Shaymatov Sanjar Ruzimuratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Tashqi elektromagnit maydoni mavjudligida kompakt ob’ektlar atrofida umumrelyativistik astrofizik jarayonlar», 01.03.01–Astronomiya (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/FM60.
Ilmiy rahbar: Axmedov Bobomurat Jo‘raevich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Yadro fizikasi instituti va Astronomiya instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, Astronomiya instituti, O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.27.06.2017.FM/T.33.01.
Rasmiy opponentlar: Mirtadjieva Karomat Taxirovna, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent; Fayzullaev Biruni Amanullavich, fizika-matematika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qozog‘iston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: tashqi elektromagnit maydon mavjudligida aylanuvchi qora o‘ralar atrofidagi yuqori energetik jarayonlar, kosmik senzura gipotezasini tekshirishda hodisalar gorizonti buzilish jarayonining dinamikasi va zaryadlangan zarralarning izochastotali aynigan aylanma orbitalari jarayonini tushuntiruvchi nazariy formalizmlarni rivojlantirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tashqi asimptotik bir jinsli magnit maydonida joylashgan Shvarsshild qora o‘rasining gravitatsiya maydonidagi izochastotali aynigan nogeodezik orbitalar va ushbu orbitalar mavjud sohaning tashqi magnit maydoniga bog‘liqligi ishlab chiqilgan;
astrofizika nuqtai nazaridan tashqi magnit maydoni qora o‘ralarning gorizontini buzilish jarayoniga etarlicha ta’sir qilishi va kosmik senzura hodisasini qayta tiklashi ko‘rsatilgan;
Kerr-Taub-NUT (Kerr-Taub-NUT) fazo-vaqtidagi aylanuvchi qora o‘radan ajraluvchi energiyaning Penrouz jarayoni orqali sodir bo‘lishi haqiqatga yaqinroq ekanligi ko‘rsatilgan hamda qora o‘radan ajraluvchi energiyani NUT parametriga (gravitomagnit zaryadga) to‘g‘ri bog‘liqligi topilgan;
kosmologik doimiy va bran parametrining ta’sirlari natijasida zarralarning to‘qnashuvidan ajraladigan juda yuqori energiyaning samarador qiymati chekli bo‘lishi ko‘rsatilgan; ichki turg‘un aylana orbita radiusining gorizont radiusidan ajralishi sababli bu cheklilik mexanizmi vujudga kelishi topilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Tashqi elektromagnit maydoni mavjudligida kompakt ob’ektlar atrofida umumrelyativistik astrofizik jarayonlarni tadqiq qilish asosida:
tashqi asimptotik bir jinsli magnit maydonning izochastotali aynigan nogeodezik orbitalariga ta’sir xususiyatlarining ilmiy natijalari xalqaro ilmiy jurnallarda gravitatsiyaning boshqa modellarida spinga ega zarralarning izochastotali aylanma orbitalarini olishda foydalanilgan (Physical Review D, 92, 024029, 2015; Physical Review D, 93, 084012, 2016; Astronomische Nachrichten, 339, 341, 2018). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi kosmologik doimiy va magnitlangan zarralar tomonidan ko‘rsatiladigan o‘zaro ta’sirlar natijasida izochastotali aynigan orbitalarning fundamental tamoyillarini gravitatsiyaning boshqa modellarida rivojlantirish imkonini bergan;
astrofizika nuqtai nazaridan tashqi magnit maydoni qora o‘ralar gorizontining buzilish jarayoniga etarlicha ta’sir qilishi va kosmik senzura hodisasini qayta tiklashi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar xalqaro ilmiy jurnallarda gravitatsiyaning boshqa modellarida qora o‘ralarning hodisalar gorizontini buzish jarayonida foydalanilgan (Classical and Quantum Gravity, 33, 175002, 2016; Physical Review D, 96, 024016, 2017; International Journal of Modern Physics A, 32, 1750125-85, 2017; Classical and Quantum Gravity, 35, 045008, 2018). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi zaryadlangan zarralar va sinov maydonlar tomonidan ko‘rsatiladigan o‘zaro ta’sirlar natijasida qora o‘ra hodisalar gorizonti buzilish jarayonining fundamental tamoyillarini gravitatsiyaning boshqa modellarida rivojlantirish imkonini bergan;
Kerr-Taub-NUT fazo-vaqtidagi aylanuvchi qora o‘radan ajraluvchi energiyaning Penrouz jarayoni orqali sodir bo‘lishi hamda gravitomagnetik zaryadga va kosmologik doimiyga ega bo‘lgan aylanuvchi qora o‘ralarning energetik xususiyatlari bo‘yicha olingan natijalar xalqaro ilmiy jurnallarda yuqori energiyalarning kuzatuv ma’lumotlariga bog‘liqligi va gravitatsiyaning boshqa modellarida raqamli hisoblash yordamida olingan energetik xususiyatlar bilan qiyoslashda foydalanilgan (Physical Review D, 89, 024023, 2014; Physical Review D, 89, 104048, 2014; Classical and Quantum Gravity, 31, 195013, 2014; Physical Review D, 93, 104031, 2016; Physical Review D, 94, 086006, 2016; The European Physical Journal C, 76, 104, 2016; The European Physical Journal C, 76, 643, 2016; Physical Review D, 96, 104050, 2017; The European Physical Journal C, 78, 335, 2018; Physical Review D, 98, 024022, 2018). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi turli gravitatsion modellar uchun turli ta’sir parametrlarining yuqori to‘qnashuv energiyalariga ta’sirini modellashtirish imkonini bergan;
kosmologik doimiy va bran parametrining Randal-Sundrum bran fazo sidagi aylanuvchi qora o‘ra atrofida zarralarning to‘qnashuvidan ajraladigan yuqori energiyaning samarador qiymatiga ta’siri bo‘yicha olingan nazariy natija va xulosalar hamda metodlar «Kompakt ob’ektlar relyativistik astrofizikasida xalqaro nazariy va kuzatuv tadqiqotlar tarmog‘i bilan integrallashuvni qo‘llab-quvvatlash» Evropa Ittifoqi va Chexiya Respublikasining davlat byudjeti tizimli fondlari tomonidan moliyalashtirilgan CZ.1.07/2.3.00/20.0071 raqamli loyihada (2010-2014) regulyar qora o‘ra atrofidagi energetik jarayonlarni modellashtirishda qo‘llanilgan (Opavadagi Sileziya universitetining 2018 yil 4 maydagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarining qo‘llanilishi regulyar qora o‘ra atrofidagi energetik jarayonlar tabiatini tushuntirish imkonini bergan.