Ibragimov Axrorjon Valijonovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Chaqaloqlarda va ko‘krak yoshdagi bolalarda tug‘ma qisman ichak tutilishini tashxislash va davolash taktikasini tanlash», 14.00.35 – Bolalar xirurgiyasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Tib3424.
Ilmiy raxbar: Sattarov Jamoliddin Baxronovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bolalar milliy tibbiyot markazida, DSc.04/01.02.2022.Tib.147.01.
Rasmiy opponentlar: Akilov Habibulla Ataullaevich, tibbiyot fanlari doktori, professor, Agzamxodjaev Saidanvar Talatovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi: chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda tug‘ma qisman ichak tutilishi TQIT tashxisini takomillashtirish va jarrohlik usulini tanlash asosida davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
homilada TQIT rivojlanishining prenatal xavf omillari va homiladorlik jarayonining xususiyatlari, boshqa tug‘ma rivojlanish nuqsonlari tarkibida ushbu nuqsonning uchrash darajasi aniqlangan;
poligidroamnioz homilada TQITning rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan va ichak nuqsonlarini istisno qilish uchun chaqaloqni majburiy tug‘ruqdan keyingi erta tekshiruvdan o‘tkazishni talab qiladigan eng muhim va oson aniqlanadigan exografik belgi ekanligi isbotlangan;
chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda TQITning anatomik shakllari va ularning klinik kechishi xususiyatlari tizimlashtirilgan; TQITning alohida shakllari uchun axborotli tashxislash usullari aniqlangan va tashxislash algoritmi ishlab chiqilgan;
chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda TQITni davolash natijalarini og‘irlashtiradigan hamroh nuqsonlar va somatik kasalliklarning salmog‘i hamda ularning xususiyatlarini inobatga olgan holda an’anaviy jarrohlik usullariga nisbatan videolaparoskopiya jarrohligining afzalliklari va samaradorligi ilmiy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy-texnika kengashining 2024 yil 26 noyabrdagi 09/36-sonli xulosasiga asosan:
birinchi ilmiy yangilik: TQIT rivojlanishining prenatal xavf omillari, homiladorlik jarayoni xususiyatlari hamda tug‘ma rivojlanish nuqsonlari tarkibida ushbu nuqsonning uchrash darajasi ilmiy asosda aniqlangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: homilador ayollarda mavjud xavf omillarini erta aniqlash orqali TQITni prenatal tashxislash usullari optimallashtirilgan. Bu, o‘z navbatida, ushbu rivojlanish nuqsonining eng muhim prenatal belgilari aniqlanishiga imkon bergan. Ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan prenatal tashxis usullari dasturi sog‘liqni saqlash tizimi amaliyotiga joriy etilgan. Jumladan, ushbu usul: Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 17.09.2024 yildagi №108-sonli buyrug‘i; Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filialining 16.09.2024 yildagi №4-sonli buyrug‘i asosida xirurgiya bo‘limlari amaliyotida joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: homilador ayollarda xavf omillarini aniqlash tashxislash jarayonining yuqori prognostik ahamiyatiga ega. Shuningdek, perinatal davrda homiladorlik va homilada kuzatilgan xavf omillari hamda o‘tkazilgan medikamentoz davolash TQIT rivojlanishiga bevosita yoki bilvosita ta’sir ko‘rsatadi. Intranatal davrdagi salbiy omillar, masalan, gipoksiya va asfiksiya kuchayishi, chaqaloqning moslashuvchanlik holatlarini pasaytirib, kasallikning og‘ir kechishi va ikkilamchi asoratlarni rivojlantirishiga olib kelishi mumkin. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: tashxislash bosqichida asosiy guruhdagi bir nafar bemor uchun xarajatlar o‘rtacha 373473 so‘m tashkil etgan bo‘lsa, taqqoslash guruhida bu ko‘rsatkich 995812 so‘m tashkil etgan. Shu tariqa, asosiy guruhdagi bir nafar bemor uchun iqtisodiy samaradorlik – 622338 so‘m tejash imkonini bergan. Xulosa: homilador ayollarda xavf omillarini aniqlash uchun ishlab chiqilgan tekshiruv usullari homilada bir yoki bir nechta xavf omillarini hamda o‘tkazilgan medikamentoz davolashning salbiy ta’siri homilada TQITning rivojlanishida bevosita yoki bilvosita sabab bo‘lishini aniqlash imkonini bergan. Shu bilan birga, mazkur tekshiruv natijalari postnatal davrda maqsadli tekshirish usullarini qo‘llash zarurligini belgilab bergan. Ilmiy yangilikning keng qo‘llanilishi: rivojlanish nuqsonlari mavjud bo‘lgan bolalarni tuqqan ayollar uchun xavf guruhlarini aniqlash va keyingi homiladorlikka tayyorlash uchun homilador bo‘lmagan davrda tekshiruv algoritmi ishlab chiqilgan. Ushbu algoritmni shifoxonalarda qo‘llash va tibbiyot xodimlarini o‘qitib malakasini oshirish tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
ikkinchi ilmiy yangilik: poligidroamnioz – homilada TQIT rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lib, ichak nuqsonlarini istisno qilish uchun chaqaloqni majburiy tug‘ruqdan keyingi erta tekshiruvdan o‘tkazishni talab qiladigan eng muhim va oson aniqlanadigan exografik belgi ekanligi isbotlangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: ishlab chiqilgan usul orqali TQITni erta aniqlash samaradorligi oshirildi. Bu esa postnatal tashxislash jarayonini yaxshilash, nuqson bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni shifoxonalararo tashish jarayonini samarali tashkil qilish va davolash taktikasiga o‘z vaqtida kirishish imkonini bergan. Ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan antenatal tashxislash algoritmi sog‘liqni saqlash amaliyotiga joriy etilgan. Ushbu algoritm: Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 17.09.2024 yildagi №108-sonli buyrug‘i; Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Surxondaryo viloyati filialining 16.09.2024 yildagi №4-sonli buyrug‘i asosida xirurgiya bo‘limlari amaliyotiga joriy qilingan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: prenatal tekshiruv usullari homilada tug‘ma ichak nuqsonlari va boshqa uyg‘unlashgan anomaliyalarni aniqlash imkonini bergan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: ishlab chiqilgan antenatal tashxislash algoritmi dasturini amalda qo‘llash bemorning shifoxonada yotib davolanish muddatini qisqartirib, har bir bemor uchun davlat byudjetidan o‘rtacha 622338 so‘m mablag‘ni tejash imkonini bergan. Xulosa: poligidroamnioz, ichak qovuzloqlarining mahalliy kengayishi va ichak malrotatsiyasi bilan bog‘liq hollarda dopler tekshiruvi orqali "girdob" belgisini aniqlash xarakterli hisoblanadi. Shu bilan birga, ushbu tekshiruv natijalari postnatal davrda maqsadli tekshiruv usullarini qo‘llash zarurligini belgilab bergan. Postnatal davrda kontrastli rentgen tekshiruvida ichak evakuatsiyasining sekinlashishi, uning proksimal qismining kengayishi, shuningdek, irrigografiyada noto‘liq rotatsiya belgilari nafaqat TQIT mavjudligini, balki uning ichak malrotatsiyasi asosida rivojlanganini ham ko‘rsatgan. Ilmiy yangilikning keng qo‘llanilishi: TQIT bo‘yicha ishlab chiqilgan prenatal va postnatal tashxislash algoritmlari kasallikni erta aniqlash, asoratlarning oldini olish hamda tegishli davolash taktikasini ishlab chiqishga xizmat qilgan.
uchinchi ilmiy yangilik: chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda TQIT anatomik shakllari va ularning klinik kechishi xususiyatlari tizimlashtirildi. TQITning alohida shakllari uchun samarali tashxis qo‘yish usullari aniqlanib, tashxislash algoritmi ishlab chiqilgan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: TQIT bilan kasallangan bolalarni tekshirish jarayonida o‘tkir jarrohlik patologiyasini istisno qilish, kasallik sabablarini aniqlash va qorin bo‘shlig‘i a’zolarining boshqa kasalliklari bilan qiyosiy tashxis o‘tkazish jarayonlari o‘rganilgan. Taklif qilingan tashxislash algoritmlari ushbu muammolarni samarali hal qilish imkonini bergan. Ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: tadqiqot doirasida ishlab chiqilgan antenatal va postnatal tashxislash algoritmlari Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 17 sentyabrdagi №108 buyrug‘i va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Surxondaryo viloyati filialining 2024 yil 16 sentyabrdagi №4 buyrug‘i asosida xirurgiya bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: ishlab chiqilgan tashxislash algoritmlari va EHM dasturlari tashxislash jarayonini soddalashtirish va optimal davolash taktikasi tanlash imkonini bergan. Shuningdek, mazkur algoritmlar chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda TQIT sabablarini aniqlash hamda qorin bo‘shlig‘i a’zolarining boshqa kasalliklari bilan qiyosiy tashxis o‘tkazish imkoniyatini yaratdi. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: asosiy guruhda tavsiya etilgan algoritm va dasturlarning tashxislash samaradorligi o‘rtacha 73,21±5,92% dan 97,01±2,08% ga oshgan. Taqqoslash va asosiy guruhlardagi solishtiruv tahlillari natijasida obstruksiyaning joylashuvini aniqlash darajasi 85,71±4,68% dan 97,01±2,08% ga, kasallikni tashxislash ko‘rsatkichi 78,57±5,48% dan 92,54±3,21% ga va anatomik shaklni aniqlash samaradorligi 73,21±5,92% dan 83,58±4,53% ga oshganligi qayd etilgan. Xulosa: TQITga xos anatomik komponentlarni tizimlashtirish chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda ichak burilishlari va fiksatsiyalarining alohida anatomik shakllarini aniqlash imkonini bergan. Bu esa tegishli jarrohlik yondashuvlarini tanlash va jarrohlikdan keyingi asoratlarni kamaytirish imkoniyatini yaratgan. Ilmiy yangilikning keng qo‘llanilishi: TQITga oid ishlab chiqilgan prenatal va postnatal tashxis algoritmlari kasallikni erta aniqlash, asoratlarning oldini olish va maqsadga muvofiq davolash taktikasini tanlash imkonini yaratgan.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda TQITni davolash natijalarini og‘irlashtiradigan hamroh nuqsonlar va somatik kasalliklarning salmog‘i hamda ularning xususiyatlari o‘rganilgan. Shuningdek, an’anaviy jarrohlik usullariga nisbatan videolaparoskopiya jarrohligining afzalliklari va samaradorligi ilmiy jihatdan asoslangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: TQIT holatlari 76,4% da alohida yakka nuqson sifatida, 23,6% da esa hamroh kasalliklar shaklida kuzatilgan. Hamroh kasalliklar orasida 16,3% qo‘shma anomaliyalar, 7,3% esa ko‘plab nuqsonlar sifatida qayd etilgan. Jarrohlik amaliyoti davomida mazkur kasalliklarni maqsadli ravishda izlash va tegishli simultan aralashuvlar o‘tkazish zarurligi asoslangan. TQIT va hamroh kasalliklarga muvofiq ravishda taklif etilgan jarrohlik-taktik yondashuvlar davolashning samaradorligini oshirishga imkon yaratgan. Ilmiy yangilikning amaliyotga joriy qilinishi: tadqiqot natijalari asosida ishlab chiqilgan yondashuvlar Surxondaryo viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024 yil 17 sentyabrdagi №108 buyrug‘i va Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Surxondaryo viloyati filialining 2024 yil 16 sentyabrdagi №4 buyrug‘i asosida xirurgiya bo‘limlari amaliyotiga joriy etilgan. Ilmiy yangilikning ijtimoiy samaradorligi: taklif etilgan jarrohlik-taktik yondashuvlarning qo‘llanilishi natijasida tadqiqotdagi asosiy va taqqoslash guruhlar solishtirilganda jarrohlikdan keyingi asoratlarning 19,64% dan 7,46% gacha kamayganligi, o‘lim holatining 3,6% dan 0% gacha qisqarganligi qayd etilgan. Davolashning yaxshi natijalarining esa 77,55% dan 96,82% gacha oshganligi, qoniqarsiz natijalarning 22,45% dan 3,17% gacha kamayganligi qayd etildi. Ushbu natijalar videolaparoskopiya jarrohligining an’anaviy jarrohlik usullariga nisbatan afzalliklarini tasdiqlangan. Ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: asosiy guruhda kasalxonada o‘tkazilgan yotoq kunlarining o‘rtacha ko‘rsatkichi 12,37±0,29 kunni tashkil etgan bo‘lsa, taqqoslash guruhida bu ko‘rsatkich 16,88±0,54 kunni tashkil etgan. Kasalxonada bir bemorning 1 yotoq-kuni uchun davolanish xarajati 423000 so‘mni tashkil qilgan. Asosiy guruhdagi bemorlarning kasalxonada umumiy davolanish xarajatlari o‘rtacha 12,37 × 423000 = 5232510 so‘m, taqqoslash guruhida esa 16,88 × 423000 = 7140240 so‘mdan iborat bo‘ldi. Bundan ma’lum bo‘ladiki, asosiy guruhdagi har bir bemor uchun iqtisodiy samaradorlik o‘rtacha 1907730 so‘m mablag‘ni tejash bilan isbotlangan. Xulosa: TQITga xos anatomik komponentlarni tizimlashtirish chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda ichak burilishlari va fiksatsiyalarining alohida anatomik shakllarini aniqlash imkonini bergan. Bu esa tegishli jarrohlik yondashuvlarini tanlash va jarrohlikdan keyingi asoratlarni kamaytirishda samarali echim bo‘lgan. Ilmiy yangilikning keng qo‘llanilishi: TQIT erta tashxislash va optimal jarrohlik taktikasini tanlash maqsadida yangi algoritmlar ishlab chiqilgan. Ushbu algoritmlar homiladorlikning dastlabki bosqichlarida va tug‘ilgandan keyin TQITni aniqlash imkonini yaratib, tug‘ruqdan oldingi va keyingi davrlardagi hamroh anomaliyalarni hisobga olgan holda, davolashning eng samarali usulini tanlashga yordam bergan. TQITni tashxislash va jarrohlik davolash usullarini takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi ilmiy takliflar tibbiyotning turli sohalarida, xususan, amaliy sog‘liqni saqlashda va ta’lim jarayonida qo‘llanilishi mumkin. Mazkur yondashuvlar bolalar jarrohligi va neonatologiya bo‘limlarining klinik amaliyotida keng joriy etilishi mumkin bo‘lib, ular kasallikni erta aniqlash, asoratlarning oldini olish va samarali jarrohlik davolashni ta’minlangan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish