Ibragimov A’lamjon Amrilloevichning

falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar.

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimini ko‘p vektorli yondashuv asosida takomillashtirish», 13.00.01–Pedagogika nazariyasi. Pedagogik ta’limotlar tarixi (pedagogika fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.2.PhD/Ped162.

Ilmiy rahbar: Ibraimov Xolboy Ibragimovich, pedagogika fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat universiteti, PhD.28.03.2018.Ped.02.05.

Rasmiy opponetlar: Olimov Shirinboy Sharofovich, pedagogika fanlari doktori, professor; Askarov Abror Davlatmirzaevich, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimini ko‘p vektorli yondashuv asosida takomillashtirish yuzasidan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimi jarayon sub’ektlari faoliyati, resurslari, turlari, shakllari va innovatsion tajribalarni integratsiyalash hamda ko‘p vektorli modelning tarkibiy (motivlashtirish va maqsadni belgilash, konseptual, protsessual-mazmunga doir, refleksiv-kommunikativ) komponentlari mazmunini aniqlashtirish asosida takomillashtirilgan;

pedagogning kasbiy rivojlanishida ilmiy-metodik kuzatuvning didaktik imkoniyatlari refleksiyasi, motivatsion tayyorligi, ilg‘or tajribasini namoyish qilishi, ichki salohiyatini rivojlantirish va ta’lim sub’ektlari hamkorligini uyushtirish omillariga ustuvorlik berish orqali kengaytirilgan;

malaka oshirish o‘quv mazmunini kasbiy ehtiyojlarga asoslangan modulli shakllantirish mexanizmi invariant va variativ tarkibni belgilash, tegishli sub’ektlarning produktiv o‘zaro ta’sirini kuchaytirish va funksional vazifalarini tizimlashtirish asosida takomillashtirilgan;

pedagogning malaka oshirish faoliyatini individuallashtirish darajalari (individual ta’lim dasturi, yo‘nalishi, traektoriyasi) aniqlashtirilgan hamda individual ta’lim traektoriyasini loyihalash algoritmi mantiqiy zanjirining izchilligi, uzluksizligi, tugallanganligi mezonlari asosida optimallashtirilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Xalqta’limi xodimlari malakasini oshirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan nazariy va amaliy takliflar asosida:

malaka oshirish sub’ektlari, resurslari, turlari va shakllarini integratsiyalash, tinglovchilarning faoliyatiga doir muammolarining mustaqil echimini topish, ichki salohiyatini oshirish, kasbiy rivojlanishida ilmiy-metodik kuzatuvni tashkil qilishga doir takliflardan Xalq ta’limi vazirligining 2017 yil 1 fevraldagi 34-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumta’lim maktablari kimyo fani o‘qituvchilari kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borish bo‘yicha metodistlar tomonidan ikki bosqichli harakatdagi o‘quv mashg‘ulotlarini tashkil etish tartibi to‘g‘risida nizom”ni ishlab chiqishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 01-21-son ma’lumotnomasi). Natijada kurslar oralig‘ida o‘quv mashg‘ulotlarini maktabdan ajralmagan holda tashkil qilish orqali pedagoglarning kasbiy mahoratini uzluksiz oshirish, murakkab vaziyatlarda to‘g‘ri qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini rivojlantirish hamda ularga doimiy ilmiy-metodik yordam ko‘rsatish imkonini bergan;

XTXMO tizimi sub’ektlarining vazifalari, o‘quv mazmunini modulli shakllantirish, uning invariant, variativ qismlarini belgilash va innovatsion tajribalarni tatbiq qilishga qaratilgan takliflardan malaka oshirish mazmuni hamda sifatiga qo‘yiladigan Davlat talablarini (O‘zDSt 2767:2013 3523) takomillashtirishda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 01-21-son ma’lumotnomasi). Natijada XTXMO o‘quv mazmunini modernizatsiyalash, invariant, variativ qismlarini belgilash va tizimni takomillashtirish bo‘yicha ilgari surilgan fikrlar, g‘oyalar, qoidalarni modullar mazmuniga singdirilishiga imkon bergan;

pedagoglarda individual ta’lim traektoriyasini loyihalash va amalga oshirish, motivlarini chuqurlashtirish, o‘zlarini namoyon qilish, ilg‘or tajribalarini ommalashtirish hamda erishilgan natijalarni jamg‘arib borishga qaratilgan takliflaridan Xalq ta’limi vazirining 2017 yil  26 yanvardagi 31-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Xalq ta’limi tizimida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi” respublika tanlovini o‘tkazish to‘g‘risida nizom”ni tayyorlashda foydalanilgan (Xalq ta’limi vazirligining 2018 yil 24 yanvardagi 01-21-son ma’lumotnomasi). Mazkur takliflarning singdirilishi pedagoglarda o‘z faoliyatini ongli tahlil qilishi, individualligini ko‘rsatish, kasbiy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashi hamda jamiyatda o‘z mavqeini anglashi orqali kasbiy mahoratini uzluksiz oshirib borishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish