Raxmanova Gulnoza Shuxratovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar reproduktiv organlarining postnatal morfogenezi”, 16.00.02 – Hayvonlar patologiyasi, onkologiyasi va morfologiyasi. Veterinar akusherligi va hayvonlar reproduksiyasi biotexnikasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/V105
Ilmiy rahbar: Dilmurodov Nasriddin Babakulovich, veterinariya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Samarqand davlat veterinariya medisinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, DSc.06/30.12.2019 V.12.01.
Rasmiy opponentlar: Eshburiev Baxtiyor Mamatqulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Navruzov Nurali Itolmasovich, veterinariya fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar postnatal ontogenezining turli fiziologik bosqichlarida reproduktiv organlarining makromorfometrik, gistologik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar reproduktiv organlari morfometrik o‘lchamlarini postnatal ontogenezning 120, 168 kunligida jadal ortishi aniqlangan;
tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar postnatal ontogenezida tuxumdon va tuxum yo‘lining mikroanatomik qismlari ko‘rsatkichlaridagi tafovutlar ilmiy asoslangan;
tovuqlar reproduktiv organlari makro- va mikroanatomik o‘lchamlarining o‘sish koeffisienti postnatal ontogenezning 168 kunida yuqori bo‘lishi aniqlangan;
tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar tuxumdoni po‘stloq qavatidagi follikulalarning etilish jarayoni, follikulalar pardasi, diametri, qon tomirli qavatining nisbiy ko‘rsatkichlarining o‘zgarish xususiyatlari asoslangan;
tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar postnatal ontogenezida tuxum yo‘lining voronka, bo‘yincha, oqsilli, bachadon va qin qismlari gistologik tuzilmalarining o‘zgarish xususiyatlari isbotlangan;
tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar postnatal ontogenezining turli bosqichlarida tuxumdon va tuxum yo‘lining makroanatomik, mikroanatomik va gistologik ko‘rsatkichlarining o‘zgarish xususiyatlari bo‘yicha uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar reproduktiv organlarining postnatal morfogenezi bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
“Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar postnatal ontogenezida reproduktiv organlarining o‘zgarish xususiyatlari” bo‘yicha uslubiy tavsiyanoma tasdiqlangan va o‘quv jarayoniga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 9-oktyabrdagi 02/23-2305-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyalarning qo‘llanilishi natijasida tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar biologiyasi bo‘yicha mavjud ma’lumotlarni boyitish, reproduktiv tizimi organlarining postnatal ontogenezdagi rivojlanish qonuniyatlari, ularning morfologik va gistologik xususiyatlarini o‘rganish imkoni yaratilgan;
ilmiy tadqiqotlar natijasida tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar biologiyasi va reproduktiv tizimi organlarining postnatal taraqqiyotidagi o‘zgarishlarini tadqiq etish bo‘yicha ilmiy asoslangan xulosalar olingan va tadqiqotlarning ushbu xulosalari Veterinariya va chorvachilik sohalarida kadrlar tayyorlanayotgan Oliy ta’lim muassasalarida “Hayvonlar anatomiyasi”, “Hayvonlar morfologiyasi” fanlarining “Parrandalar anatomiyasi” bo‘limini o‘rganishda o‘quv jarayoniga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 9-oktyabrdagi 02/23-2305-son ma’lumotnomasi). Natijada “Parrandalar anatomiyasi” bo‘limi yangi ilmiy asoslangan ma’lumotlar bilan boyitilgan hamda talabalarning bilim va ko‘nikmalarini oshirishga erishilgan;
Tuxum yo‘nalishidagi tovuqlar reproduktiv tizimidagi morfofunksional o‘zgarishlar va postnatal ontogenezdagi turli fiziologik bosqichlari hamda ular organizmida kechadigan “qaltis” davrlari (280, 420, 570 kunlik) aniqlangan. Olingan natijalar Qashqadaryo viloyati Shaxrisabz tumani “Oq saroy” parrandachilik xususiy korxonasiga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024-yil 9-oktyabrdagi 02/23-2305-son ma’lumotnomasi). Natijada parrandalarning postnatal ontogenezdagi turli fiziologik bosqichlarida kechadigan “qaltis” davrlarni hisobga olgan holda qo‘shimcha ravishda to‘yimliligi yuqori bo‘lgan ratsionlarda oziqlantirish tavsiya etilgan hamda tovuqlarning tuxum qo‘yish darajasining oshishiga erishilgan.