridli (15%) va sulfatli (7.5%) yuqori konsentratsiyali sho‘rlanishiga chidamli bakteriya izolyatlari ajratib olingan;
Orolbo‘yi tuprog‘i va o‘simliklar mikroflorasidan bakteriyalarni molekulyar genetik identifikatsiya qilish natijasida 3 ta bo‘lim, 24 turkumga oid 59 turi aniqlangan;
Orolbo‘yi tuproq va o‘simliklar mikroflorasidan ajratilgan bakteriyalarning 59 turi orasida Bacillus zhangzhouensis, Lysobacter spongiicola, Psychrobacter nivimaris va Microbacterium paraoxydans dominant turlar ekanligi isbotlangan;
Rh. gossypii, Tr. ovalisporum, bir nechta Fusarium turlari (F. annulatum, F. oxysporum, F. culmorum, F. brachygibbosum, F. tricinctum, F. verticillioides), Alternaria alternata (IGP-1 va IGP-2 shtammlari), As. terreus, As. niger va As. flavus fitopatogen zamburug‘larga qarshi kuchli antagonist bakteriyalar izolyatlari ajratib olingan;
Bacillus zhangzhouensis, Bacillus atrophaeus, Halomonas sulfidaeris, Psychrobacter vallis va Pseudomonas crudilactis bakteriya izolyatlarining 16S rRNK geni nukelotid ketma-ketligi bo‘yicha dunyoning boshqa mintaqalaridan ajratilgan NCBI ma’lumotlar bazasida mavjud boshqa izolyatlar bilan solishtirilib filogenetik shajarasi aniqlangan;
fermentativ faolligi yuqori bo‘lgan proteaza, lipaza, sellyuloza, ksilanaza, glyukanaza va selliobiaza ishlab chiqaruvchi bakteriya izolyatlari ajratib olingan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Orolbo‘yi tuproq va o‘simliklar mikrobiotasidan patogen zamburug‘larga qarshi antagonist bakteriyalarining genetik xilma-xilligi va ularning biokimyoviy xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha olib borilgan ilmiy-tadqiqot natijalari asosida:
Orolbo‘yi tuproq va o‘simliklardan fitopatogen zamburug‘larga qarshi antahonist xususiyatiga ega B. zhangzhouensis -IGPEB-AS-01, B. rugosus - IGPEB-AS-02, B. mojavensis - IGPEB-AS-03, B. atrophaeus - IGPEB-AS-04, B. safensis - IGPEB-AS-05 va B. halotolerans -IGPEBAS-06 bakteriya izolyatlari “Fitopatogen va boshqa mikroorganizmlar noyob ilmiy obekti kolleksiyasi” genofondiga topshirilgan (O‘zRFAning 2022 yil 6 avgustdagi 4/1255-1760-son ma’lumotnomasi). Natijada, mikroorganizmlar shtammlari kolleksiya genofondini boyitish, bakteriya turlari xilma-xilliklari elektron bazasi axborot tahlil tizimini shakillantirish imkonini bergan;
Bacillus turkumi turlari shtammi Jahon mikroorganizmlar ma’lumotlar markazining Patogen Mikroorganizmlar Milliy kolleksiyasi (World Data Center for Microorganism (WDCM) National Collection of Phytopathogenic Microorganisms ma’lumotlar bazasiga GEPB WDCM №1228 raqami bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan (O‘zRFAning 2022 yil 6 avgustdagi 4/1255-1760-son ma’lumotnomasi). Natijada, turli mintaqalarda tarqalgan bakteriya turlarini global doirada foydalanish imkonini bergan;
bakteriya izolyatlarining 16S rRNK geniga asoslangan tur sikvensi boʻyicha olingan natijalar NCBI, EMBL-EBI Evropa nukleotid arxivi va DDBJ Yaponiya DNK xalqaro maʼlumotlar bazasida tegishli ID raqamlari orqali roʼyxatdan oʻtkazilgan (https://www.ncbi.nlm.nih.gov/nuccore/PP267998.1). Natijada, O‘zbekistonda ajratib olingan bakteriya turlarining nukleotid ketma-ketligi bilan dunyoning turli mintaqalaridan ajratib olingan boshqa izolyatlari bilan taqqoslash imkonini bergan.