Otajanova Lola Ozodovnaning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
“Xiva xonligi solnomasi tarjimasida tarixiy koloritning berilishi (“Firdavs ul-iqbol” asarining Y.Bregel tarjimasi misolida)”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4459.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Urganch davlat universiteti.
Ilmiy rahbar: Yuldashev Doniyor Taxirovich, filologiya fanlari doktori (DSc), dotsent.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Urganch davlat universiteti, PhD.03/30.12.2019.Fil.55.02 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Cho‘ponov Otanazar Otajanovich filologiya fanlari doktori, dotsent, Teshaboeva Ziyoda Qodirovna, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qoraqalpoq davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Xiva xonligi solnomasi tarjimasidagi tarixiy koloritning berilishida tarjima usullari va tarjimon mahoratini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Xorazm tarixnavislik an’anasi taraqqiyotida “Firdavs ul-iqbol” asarining o‘rni va Y.Bregelning tarixiy asar tarjimasi jarayonidagi ilmiy izlanishlari, so‘z tanlash hamda tarjima usullarini qo‘llashdagi mahorati ochib berilgan;
madaniyatga xos birliklar – realiyalarning g‘arb va sharq tilshunosligi va tarjimashunosligidagi turlicha istiloh va izohlari tahlil qilinib, bu tarjima birligining asosiy belgilari hamda tarjimada realiyalarning tarixiy kolorit ifodasi uchun zaruriy birlik sanalishi dalillangan;
tarixiy asar tarjimasida amal-martaba ifodalovchi, maishiy, mifologik, tarixiy va diniy realiyalar transliteratsiya, analogiya, kalkalash, asar tarjima nashri ilovasida izohlash, ba’zan aralash usullar orqali berilganligi hamda milliy-madaniy birliklarining to‘g‘ri o‘girilishi tarjimaning asliyatga adekvatligini ta’minlovchi asosiy vositalardan ekanligi asoslangan;
tarixiy-adabiy asardagi tarixiy kolorit ifodalovchi saj’ san’ati, uslubiy figura va troplar – asliyat badiiyatining tarjimada saqlanishi alohida ahamiyatga egaligi hamda asarning muvaffaqiyatli tarjimasi mutarjimning turkiy xalqlar madaniyati, tarixi bilan bir qatorda, mumtoz adabiyotimiz qonun-qoidalarini ham chuqur o‘zlashtirganligi bilan bog‘liq ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarning joriy qilinishi. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Xiva xonligi solnomasi tarjimasida tarixiy koloritni qayta yaratuvchi birliklarning ingliz tilida berilishi yuzasidan olingan natijalar asosida:
tarixiylikni belgilovchi unsurlardan biri sifatida tarixiy-arxaik unvon, kasb-korga tegishli so‘zlar va realiyalarni tarjima tiliga to‘g‘ri o‘girish tarjimaning asliyatga muqobilligini ta’minlovchi asosiy vositalardan biri ekanligini asoslovchi natijalardan O‘zRFA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F-1-005 raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunoslik tarixini tadqiq qilish” mavzusidagi fundamental loyihani amalga oshirish jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi FA Qoraqalpog‘iston bo‘limi Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining 2024-yil 15-apreldagi 148/1-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqotning asliyat tarixi madaniyatining tarjima tilida qayta yaratilishining o‘ziga xosliklari yuzasidan ishlab chiqilgan tavsiyalari loyiha doirasida amalga oshirilgan tarjimalarga nazariy asos bo‘lib xizmat qilgan;
tadqiqotning “Firdavs ul-iqbol” tarixiy asari tarjimasiga oid nazariy xulosalari va amaliy tavsiyalaridan Xorazm Ma’mun akademiyasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 20-martdagi “Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogahiy tavalludining 210 yilligini nishonlash hamda Xiva shahrida Ogahiy ijod maktabini tashkil etish to‘g‘risida”gi 238-son qarori 3-bandiga muvofiq A-FA-2019-9 shifrli “Qadimiy yozma noyob qo‘lyozma va manbalarni tadqiq qilish, ularning raqamlashtirilgan bibliotekasini yaratish” amaliy loyihasi doirasida bajarilgan Ogahiy “Asarlar” silsilasining 6-, 8-, 9-jildlarini nashrga tayyorlash va chop etishda, loyiha saytining ingliz tilidagi talqinini yaratishda foydalanilgan (Xorazm Ma’mun akademiyasining 2025-yil 1-apreldagi 53/2-24-son maʻlumotnomasi). Natijada mazkur jildlardagi ayrim so‘zlarning to‘g‘ri o‘qilishi va talqin qilinishi, ularni ingliz tiliga adekvat tarjima qilish imkoni yaratilgan;
xonlik tarixiga oid solnoma tarjimasida maishiy leksikaga oid realiyalarni tarjimada qayta yaratish mezonlariga doir ilmiy-amaliy tavsiyalardan Xiva “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasida saqlanayotgan tarixiy va tarjima asarlardagi nazmiy asarlarning pasportini yozish, me’moriy obidalardagi yozuvlarning ma’nosini sharhlash va sayyohlarga ingliz tilida bayon qilishda hamda jamoaning gid-hamrohlari faoliyatini tashkil qilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi Xiva “Ichan-qal’a” davlat muzey qo‘riqxonasining 2024-yil 30-martdagi 02-02/148-son maʻlumotnomasi). Natijada hamroh gid-tarjimonlar uchun muzeyga tashrif buyurgan xorijlik, mahalliy sayyoh va yoshlarga o‘tkaziladigan ekskursiyalarda, ekskursiya matnlarini tayyorlashda ancha engillik hamda qulayliklar yaratishga xizmat qilgan;
tarixiy asar tarjimasida tarixiy koloritni qayta yaratish, tarixiy realiyalarni tarjima qilish usullari, asliyat badiiyatini tarjimada saqlash, tarjimon mahorati masalalariga doir natija va xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasiga qarashli Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining “Siz nima deysiz?” teledasturida, “Najot – bilimda” radio eshittirshida foydalanilgan (Xorazm viloyati teleradiokompaniyasining 2024-yil 22-apreldagi 346-son maʻlumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuv va radioeshittirishlar yangi materiallar, ilmiy asoslangan dalillar bilan boyitilgan hamda xalqimiz madaniy yodgorligi sanalgan tarixiy solnomalarimizni boshqa xalq vakillari tomonidan mutolaa qilinishini keng ommaga namoyish qilinishiga imkon yaratilgan.