Bazarbaev Akmal Muratovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beradigan fan tarmog‘i nomi): “XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho‘lda agrar munosabatlardagi o‘zgarishlar”, 07.00.01–O‘zbekiston tarixi (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqami: B2017.2.PhD/Tar136.
Ilmiy rahbar: Abdullaev Rovshan Madjidovich, tarix fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA Tarix instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa, IK raqami: O‘zR FA Tarix instituti, DSc.06.01.2018. Tar.56.01.
Rasmiy opponentlar: Musaev Nuriddin Umurzakovich, tarix fanlari doktori, professor; Mahkamova Nodira Raxmanovna, tarix fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho‘ldagi agrar munosabatlar, mazkur sohadagi an’analar va unda ro‘y bergan o‘zgarishlarni ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
XIX asr oxirida Mirzacho‘l hududidagi ilgari o‘zlashtirilmagan erlarning mustamlaka ma’muriyati mulkiga o‘tkazilishi, ularda sug‘orish tizimining yo‘lga qo‘yilishi natijasida erdan foydalanish imkoniyatining kengayganligi kabi omillar tufayli er narxlari tadrijiy ravishda oshib borganligi aniqlanib, ularning o‘zgarish dinamikasi ochib berilgan;
erdan foydalanish va unga egalik qilish masalasini nazorat etishda an’anaviy islom qonunchiligidan mustamlaka tartiblariga o‘tilishi sababli erga egalik munosabatlarini to‘liq hujjatlashtirish talab qilinganligi ko‘rsatib berilgan;
Mirzacho‘l hududidagi mahalliy chorvadorlar ilgari erkin foydalanib kelgan yaylovlarning XX asr boshlaridan mustamlaka ma’muriyati tasarrufiga o‘tishi sababli o‘z chorvalarini boqish uchun hukumatdan ruxsat olishga majbur bo‘lganliklari, erdan foydalanganliklari evaziga belgilangan miqdorda haq to‘laganliklari aniqlangan;
Mirzacho‘lga zamonaviy qishloq xo‘jalik texnikalarining kirib kelishi hamda ekin navlarining iqlimga moslashtirilgan turlari yaratilishi oqibatida ekin turlari sifatining yaxshilanishi va hosil miqdorining o‘sish ko‘rsatkichlaridagi o‘zgarishlar ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho‘lda agrar munosabatlar masalasiga doir ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
Mirzacho‘ldagi er-suvdan foydalanish, unga egalik qilish va ariqlarning ahvoliga doir hujjatlar hamda fotojamlanmalardan Sirdaryo viloyati tarixi va madaniyati muzeyi ekspozisiyalarini yaratishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining 2018 yil 14 maydagi 01-11-08-1867-son ma’lumotnomasi). Taqdim etilgan materiallar Mirzacho‘lning tarixi, dehqonchilik madaniyati va hudud irrigatsiyasining o‘ziga xos tomonlari yoritilgan fotosuratlar va arxiv manbalari asosida yangi ekspozisiyalarning yaratilishi va keng ommaga taqdim etish imkonini bergan;
1860–1917 yillarda O‘zbekiston hududida erdan foydalanish va er egaligi shakllari to‘g‘risidagi ilmiy natija va ma’lumotlaridan O‘zR FA Tarix institutida 2012–2013 yillarda bajarilgan «O‘zbekiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida (1860–1917 yillar). 1-jild» mavzusidagi innovatsion loyihaning «An’anaviy iqtisodiyotdagi o‘zgarishlar va uning mustamlaka manfaatlariga moslashtirilishi» bobini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 18 maydagi 3/1255-1292-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi XIX asr oxiri – XX asr boshlarida O‘zbekiston hududida agrar munosabatlardagi an’analar va undagi ziddiyatli o‘zgarishlarni aniqlash, ularning sabab va oqibatlarini xolisona baholashga xizmat qilgan;
Mirzacho‘l hududidagi mahalliy suv manbalari, ularning o‘ziga xos jihatlari va ariqlardan foydalanish to‘g‘risidagi xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining «Dunyo bo’ylab» telekanali orqali namoyish etilgan «Suv yoqalab» ko‘rsatuvini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi «Dunyo bo’ylab» telekanali davlat unitar korxonasining 2018 yil 9 apreldagi 08-14-188-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi teletomoshabinlarning XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Turkistondagi, jumladan, Mirzacho‘ldagi irrigatsiya tizimining o‘ziga xos jihatlari, suv inshootlarining tuzilishi va ariqlarning mavsumiy holati xususidagi tasavvurlarini boyitishga xizmat qilgan;
XIX asr oxiri – XX asr boshlarida Mirzacho‘lda agrar munosabatlar tarixiga doir ilmiy xulosalardan AQShdagi Pittsburg universiteti Tarix fakul`tetining o‘quv jarayoniga joriy qilingan. (Pittsburg universitetining 2018 yil 17 maydagi ma’lumotnomasi). Natijalarning qo‘llanilishi xorijda O‘zbekiston tarixini targ‘ib qilishga xizmat qilgan.