Nazrullaeva Gulnoza Karimbek qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Badiiy tarjimada personaj nutqining qayta yaratilishi (hindiydan o‘zbek tiliga tarjimalar misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil.2587
Ilmiy rahbar: Xomidov Xayrillo Xudoyorovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Shomusarov Shorustam G‘iyosovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nizomiddinov Najmiddin G‘ulomovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hindiy tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilingan badiiy asarlarda personaj nutqining qayta yaratilish qonuniyatlarini aniqlash hamda lisoniy, madaniy va ijtimoiy omillarning o‘rnini belgilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
badiiy asar tarjimasida personajlar nutqini qayta yaratishda lisoniy omillar bilan birga, personajlarning dunyoqarashi, ma’naviyati, xulq-atvori, kasb-kori, hayotiy tajribasi, ruhiyati, yoshi, jinsi kabi madaniy va ijtimoiy omillarning muhimligi dalillangan;
hindiy va o‘zbek tillaridagi murojaat shakllarining nominativ, identifikativ, chorlash va emotiv vazifalari, ularning kontekstual vaziyatga ko‘ra qo‘llanishi hamda gender xoslanishidagi universaliya va differensiyalar asoslangan;
personajlar nutqidagi frazeologizmlarning milliy-madaniy xususiyatlari ochib berilib, ularning tarjimasida qo‘llanilgan analogiya, to‘la ekvilalentlik, muqobillik, tasviriy, kalka va tushirib qoldirish usullari aniqlangan;
personajlar nutqidagi vulgarizmlarda salbiy aksiologik munosabatning reallashuvi dalillangan, so‘kish so‘zlarining erkaklar, qarg‘ish so‘zlarining ayollar nutqiga xosligi aniqlangan, vulgarizmlar tarjimasining asliyatga moslik darajasi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Badiiy tarjimada personajlar nutqining qayta yaratilishi masalalari tahlili yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
hind-o‘zbek adabiy aloqalari rivojida badiiy tarjimaning o‘rni, hindiycha badiiy asarlar tarjimasida personajlar nutqining berilishi xususiyatlarining o‘zbekchadagi ifodasi, hindiy tilidagi badiiy asarlarining o‘zbekchaga o‘girilishida tarjimon mahorati, o‘zbek tilidan hindiy tiliga tarjima jarayonining murakkab qirralarini o‘rganishga doir tadqiqot natijalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Tarixiy savol” sahifasida turkum ko‘rsatuvlari ssenariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” davlat unitar korxonasining 2022-yil 23-iyundagi 06-28-976-son ma’lumotnomasi). Natijada teledasturlarning faktik materiallar bilan boyitilishiga va mazmunli bo‘lishiga erishilgan;
asliyatda hind xalqining milliy an’analari, urf-odatlari va ma’naviy qadriyatlarini ifodalagan lingvomadaniy birliklarni o‘zbek tiliga tarjima qilish tamoyillariga oid xulosalardan “Gid hamrohligi va tarjimonlik faoliyatini tashkil etish” hamda “O‘zbekiston va Hindiston madaniy-tarixiy obidalari” o‘quv qo‘llanmalarini yaratishda foydalanilgan (Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti 2024-yil 7-maydagi 01-04-01/971 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada hind adabiyotidagi eng sara asarlar tarjimasining asliyatga monandligi va bunda tarjimon mahoratining o‘ziga xos jihatlarini yoritishga xizmat qilgan;
O‘zbekistonda tarjimashunoslikning rivojlanishi hamda badiiy asarlar tarjimasida personajlar nutqining berilishi, xususan, hind adabiyotining yirik namoyondalaridan biri Krishan Chandarning “Bir qizga ming oshiq” va “Dadar ko‘prigidagi bolalar” romanlari tarjimalaridan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining xalqaro bo‘limi ijodkor yoshlar klubi faoliyatida foydalanildi (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 29-yanvardagi 01-03/125-son ma’lumotnomasi). Olingan natijalar Krishan Chandar asarlarining o‘zbekcha tarjimalarida tarjimon mahorati, hindiy tilidan o‘zbek tiliga tarjima jarayonining murakkab qirralari bo‘yicha tasavvur hosil qilishga xizmat qilgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish