Ernazarov Dilmurod Zuxriddinovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «O‘zbekistonda davlat ijtimoiy siyosati samaradorligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarning roli», 23.00.02–Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar (siyosiy fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.1.PhD/Siyos13.
Ilmiy rahbar: Qo‘chqorov Vahob Xoshimovich, siyosiy fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc29.08.2017.S.01.08.
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Narzulla Qosimovich, siyosiy fanlar doktori, professor; Raxmanov A’zamjon Rejapovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent kimyo-texnologiya instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston ijtimoiy siyosatining transformatsiyasiga nodavlat notijorat tashkilotlarining ta’siri va faoliyatini funksional tanqidiy-tahliliy jihatdan o‘rganish.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ijtimoiy siyosatda nomarkazlashuv jarayonining tezlashuvi, vertikal va gorizontal munosabatlar tizimidagi progressiv o‘zgarishlar faqat axborotlashgan jamiyat sharoitida yuz berishi isbotlangan;
aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda ijtimoiy sheriklikning tripartizm shaklidan kelgusida “polipartizm” shakliga o‘tilishi hamda konsensus manfaatlar muvozanatining eng maqbul vositasi ekani ochib berilgan;
NNTning ijtimoiy innovatsiyalari davlat ijtimoiy siyosatida aholini ijtimoiy himoyalashning passiv ob’ektidan, progressiv shaxsga aylantirishi asoslangan;
ijtimoiy muhofazaning yangi tizimida ijtimoiy xizmatlar bozori segmentatsiyasining shakllanishi, ijtimoiy siyosatning liberallashuvi, jamiyatda o‘ta qashshoqlikni tugatish va kam ta’minlangan aholi sonini keskin kamaytirishi kabi o‘ziga xos xususiyatlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekistonda davlat ijtimoiy siyosati samaradorligini oshirishda nodavlat notijorat tashkilotlarining rolini oshirish yuzasidan ishlab chiqilgan amaliy taklif va tadqiqot natijalari asosida:
NNTning ijtimoiy xizmatlar sohasidagi ijtimoiy innovatsiyalarni ishlab chiqish, ularning ko‘plab vakolat, majburiyatlarga ega bo‘lishi va davlat, biznes vakillari bilan raqobat qila olishi haqidagi xulosalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi deputatlari tomonidan “Keksalar, nogironlar va aholining boshqa ijtimoiy hojatmand toifalariga ijtimoiy xizmatlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasining 2016 yil 8 noyabrdagi 04/5-05 948-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur qonun loyihasida “ijtimoiy xizmatlar” tushunchasining mazmun-mohiyatini ochib berishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi tomonidan NNT faoliyatiga volontyorlarni keng jalb qilish va ularning mehnatidan samarali foydalanish mexanizmlarini ishlab chiqish; NNTning OAV vakillari bilan hamkorligini yanada kuchaytirish; xususiy sektorning “ijtimoiy mas’uliyatini” yanada oshirish yuzasidan berilgan amaliy takliflar inobatga olindi. (O‘zbekiston Respublikasi Notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasining 2017 yil 10 noyabrdagi 04-06/390-01-son ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekistonda “volontyorlik” tushunchasini targ‘ib qilish, yoshlarni volontyorlik faoliyatiga keng jalb qilish yuzasidan amaliy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan uyushmagan yoshlar bilan ishlashni tashkil etish, ular uchun maxsus motivatsiyalarni ishlab chiqish, ularni ijtimoiy foydali mehnatga jalb qilish orqali ko‘makka muhtoj yolg‘iz keksalar, pensioner, nogironlar, imkoniyati cheklangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish hamda qo‘llab-quvvatlash borasida ilmiy asoslangan taklif va tavsiyalardan Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika Markazi tomonidan foydalanilgan (Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish o‘rganlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining 2017 yil 12 dekabrdagi 02-01/1082-son ma’lumotnomasi). Berilgan takliflar mahallalarda uyushmagan yoshlar bilan ishlashning zamonaviy mexanizmlari, usullarini ishlab chiqishga xizmat qilgan.