Sayt test rejimida ishlamoqda

Muxamedova Munisa Sabirovnaning
fan  doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda muzey turizmining rivojlanishi (XX asr ikkinchi yarmi - XXI asr boshlari)», 17.00.06 – Muzeyshunoslik. Tarixiy-madaniy obektlarni konservatsiya qilish,  ta’mirlash va saqlash (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.DSc/Tar220
Ilmiy maslahatchi: Ismailova Jannat Xamidovna, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: 
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi huzuridagi ilmiy kengash asosida fan doktori (DSc) ilmiy darajasini beruvchi bir martalik ilmiy kengash, PhD. 02/09.07.2020. Tar.70.03.
Rasmiy opponentlar: Xakimov Akbar Abdullaevich, san’atshunoslik fanlari doktori, professor, akademik; Holiqova Rahbar Ergashevna, tarix fanlari doktori, professor; Ergasheva Yulduz Alimovna, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy Universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asr boshlarida O‘zbekiston muzeylarning ijtimoiy madaniy rivojlanishi, muzey va tarixiy yodgorliklar targ‘ibotida xalqaro ko‘rgazmalar va madaniy tadbirlarning o‘rni hamda muzey turizmining zamonaviy tamoyillarini aniqlashdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekistonda muzey turizmining shakllanishi dastlab XX asr boshlariga to‘g‘ri kelib, murakkab ijtimoiy muhit, respublikaning lokal xususiyati va ayni paytda               1920-30-yillardagi tashviqotchilik xarakteri bilan bog‘liqlikda kechgani hamda shu davrdan tashrifchilar statistikasi yuritila boshlaganligi; 1940-50-yillarda asosiy mafkuraviy targ‘ibot markaziga aylanib, ekspozisiyalarni maktab o‘quv dasturlariga moslashtirish va bunda ko‘chma agitbrigadalar, lektoriylar, o‘lkashunoslik to‘garaklari vositasi qo‘llanilgani natijasida muzey pedagogikasi yuzaga kelgani; 1960-70-yillarda ekskursavodlar malakasini oshirish, muzey yo‘lko‘rsatgichlari ishlab chiqish, «Inturist» va «Bilimlar uyi» tashkilotlari bilan hamkorlikda xalqaro madaniy almashinuv yo‘lga qo‘yilgani dalillangan;
1970-yillarga kelib davlatlararo rasmiy-siyosiy jarayonlar asosidagi madaniy aloqalar almashinuvi muzey turizmi taraqqiyotini belgilagani, bu davrda xalqaro ko‘chma ko‘rgazmalar faoliyati takomillashib, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha O‘zbekistonda YuNESKO «Badiiy reproduksiyalar» dasturi doirasidagi jahon rangtasviri namunalari namoyish etilgani; sobiq ittifoqda Vladimir-Suzdaldan keyin ikkinchi muzey-qo‘riqona Ichan-qal’a, 1980-yillarga kelib Samarqand va Buxoro ochiq osmon ostidagi muzeylari tashkillashtirilib, marshrutlar ko‘lami kengayishi natijasida markaziy «Inturist» tashkiloti tomonidan sayyohlar taqsimoti, tashrif statistikasi, xorijiy turistlarni qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rinni egallaganligi ochib berilgan;
Maxsus ilmiy-restavratsiya loyihalash-smeta byurosi, Ta’mirshunoslik va loyihalash ilmiy ishlab chiqarish instituti bilan hamkorlikda tarixiy obektlarni muzeylashtirish amaliyoti takomillashgani jumladan, Xivada Ollaqulixon madrasasida Xorazm medisina tarixi muzeyi, Toshkentdagi sobiq «Sharq» mehmonxonasida O‘zbekiston gilamlari va so‘zanalari muzeyi, knyaz N. K. Romanov saroyida Antikvar-zargarlik fondi ko‘rgazmalari muzey turizmidagi muhim resurslar sifatida foydalanilgani; o‘zbek xalqining milliy va etnografik xususiyatlarni xalqaro turizm miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan Toshkent etnografik hududiy muzeyi, Shahrisabz va Qo‘qon muzey-qo‘riqxonalari ishlanmalari sobiq markaz tomonidan qo‘llab quvvatlanmagani bois bu loyihalar tugatilgani dalillangan;
muzey marketingi uchun donorlik va mesenatlikni tashkillashtirishda Luvr muzeyi tajribasidagi fandrayzing amaliyotini; vizual imidj va internativ tasvirlarni kreativ asosda qo‘llashda Teyt galereyasidagi rebrending vositasini; ta’lim turizmi hamda muzeyshunoslikdagi ilmiy tadqiqot faoliyatini takomillashtirishda Smison milliy muzeyi; biznes turizmda muhim ahamiyat kasb etadigan korxona brendini targ‘ib etuvchi korporativ muzeylar shaklini yaratishda Ford, Shanel muzeylari ish yo‘llarini; geoturizm faoliyatini ommalashtirishda Fransiya, Shvesariya ekomuzeylari ishlanmalari tajribasini respublika muzeylari milliy xususiyatidan kelib chiqib amaliy faoliyatga uyg‘unlashtirish muhim natijadorlikka ega bo‘lishi dalillangan.;
TripAdvisor xalqaro turistik platformasiga O‘zbekistonning 34 ta muzeyi kiritilgani aniqlanib, Madaniy meros agentligi tarkibidagi 115 ta muzeylarni Culture Trip – xalqaro sayyohlik mobil-ilova platformasiga taqdim etish amaliyotini yo‘lga qo‘yish; muzey turizmida eng talabgir bo‘lgan nodavlat va xususiy muzeylar (7 ta) tajribasini ommalashtirish; eng kam tashrifchilar qayd etilgan (Termiz muzey-qo‘riqxonasi, Sarmishsoy muzey-qo‘riqxonasi) amaliyotiga Museum App. mobil ilovalarini individual asosda dasturlash asnosida pikirlar, elektron chiptalar, interaktiv ishlanmalarni faollashtirish istiqbolli ekanligi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda muzey turizmini shakllanishi va rivojlanishiga oid olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekistonda muzey turizmining shakllanishi dastlab XX asr boshlariga to‘g‘ri kelganligi, murakkab ijtimoiy muhit, respublikaning lokal xususiyati va ayni paytda                 1920-30-yillardagi tashviqotchilik xarakteri bilan bog‘liqlikda kechganligi, tashrifchilar statistikasi yuritila boshlaganligi, 1940-50-yillarda asosiy mafkuraviy targ‘ibot markaziga aylanib, ekspozisiyalarni maktab o‘quv dasturlariga moslashtirish va bunda ko‘chma agitbrigadalar, lektoriylar, o‘lkashunoslik to‘garaklari vositasi qo‘llanilgani natijasida muzey pedagogikasi yuzaga kelganligi, 1960-70-yillarda «Inturist» va «Bilimlar uyi» tashkilotlari bilan hamkorlikda xalqaro madaniy almashinuv yo‘lga qo‘yilganligiga oid ma’lumotlardan Oliy ta’lim muassasalarida muzeyshunoslik (muzey menejmenti va madaniy turizm) ta’lim yo‘nalishi uchun mutaxassislik fanidan «Madaniy turizm tarixi va nazariyasi» o‘quv qo‘llanmasini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining 2022-yil 25-noyabrdagi 388-102-sonli nashr guvohnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi talabalarga madaniy turizmning shakllanishi va tarixiy rivojlanishini, uning bugungi kungacha bo‘lgan davrdagi o‘zgarishlari aks etgan to‘laqonli o‘quv adabiyoti yaratilishiga asos bo‘lgan. 
1970-yillarga kelib davlatlararo rasmiy-siyosiy jarayonlar asosidagi madaniy aloqalar almashinuvi muzey turizmi taraqqiyotini belgilagani, bu davrda xalqaro ko‘chma ko‘rgazmalar faoliyati takomillashuvi, Markaziy Osiyo davlatlari bo‘yicha O‘zbekistonda YuNESKO «Badiiy reproduksiyalar» dasturi doirasidagi jahon noyob kolleksiya namunalari namoyish etilganligi, ochiq osmon ostidagi muzeylari rivoji, marshrutlar ko‘lami kengayishi, sayyohlar taqsimoti, tashrif statistikasi, xorijiy turistlarni qabul qilish bo‘yicha O‘zbekiston to‘rtinchi o‘rinni egallaganligiga oid materiallardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanali “Tarix va yangi talqin” ko‘rsatuvi ssenariysini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston tarixi telekanali 2022-yil 16-fevraldagi 01-06/392-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalar O‘zbekistonda XX asr 70-80-yillarida muzey turizmi taraqqiyotining xususiyatlari mazmuni bilan davr bo‘yicha taassurotini kengaytirishga xizmat qilgan. 
Maxsus ilmiy-restavratsiya loyihalash-smeta byurosi, Ta’mirshunoslik va loyihalash ilmiy ishlab chiqarish instituti bilan hamkorlikda tarixiy obektlarni muzeylashtirish amaliyoti takomillashgani, fond ko‘rgazmalari muzey turizmidagi muhim resurslar sifatida foydalanilgani, o‘zbek xalqining milliy va etnografik xususiyatlarini xalqaro turizm miqyosida targ‘ib etishga qaratilgan Toshkent etnografik hududiy muzeyi, Shahrisabz va Qo‘qon muzey-qo‘riqxonalari ishlanmalariga oid materiallardan muzey ekspozisiyalarini yaratishda arxiv hujjatlari asosida ilmiy asoslangan taqdimotlar ishlab chiqishda foydalanilgan. (“Madaniy meros obektlari restavratsiyasi direksiyasi” davlat muassasasining 2024-yil 3-dekabrdagi 03-08/309-sonli ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari yosh avlod ongida ilmiy-restavratsiyani loyihalash, muzeylashtirish, muzey turizmi haqida, shu bilan birga muzey ekspozisiyalarini yaratishda mutaxasislarning bilim va fikrlarini kengaytirishda xizmat qilgan.
muzey marketingi uchun donorlik va mesenatlikni tashkillashtirish,  Luvr muzeyi tajribasidagi fandrayzing amaliyoti, vizual imidj va internativ tasvirlarni kreativ asosda qo‘llash, Teyt galereyasidagi rebrending vositasi, ta’lim turizmi hamda muzeyshunoslikdagi ilmiy tadqiqot faoliyatini takomillashtirish, biznes turizmda muhim ahamiyat kasb etadigan korxona brendini targ‘ib etuvchi korporativ muzeylar shaklini yaratish, geoturizm faoliyatini ommalashtirish, ekomuzeylar ishlanmalari tajribasini respublika muzeylari milliy xususiyatidan kelib chiqib mahalliy muzeylar amaliy faoliyatga uyg‘unlashtirishga qaratilgan ilmiy materiallardan Samarqand davlat muzey qo‘riqxonasida ko‘rgazma yarmarkalar tashkil etishda foydalanilgan. (O‘zbekiston Respublikasi turizm va madaniy meros vazirligining 2022-yil 16-dekabrdagi 04-18/7927-sonli dalolatnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2023-yil 4-dekabrdagi 04-05/4480-sonli dalolatnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi muzey tashrifchilariga kommunikatsion muhitni takomillashtirishda qo‘shimcha xizmat turlarini keng targ‘ib etishga, ilmiy tadqiqot olib borayotgan tashrifchilar uchun fondlar holati bo‘yicha ekskursiyalar tashkil etish, belgilangan vazifalar ijrosini innovatsion asosda amaliyotga tatbiq qilishni ilmiy asosda yoritishga xizmat qilgan.
    TripAdvisor xalqaro turistik platformasiga O‘zbekiston muzeylari kiritilishi, Madaniy meros agentligi tarkibidagi muzeylarda mobil-ilova platformasi amaliyotini yo‘lga qo‘yish, muzey turizmida eng talabgir bo‘lgan nodavlat va xususiy muzeylar tajribasini ommalashtirish, eng kam tashrifchilar qayd etilgan  amaliyotiga Museum App. mobil ilovalarini individual asosda dasturlash asnosida pikirlar, elektron chiptalar, interaktiv ishlanmalarni faollashtirish istiqbollariga oid ilmiy materiallardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi «O‘zbekiston tarixi» telekanali «Tarixiy savol» ko‘rsatuvi ssenariylarini tayyorlashda keng foydalanilgan (O‘zbekiston tarixi telekanali 2022-yil 13-apreldagi 06-28/748-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi respublikada muzey turizmini rivojlantirish imkoniyatlarini targʻib qilishga asos bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish