Raimqulov Abdisabur Azzamovichning

fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

 

I. Umumiy ma’lumotlar:

Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Janubiy Sug‘dning VIII–XIV asrlar davri tarixiy topografiyasi», 07.00.06–Arxeologiya (tarix fanlari).

Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B 2017.3.DSc/Tar88.

Ilmiy maslahatchi: Shirinov Temir, tarix fanlari doktori, professor.

Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR Fanlar akademiyasi Arxeologik tadqiqotlar instituti.

IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zR FA Arxeologik tadqiqotlar instituti, DSc.27.06.2017.Tar.45.01.

Rasmiy opponentlar: Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich, tarix fanlari doktori, professor, akademik; Kamoliddinov Shamsiddin Sirojiddinovich, tarix fanlari doktori, professor; Mavlonov O‘ktam Mahmasobirovich, tarix fanlari doktori, professor.

Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.

Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.

II. Tadqiqotning maqsadi: Janubiy Sug‘dning rivojlangan o‘rta asrlar davri va Chig‘atoy ulusi davri tarixiy topografiyasi, shahar madaniyatining qaror topishi, o‘ziga xos xususiyati, moddiy madaniyati, shaharlar, qishloqlar va sug‘orish tizimlari lokalizatsiyasi masalalarini yozma va arxeologik manbalar asosida ishlab chiqish.

III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:

Kesh (Kitob, Shahrisabz), G‘uzor va Qarshi vohalarining sun’iy sug‘orish tizimlari o‘rganilgan, yozma manbalarda tilga olingan sun’iy sug‘orish tizimlari voha bo‘ylab oqayotgan qadimiy ariqlar  bilan lokalizatsiya qilingan, ularning o‘rta asrlar davri voha shaharlari hamda qishloqlarining rivojida muhim o‘rin egallaganligi isbotlangan;

Janubiy Sug‘dning o‘rta asrlar yozma manbalarida faqat nomlari  ma’lum bo‘lgan rustoqlari (tumanlari)ning joylashgan o‘rni, tabiiy geografik chegaralari aniqlanib, maxsus xarita  ishlab chiqilgan;

Janubiy Sug‘dning yozma manbalarda tilga olingan yigirmadan ortiq o‘rta asrlar davri shaharlari, yirik qishloqlari, voha hududida joylashgan ma’lum arxeologik yodgorliklar bilan lokalizatsiya qilingan;

Janubiy Sug‘d hududi orqali  o‘tgan savdo yo‘llarining yo‘nalishlari,  Keshdan  Jom dovoni orqali Samarqandga ketgan yo‘lning aniq  yo‘nalishi, bu yo‘lda joylashgan aholi manzillari aniqlangan, savdo yo‘llarining maxsus xaritasi ishlab chiqilgan, Janubiy Sug‘d shaharlarining shakllanishi va rivojlanishiga savdo yo‘llarining ahamiyati asoslab  berilgan;

Chig‘atoy ulusi davri shaharlari va qishloqlari qurilishi o‘rganilgan, bu davrda butunlay yangi tipdagi shaharlar va qishloqlar shakllanganligi asoslangan, shaharlarning tarixiy topografiyasi, me’morchiligi va moddiy madaniyati  tadqiq  etilgan.

IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.

Janubiy Sug‘dning VIII–XIV asrlar davri tarixiy topografiyasi ustida olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:

Shahrisabz shahrining Qoraxoniylar davrida paydo bo‘lishi va Xorazmshohlar davrida mudofaa devorlari bilan o‘rab olinganligi to‘g‘risidagi xulosalardan Tarix institutda bajarilgan “Movarounnahr – Amir Temur davlatining siyosiy, iqtisodiy va madaniy markazi sifatida (ashyoviy va yozma manbalar asosida)” (2015–2017 yy.) mavzuidagi amaliy loyihada foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2018 yil 12 oktyabrdagi 3/1255-2700-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘lkamizning eng qadimiy shaharlaridan biri Kesh-Shahrisabzning o‘rta asr qishlog‘i o‘rnida paydo bo‘lganligi, uning shaharga aylanishi jarayoni arxeologik manbalar asosida ilmiy asoslab berilgan;

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2011 yil 6 apreldagi PQ-1516-sonli “O‘zbekiston mustaqilligining yigirma yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan “O‘zbekistonning arxeologik yodgorliklari katalogini tuzish” vazifasini bajarish borasida ikkita katalog (O‘zbekistonning arxeologik yodgorliklari katalogi. 5 tom. Qashqadaryo viloyati. 1-qism. Yakkabog‘ tumani”. Samarqand, 2013; “O‘zbekistonning  arxeologik  yodgorliklari katalogi. 5 tom. Qashqadaryo viloyati. 2-qism. Shahrisabz tumani”. Samarqand, 2014”) nashr etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros ob’ektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining 2018 yil 24 senyabrdagi 01-01/749-son ma’lumotnomasi). Ushbu kataloglar nafaqat ilmiy tadqiqotlarni samarali olib borishga, shu bilan birga  yodgorliklarni kadastr qilish va uning muhofaza hududini belgilash hamda ularning monitoringini olib borish imkonini bergan;

dissertatsiya tadqiqoti natijalari va ilmiy xulosalaridan Qashqadaryo viloyati o‘lkani o‘rganish muzeyi va Amir Temur nomidagi Shahrisabz shahar moddiy madaniyat tarixi muzeylarida o‘rta asrlar shaharlariga oid ekspozisiyalarini yaratilishida keng foydalanilgan (Madaniyat vazirligining 2018 yil 11 iyuldagi 01-11-08-4780-son ma’lumotnomasi). Bunda natijalarning qo‘llanilishi Qashqadaryo vohasining o‘rta asrlar tarixiy topografiyasi, shaharsozlik madaniyati hamda aholining turmush tarzi haqida muzeyga tashrif buyuruvchilarga zarur ma’lumotlarni berishda xizmat qilgan;

Qashqadaryo viloyati televideniyasi tomonidan Erqo‘rg‘on, Shulluktepa, Zanjir Saroy, Subax, Shahrisabz kabi qadimiy shaharlarda o‘tkazilgan arxeologik ishlar haqida ko‘rsatuvlar tayyorlanib, Qashqadaryo telekanali orqali namoyish etilgan (Qashqadaryo viloyati teleradiokompaniyasining 2018 yil 9 oktyabrdagi 12-15-14-153-son ma’lumotnomasi). Natijada bu O‘zbekiston tarixining o‘rta asrlar davri moddiy va ma’naviy madaniyatini targ‘ib qilishda, uning haqida yangi tarixiy ko‘rsatuvlar tayyorlashda ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish