Ashirboev Axrorjon Tirkash o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ishni sudga qadar yuritishda surishtiruv va dastlabki tergovni to‘xtatishni takomillashtirish”, “12.00.09 – Jinoyat protsessi. Kriminalistika, tezkor-qidiruv huquq va sud ekspertizasi”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Yu552.
Ilmiy rahbar: Rajabov Baxtiyor Almaxmatovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Radjabova Mavjuda Abdullaevna, yuridik fanlar doktori, professor; Xamidov Baxtiyorjon Xamidovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi ishni sudga qadar yuritishda surishtiruv va dastlabki tergovni to‘xtatish institutini takomillashtirishga qaratilgan taklif hamda tavsiyalarni ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jinoyat sodir etgandan keyin, biroq hukm chiqarilguniga qadar ruhiy holati buzilganligi aniqlangan shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanganda jinoyat ishini yuritish ruhiy holat buzilgan paytdan boshlab, sog‘aygunga qadar to‘xtatilishi lozimligi asoslantirilgan;
immunitet huquqiga ega bo‘lgan shaxsni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish maqsadida tegishli vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan so‘rov (taqdimnoma)lar kiritish va ularning natijalarini olish uchun uzoq vaqt talab etilayotganligini inobatga olib, jinoyat-protsessual qonunda jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatishning yangi asosini kiritish zarurati asoslantirilgan;
jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarilayotganida unda olib qo‘yilgan ashyoviy dalillar va boshqa narsalarning saqlanayotgan joyi belgilanishi, ushbu obektlar, maxsus saqlashga topshirilishi lozim bo‘lmasa, to‘xtatilgan jinoyat ishi tugatilguniga qadar surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilgan joyda saqlanishi va ish boshqa tergov organiga topshirilayotgan vaqtda ish bilan birga topshirilishi lozimligi asoslantirilgan;
tibbiy muassasaga joylashtirilgan ayblanuvchiga nisbatan statsionar sud ekspertizasini o‘tkazish va uning xulosasini olish uchun ko‘p muddat talab etilishini inobatga olib, jinoyat-protsessual qonunda jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatishning yangi asosini kiritish zarurati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ishni sudga qadar yuritishda surishtiruv va dastlabki tergovni to‘xtatishni takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jinoyat sodir etgandan keyin, biroq hukm chiqarilganga qadar ruhiy holati buzilganligi aniqlangan shaxsga nisbatan tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari tayinlanganda jinoyat ishini yuritish ruhiy holat buzilgan paytdan boshlab, sog‘aygunga qadar to‘xtatilishi lozimligiga doir takliflardan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2022-yil 14-maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining jinoyat ishlari bo‘yicha ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi 9-son qarorining 7-bandi birinchi xatboshisini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining 2024-yil 24-apreldagi 03-23-302-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi tibbiy yo‘sindagi majburlov choralarini qo‘llash masalasi hal qilinayotgan ishlarda ishni yuritishga mas’ul bo‘lgan shaxslarning ish yurituvini to‘xtatish bilan bog‘liq harakatlarini tartibga solishga hamda qonunning to‘g‘ri tatbiq etilishiga xizmat qilgan;
immunitet huquqiga ega bo‘lgan shaxsni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish maqsadida tegishli vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan so‘rov (taqdimnoma)lar kiritish va ularning natijalarini olish uchun uzoq vaqt talab etilayotganligi inobatga olinib, jinoyat-protsessual qonunda jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatishning yangi asosini kiritilishiga doir takliflardan yangi tahrirda ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasining 411-moddasini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 24-dekabrdagi 27/2-359-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi daxlsizlik huquqidan mahrum qilish maqsadida ayblanuvchini jinoiy javobgarlikka tortish yuzasidan rozilik berish haqida so‘rov yuborilgan ishlar bo‘yicha jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatish orqali surishtiruv va dastlabki tergov muddatlarini samarasiz sarflanishining oldi olinishiga xizmat qilgan;
jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatish to‘g‘risida qaror chiqarilayotganida unda olib qo‘yilgan ashyoviy dalillar va boshqa narsalarning saqlanayotgan joyi belgilanishi, ushbu obektlar, maxsus saqlashga topshirilishi lozim bo‘lmasa, to‘xtatilgan jinoyat ishi tugatilguniga qadar surishtiruv yoki dastlabki tergov yuritilgan joyda saqlanishi va ish boshqa tergov organiga topshirilayotgan vaqtda ish bilan birga topshirilishi lozimligiga oid takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi, Davlat soliq qo‘mitasining 2021-yil 29-avgustdagi “Surishtiruv, dastlabki tergov va sud muhokamasi davomida ashyoviy dalillar, moddiy qimmatliklar va boshqa mol-mulkni olib qo‘yish (qabul qilish), hisobga olish, saqlash, berish, sotish, qaytarish, yo‘q qilib tashlash tartibi to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi 60-QQ-son qarorining 56-bandi birinchi xatboshisini ishlab chiqilishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 30-maydagi 30/18-778-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi tergovi to‘xtatilgan ishlar doirasida ish bo‘yicha olib qo‘yilgan ashyoviy dalillar va boshqa narsalar qay yo‘sinda saqlanishi bilan bog‘liq tartibni belgilab berishga va bu boradagi huquqiy bo‘shliqlarning to‘ldirilishiga xizmat qilgan;
tibbiy muassasaga joylashtirilgan ayblanuvchiga nisbatan statsionar sud ekspertizasini o‘tkazish va uning xulosasini olish uchun ko‘p muddat talab etilishini inobatga olib, jinoyat-protsessual qonunda jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatishning yangi asosini kiritishga doir taklif va tavsiyalardan yangi tahrirda ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat-protsessual kodeksi loyihasining 411-moddasini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2024-yil 24-dekabrdagi 27/2-359-24-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning inobatga olinishi jinoyat ishda ayblanuvchi sifatida jalb etilgan shaxslar sud ekspertizalarini o‘tkazish uchun tibbiy muassasada statsionar ko‘rikda bo‘lgan vaqtda jinoyat ishini tergov qilishni to‘xtatish orqali surishtiruv va dastlabki tergov muddatlarini asossiz sarflanishining oldi olinishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish