Xalillaev Sherzod Alimboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari», 03.00.06 - Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.DSc/B200.
Ilmiy maslahatchi: Abdullaev Ikram Iskandarovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Zoologiya instituti, DSc.02/30.12.2019.B.52.01.
Rasmiy opponentlar: Saparov Qalandar Abdullaevich, biologiya fanlari doktori, professor; Xusanov Alijon Karimovich, biologiya fanlari doktori, professor; Ganjaeva Lola Atanazarovna, biologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududi to‘g‘riqanotli hasharotlarning tur tarkibi, taksonomik strukturasi, ekologik xususiyatlari, zoogeografik taqsimlanishi va zararli turlarini nazorat qilish usullarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli hasharotlar faunasining hozirgi holati baholanib, 9 oila, 11 kenja oila va 69 avlodga mansub 134 tur qayd qilinib, shularning 13 avlod 18 turi temirchaklar katta oilasiga, 10 avlod 12 turi chirildoqlar katta oilasiga va 46 avlod 104 tur va kenja turlari chigirtkalar katta oilasiga mansubligi aniqlangan;
O‘zbekiston faunasi uchun yangi tur sifatida to'g'riqanotli hasharotlar turkumiga oid temirchaklarning Metrioptera Wesmal, 1838 avlodi Metrioptera brachyptera (Linnaeus, 1761) va Glyphonotus coniciplicus (Uvarov, 1914) turlari, chigirtkalarning Podisma Berthold, 1827 avlodi Podisma pedestris (Linnaeus, 1758) turi aniqlangan.
to‘g‘riqanotli hasharotlarning vertikal tarqalishi va muhit ekologik sharoiti bilan o‘zaro munosabatlarida konservativlik yuzaga kelishi va ozuqa yarusiga qarab areallarini o‘zgartirib borishi isbotlangan;
O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotlilarining vertikal tarqalishi bo‘yicha 5 ta balandlik mintaqalariga ajratilgan va turlarning etiologik adaptatsiyasi aniqlangan;
to‘g‘riqanotlilarning tabiiy va antropogen landshaftlardagi tarqalishiga asosan 6 ta tasnifi ishlab chiqilgan va hayotiy shakllari bo‘yicha 21 guruhga ajratilgan;
O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlarida to‘g‘riqanotli hasharotlarning zichlik miqdoriga asosan 5 ta guruhga ajratilgan hamda fenologik spektori bo‘yicha 4 ta guruhi aniqlangan;
O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli hasharotlarining kamyob va yo‘qolib ketish havfi bo‘lgan yoki endemik turlarini muhofaza qilish choralari va kadastri ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli (Insecta: Orthoptera) hasharotlari boʻyicha olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli hasharotlarning tarqalishini aks ettiruvchi GAT xaritasini yaratish, turlar populyasiyasining mavsumiy dinamikasi va kadastr ma'lumotlari bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024-yil 20-martdagi 03-03/3-2712-son ma'lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari bo‘ylab to‘g‘riqanotli hasharotlarning kamyob, doimiy yashovchi, indikator va o‘rmon xo‘jaligi zararkunanda turlarining tarqalishini aks ettiruvchi GAT xaritasini yaratish, ular populyasiyasining mavsumiy dinamikasini aniqlash hamda O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari to‘g‘riqanotli hasharotlarining kadastr ma'lumotlarini ishlab chiqish imkonini bergan;
to‘g‘riqanotli hasharotlarning tog‘ va tog‘oldi hududlarida tarqalgan 17 ta kamyob turlarini muhofaza qilish va O‘zbekiston Respublikasi “Qizil kitobi”ga kiritish bo‘yicha ishlab chiqilgan tavsiyalar O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining Jizzax viloyati bo‘limida amaliyotiga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024-yil 20-martdagi 03-03/3-2712-son ma’lumotnomasi). Natijada, O‘zbekiston tog‘ va tog‘oldi hududlari sharoitida tarqalgan 134 ta to‘g‘riqanotli hasharotlarning himoyaga muhtoj 17 ta turning populyasiyalari holatini baholash va ularni saqlab qolish imkonini bergan;
to‘g‘riqanotli hasharotlar katta turkumiga tegishli bo‘lgan 56 ta avlod, 97 tur va kenja turlariga mansub 97 nusxa hasharot namunalari O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti Noyob kolleksiyasi fondiga topshirilib, amaliyotiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining 2024-yil 12-fevraldagi №4/1255-314 sonli ma’lumotnomasi). Natijada, namunalar respublikaning turli hududlari bo‘yicha hasharotlar fondini boyitgan va ular populyasiyalari tarqalishining zamonaviy holatini baholash hamda interfaol atlaslar tayyorlash imkonini bergan;
tog‘ va tog‘oldi hududlarida tarqalgan zararli to‘g‘riqanotli hasharotlarga qarshi yangi kimyoviy preparatlari Jizzax viloyati Gʻallaorol tumani yaylovlar hududlarida amaliyotga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar Milliy markazining 2024-yil 19-apreldagi 05/05-04-152-son ma’lumotnomasi). Natijada, yaylov maydonlarida zararli to‘g‘riqanotli hasharotlarning tarqalish o‘choqlarini aniqlash hamda ularga qarshi kurashda yangi istiqbolli kimyoviy preparatlarni qo‘llash orqali yuqori biologik samaradorlikka erishish imkonini bergan.